Britaniya: ukrainalik talaba keksa musulmonning o‘limida ayblanmoqda

Image copyright PA
Image caption Muhammad Salim masjiddan chiqqan payti pichoqlangan

Britaniyada markaziy Birmingem shahrida keksa musulmon kishini o‘ldirganlikda ayblangan ukrainalik talaba ustidan mahkama boshlangan.

82 yoshli Muhammad Salim shu yil aprelida namozdan so‘ng masjiddan chiqib, uyiga borayotgan payt pichoqlangan edi.

Politsiyaning aytishicha, gumondor- Pavel Lapshin Angliyaning markaziy shaharlaridagi masjidlar yaqinida yuz bergan portlashlar yuzasidan ham so‘roqqa tutilmoqda.

Dnepropetrovsklik talaba Pavel Lapshin Londondagi Vestminister magistrat mahkamasida hozir bo‘lgan.

Mahkama jarayonini kuzatgan BBC Rus xizmati xodimi Yuriy Juravelning aytishicha, Lapshin hech narsa gapirmagan va faqat o‘z ismi-sharifi hamda tug‘ilgan sanasini tasdiqlagan, xolos.

Mahkama terrorizmda ham ayblanayotgan Lapshinni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

"Terrorizmga aloqador"

Britaniya politsiyasi Birmingemdagi qotillikni terrorizmga aloqador, deya tasvirlagan.

Lapshinga nisbatan shu yilning 24 aprel va 18 iyul kunlari terrorchilik amalarini sodir etishga urinish ayblari ham e‘lon qilingan.

Gumondor portlovchi modda yasash uchun batareya, konteyner hamda soat sotib olgani aytilgan.

Lapshin o‘z nishonini topish uchun Uest-Midlendsga safar qilish, internet orqali kimyoviy moddalarni sotib olish va mobil telefonini portlovchi modda bilan birga ishlatish uchun moslashtirganlikda ayblanadi.

Jinoyatga undagan sabablar ma‘lum emas.

Pavel Lapshin talabalar o‘rtasidagi tanlovda g‘olib chiqib, Birmingemdagi Delcam shirkatiga malaka oshirish uchun yuborilgan.

Shirkatning aytishicha, 25 yoshli ukrainalik talaba Ovro‘po Ittifoqi loyihasi doirasidagi malaka oshirishni 24 aprelda boshlagan, 22 yoshli ukrainalik esa 1 iyundan shirkatga kelgan.

Lapshin bilan birga hibsga olingan 22 yoshli ukrainalik yakshanba kuni aybsiz ozod etilgang va hozirda tergov bilan hamkorlik qilayotgani aytiladi.

Delcam ijrochi direktori Klayv Martell talabalarning hibsga olingani haqidagi xabar shirkatning barcha xodimlarini "dahshatga solgani"ni aytgan.

Ayni paytda Britaniyadagi ukrainaliklar Ittifoqi o‘zining Facebook dagi sahifasida ukrainaliklarning hibsga olinishidan larzaga tushganini bildirgan.

Muhammad Salim 29 aprel kuni Birmingemning Grin-Leyn ko‘chasidagi masjiddan chiqqan payt orqasidan pichoqlangan.

Uning janozasi 13 iyul kuni bo‘lib o‘tgan.

Qayta sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilishi sabab janoza bir necha marta kechiktirilgan.

Britaniya Statistika vazirligiga ko‘ra, Birmingem aholisining 22 foizini musulmonlar tashkil etadi.