"Hokim onamni haqoratlab qornimga tepdi"

BBC Namangan viloyati hokimi o‘rinbosarining zo‘ravonligidan prokuraturaga murojaat qilgan Kosonsoy tumanidagi "Zafar Muhammadjon chorvasi" fermerlik xo‘jaligi rahbari Muhammadjon Rahimov bilan suhbatlashdi.

Muhammadjon Rahimovning aytishicha, hodisa shu yil 10 iyul kuni Kosonsoy tumanidagi majlisda yuz bergan.

O‘sha kuni butun dunyoda bo‘lgani singari o‘zbekistonliklar ham muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani sababli birinchi kun ro‘za tutganlar.

"Zafar Muhammadjon chorvasi" fermerlik xo‘jaligi rahbari Muhammadjon Rahimovning BBCga aytishicha, Namangan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O‘ktamjon Ergashev Kosonsoy tumanidagi majlisda birinchi bo‘lib suv xo‘jaligi boshqarmasini turg‘azgan va uni so‘kib haqoratlagan.

Shundan so‘ng navbat mahalliy sanepidstantsiya boshlig‘iga kelgan.

Uni ham haqoratlagan viloyat hokimi muovini Muhammadjon Rahimovni turg‘azgan.

"Men 4 tonna kam bug‘doy topshirgan edim. Bajarasan, dedi. Men Xudo xohlasa, bugun-ertaga bajaraman, desam, Yo‘q shu bugun bajarasan, deb so‘kinib ketdi", deydi Muhammadjon Rahimov.

"Men ro‘zaning yaxshi kunlarida so‘kmang, dedim. Mening ismim Muhammad, meni so‘kmang, yaqinda onam o‘tganlar, meni so‘kmang, dedim. Shundan keyin tribunadan tushib kelib urib ketdi", dedi kosonsoylik fermer.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi