Muxlislar Mirjalol Qosimovdan norozimi yo Mirabror Usmonovdan?

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaganligi futbolga oid Internet sahifalarida keskin chiqishlarga va murabbiy iste‘fosini so‘rashga sabab bo‘lgan. Kuzatuvchilar bundan tashqari O‘zbek futbolining sifati yildan-yilga pasayib ketayotganini ham aytishadi. BBCga maktub yo‘llagan o‘zbekistonlik jurnalist muammolarni tilga olarkan, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi keskin o‘zgarishlarga muhtoj ekanligini yozadi.

Braziliyada bo‘ladigan Jahon Chempionati saralashi, guruhdagi so‘nggi o‘yin. O‘zbekiston yangi qurib bitkazilgan "Bunyodkor" stadionida Qatarni 5-1 yutayapti. Ta‘bir joiz bo‘lsa, saralashdagi eng hujumkor va sermahsul o‘yinni o‘tkazayapti. O‘yinning so‘nggi daqiqalari, stadiondagilar jonsarak. Guruhdagi ikkinchi o‘yin – Janubiy Koreya-Eron hisobini bilib bo‘lmayapti. 35 ming odamning birdan telefonga yopishganini aloqa shirkati uskunalari ko‘tarolmay, aloqa "o‘tirib" qolgan. Bizni narigi o‘yindagi durang ham qoniqtiradi.

O‘yin tugadi. Futbolchilar stadion bo‘ylab yugurmayapti. Terma jamoa bosh murabbisyi Mirjalol Qosimovning o‘rindiqda shalvirab o‘tirib qolganidan, yirik hisobdagi g‘alaba ham bizni Jahon chempionatiga olib chiqolmaganini bilsa bo‘lardi.

Eron Koreyada raqibini 1:0 hisobida yutdi va haqli ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreya mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, bir tur oldin o‘z maydonida O‘zbekistonni yutgani uchun to‘plar nisbati bo‘yicha u ham chiqib ketdi.

Hali bunchalik yaqin kelmagan edik. Ikkinchi guruhdan Iordaniyadan o‘tsak, Janubiy Amerika qit‘asidan katta ehtimol bilan Urugvay bilan kurashish imkonimiz bor. Ammo bu jamolardan o‘tishimizga endi ko‘pchilik ishonmaydi.

Ikki tur oldin guruhda birinchi o‘rinda ketayotganimizda, futbol muxlislarining ko‘pchiligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishimizga ishonishgandi.

Stadiondan chiqamiz, umrimizda ko‘rmagan odamlarimiz bilan ham o‘yinni ma‘lum joygacha muhokama qilib boramiz. Yo‘limiz ayrilganidan keyin, boshqa birovlar kelib qo‘shiladi. Kimdir Koreyani hattoki durang o‘ynolmaganlikda ayblasa, yana kimdir ishni oldingi o‘yinda hal qilolmagan murabbiyu-o‘yinchilarni so‘kadi.

Stadionda boshlangan ushbu tortishuvlar keyinchalik futbol saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Ayniqsa, stadion.uz saytida bir vaqtning o‘zida intervyu bergan futbol mutaxassislari va jurnalistlarning ko‘pchiligi muvafaqqiyatsizlikda bosh murabbiy Mirjalol Qosimovni aybladi va uning iste‘fosi to‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Jurnalistlar, "biz federatsiya rahbari Mirabror Usmonovdan rozimiz, u kishi ishini to‘g‘ri bajarayapti. Mirjalol ketsin", degani bilan ushbu noroziliklarning zamirida shaxsan federatsiya rahbarlaridan qoniqmaslik yotardi.

Chunki 2010 yilning aprel oyida qisqa muddat bosh murabbiylikdan keyin O‘zbekiston Futbol federatsiyasi Mirjalol Qosimovni lavozimidan olib, uning o‘rniga Vadim Abramovni tayinlagandi.

Oradan ikki yil o‘tdi. Bu vaqtning ichida Abramov boshchiligidagi terma jamoa Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida munosib ishtirok etib kuchli to‘rtlikka kirdi. Jahon chempionatining 3 bosqichida, kimsan Yaponiya va Shimoliy Koreyalarni ortda qoldirib birinchi o‘rinda guruhdan chiqdi. Ammo saralashning 4 bosqichidagi ilk o‘yinida O‘zbekistonning 90 daqiqalik hujumi samara bermadi va qo‘shib berilgan daqiqalarda Eronning qarshi hujumi gol bilan yakunlandi.

Birgina mag‘lubiyat Abramovning terma jamoa murabbiyligidan ketishga va o‘rniga muvafaqqiyatsizligi uchun atigi ikki yil oldin haydalgan Qosimovning kelishiga sabab bo‘ldi. Ushbu qarorlarning hammasini federatsiya oldi. Qosimov ham askar sifatida, federatsiyaning talabini bajardi va o‘z foydasini unutmagan holda terma jamoani boshqarishga rozi bo‘ldi. Ya‘ni Qosimov "Bunyodkor"dagi vazifasini ham birgalikda bajarishda davom etaverdi. O‘shanda futbol muxlislari federatsiyaning ushbu qaroriga tushunolmagandi.

Endi ma‘lum bo‘lishicha, Qosimovning oldiga jamoani to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga olib chiqish majburiyati qo‘yilmagan ekan. Bu haqda "Sport" kanalining "Futbol sharhi"da Futbol federatsiyasi rahbari Mirabror Usmonovning o‘zi aytdi.

Mohiyatiga qarasangiz, federatsiya rahbariyatining o‘zi ham jahon chempionatiga chiqishga ishonmagan va muxlislarning ko‘zini bo‘yash uchun Qosimovni yana ushbu o‘ringa olib kelgan. Birgina murabbiy bilan bog‘liq mashmashalar o‘zbek futbolining orqaga ketayotganidanini ko‘rsatmaydi. Boshqa omillar ham borki, rivojlanayotgandek ko‘rinayotgan o‘zbek futboli aslida botqoqqa botayotganini ko‘rsatadi.

Oliy ligaga chiqmaslik uchun o‘ynaydigan birinchi liga klublari va zerikarli oliy liga

Image caption Janob Usmonov jurnalistlarni tanqid qilgan, biroq konstruktiv va asosli tanqidga quloq tutishga va‘da bergan

Birovga aytsang ishonmaydi. Aslida O‘zbekistonda birinchi liga Oliy ligaga chiqish uchun saralash bosqichini o‘tashi va kuchlilar yanada shiddatli va raqobat kuchli bo‘lgan ligada to‘p surish uchun kurashishi kerak. Ammo mablag‘ning yo‘qligi, hattoki stadionlarning talabga javob bermasligi bois birinchi ligadagi aksar jamoalar quyi ligada o‘ynab yurishga mahkum.

Jizzaxning Do‘stlik tumanidagi "Do‘stlik-2008" jamoasi tashkil topgan yili barcha to‘siqlarni yengib Oliy ligaga chiqdi. Ammo mablag‘, stadion va yana bir qancha muammolar sabab klub kuchlilar safida o‘yinni davom ettira olmadi. Keyinchalik umuman yo‘q bo‘lib ketdi. Bunday misollar O‘zbekistonda tez tez uchrab turadi.

O‘yinlardagi kelishuvlar, natijalarning oldindan ma‘lum bo‘lishi kabi holatlar o‘zbek futbolidagi shiddat va sifatga salbiy ta‘sir qildi. Bularning hammasi muxlislarning stadiondan bezishiga olib keldi.

Bir vaqtlar stadionlar to‘lib toshgan bo‘lsa endi, birinchi o‘rin uchun kurashayotgan jamoalarning o‘yiniga 4 ming atrofida tomoshabin kiradi. Oliy liga klublari o‘yinni bo‘m-bo‘sh stadionda o‘tkazishga ko‘nikib ham qoldi. Dalda berib turuvchi muxlis bo‘lmaganidan keyin, futbolchilar ham istar-istamas to‘pga tashlanadi. Ularni ko‘rib yugurayapti, deb o‘ylamaysan. Shunchaki yo‘rg‘alayotgan futbolchiga o‘xshaydi. Natijada, bir vaqtlar Ovro‘padan qiziqish bo‘lgan o‘zbek futbolchilariga hattoki Rossiya va Ukrainda ham qiziqish so‘nib ketgan.

Rossiyalik taniqli agent Oleg Malejik uff.uz saytiga bergan intervyusida buni quyidagicha izohlaydi: "O‘zbek futbolchilari saviyasini olaylik. Keskin fikr bildirishimga xafa bo‘lmaysiz, degan umiddaman. Misol uchun, o‘tgan mavsumda autsayder "Alaniya"da ham mustahkam o‘rin egallay olmagan Sanjar Tursunov sizlarda 2012 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bundan o‘zingiz tegishli xulosa chiqarib olavering".

Noto‘g‘ri olib borilgan boshqaruv tufayli o‘zbek klublari bugunga kelib hokimiyat yoki boy tashkilotlarning boqimandasiga aylanib qolgan. Natija bo‘lsa-bo‘lmasa, agar hokim himmat ko‘rsatsa pulini oladi, agar hokimiyatning cho‘ntagining tagi ko‘rinib qolgan bo‘lsa, oylab va hatto yillab maoshlari va mukofat pullarini ololmay yuraverishadi.

Futboldagi marketing, o‘zini-o‘zi ta‘minlash kabi xislatlar aksar klublar uchun umuman begona atamalar. Chunki tizim shunday qurilgan. Futbol muxlislar uchun emas, balki xo‘ja ko‘rsin uchun o‘ynaladi.

Garchi FIFA va OFK qoidalariga zid bo‘lsa ham O‘zbekistonda futbol sohasiga hukumatning aralashuvi qattiq seziladi. Millionlar o‘yini siyosiy o‘yinchoqqa aylanib qolganday.

Professional klublarni hokimiyat, ya‘ni davlat byudjetidan, odamlarning solig‘idan ta‘minlash kamdan-kam kuzatiladi. O‘zbekistondagi aksar klublar esa xalq mablag‘i evaziga tirik, lekin stadionlar bo‘m bo‘sh.

Bu gaplar esa o‘zbek matbuotida yozilmaydi. Jurnalistlar futbolning shunday ahvolga kelib qolishida O‘FF rahbarining ham hissasi katta ekanligini bilib tursalar ham, aybni terma jamoa murabbiysiga, futbolchilarning ustidagi sifatsiz tikilgan kiyimlarga va yaxshi undirilmagan chimga to‘nkashdan boshqa ilojlari yo‘q.

O‘zbekistonda futbol sohasi rivojlanishi va muxlislarning stadionga qaytishi, futbolchilarning sifatli futbol namoyish etishi uchun O‘FF da kardinal o‘zgarishlar amalga oshirilishi kerak. Ammo 2006 yildan beri federatsiyani boshqarayotgan senator Mirabror Usmonov bu o‘zgarishlarni amalga oshira oladigan shaxsga o‘xshamaydi.

Federatsiya rahbari o‘z vazifasini bajarishning o‘rniga Sport telekanalidagi "Futbol sharhi" da chiqish qilib, bosh murabbiy va hakamni tanqid qilgan jurnalistlarni nomma-nom aytib, ularni mahmadanalik, noinsoflik va benomuslikda aybladi.

Vazifasini bajara olmagan Mirabror Usmonov iste‘foga chiqishi va uning o‘rniga ochiq saylovlar asosida yangi rahbar kelishi lozim. Nomzodlar futbolning rivojlanish dasturini taqdim qilishi va saylanganidan keyin ushbu dastur bo‘yicha hisobot berib borishi shart.

Eng muhimi hukumatning futbolga aralashuvini cheklash kerak. Ana shunda jahon chempionatlariga chiqish odatga aylanadi va chiqqan jamoalarimizdagi futbolchilarimizning to‘pni bir-birlariga aniq oshira olmasligidan uyalib o‘tirmaymiz. Muhimi stadionlarga muxlislar qaytadi.