Qirg‘izistondagi avtohalokatda 10 kishi vafot etgan

Image copyright ILNA

Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida yo‘lovchi avtobusining daraxtga borib urilishi oqibatida o‘n kishi hayotdan ko‘z yumdi, deb xabar beradi mamlakat Favqulodda Vaziyatlar vazirligi.

"Issiqko‘lning Jeti-O‘g‘uz tumanida Baliqchi-Qorako‘l shoh ko‘chasida sodir bo‘lgan yo‘l harakati hodisasida 10 kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi yaralandi", deb aytgan FVV matbuot xizmati vakili.

Guvohlarga ko‘ra, 23 iyul kuni soat 16 larda mikroavtobus haydovchisi mashinani boshqara olmay yo‘l chekkasiga chiqib ketgan va daraxtga borib urilgan.

Hodisa yuz bergan joyda qutqaruvchilar, militsiya va yo‘l xizmati xodimlari ishlayotgani xabar qilinadi.

Avtobus haydovchisi yaralanganlar qatori kasalxonaga olib ketilgan.