Dog‘istonda ikki o‘zbek o‘g‘irlab ketilgani ishoniladi

Image copyright Getty
Image caption Dog‘iston hukumati avj olib borayotgan diniy ekstremizga qarshi kurashib keladi, biroq O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olinmagan

Rossiyaning "Memorial" inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkiloti da‘vo qilishicha, Dog‘istonda ikki O‘zbekiston fuqarosi o‘g‘irlab ketilgan.

Qashqadaryoda tug‘ilib o‘sgan aka-ukalar - 30 yoshli Jasurbek Fozilov va 23 yoshli Alisher Fozilovlar Dog‘iston poytaxti Maxachkalaning Kirovskiy tumanida o‘n kun avval g‘oyib bo‘lganlar.

Ularning yaqinlari ikkovlonning maxfiy xizmatlar tomonidan o‘g‘irlab ketilganiga ishonadilar. Aka-uka Fozilovlarning ismi-sharifi O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan Rossiyaga yuborilgan hujjatlarda bo‘lgan.

Alisherning Rossiya fuqaroligiga ega rafiqasi Jamulat Najmuddinovaning bildirishicha, aka-ukalar 13 iyulda ertalab Maxachkala chekkasidagi uyning tomini yopish uchun ishga ketganlaricha, qaytib kelmaganlar.

Telefon aloqasi uzilgan, kechqurun esa ikkovlonga tegishli mashina yo‘l chetidan topilgan. Mashina kaliti mashina ichida qolgan, aka-ukaga tegishli hujjatlar esa g‘oyib bo‘lgan.

"Memorial"ning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vitaliy Ponomaryovning BBCga aytishicha, ikkovlonning aybini Rossiya qonunchiligi doirasida isbotlash imkonsiz bo‘lgani uchun ular o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishlari mumkin.

"Memorial" tanishib chiqqan hujjatlarga ko‘ra, o‘tgan yil iyunida Qashqadaryo Ichki Ishlar bo‘linmasi Alisher va Jasurbekka qarshi jinoiy ish ochgan.

Ular 2009-2012 yillarda Dog‘istonda ishlayotgan qator o‘zbekistonlik muhojirlar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakatining jihodiy filmlarini namoyish qilish bilan diniy-ekstremistik targ‘ibot ishlarini olib borganlari da‘vo qilingan.

Aka-uka, shuningdek, "an‘anaviy Islomga yot g‘oyalar"ni o‘z ichiga olgan diniy adabiyotni saqlashda ayblanganlar.

Janob Ponomaryov bu da‘volar hech qanday dalil-isbotga asoslanmaganini aytadi.

"Hujjatda juda mavhum iboralar keltirilgan. Bu ikkovlon agar tashkilot tuzgan bo‘lsa, uning nomi nima bo‘lgani, aynan qachon, qaysi sanada qanday uchrashuv yo ekstremistik harakatlarni sodir qilganlari keltirilmagan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bir joyga yig‘ilib, din haqida suhbatlashish jinoyat emas," - deydi u.

Joriy yil aprelida Alisher Fozilov Dog‘istonning Kizlyar tumani politsiyasi tomonidan xalqaro qidiruvdagi shaxs sifatida hibsga olingan. Biroq mahkama prokuraturaning uni hibsda ushlab turish so‘rovini rad qilganidan so‘ng ozod etilgan.

O‘zbekiston bu ikki fuqarosi o‘z jinoyatlarini Rossiya hududida sodir qilganini da‘vo qilayotgan bo‘lsada, Rossiya huquq-tartibot organlarida Fozilovlarning qandaydir jinoiy harakat olib borganlari haqida umuman ma‘lumot yo‘q.

"Ular Rossiyada bironta man qilingan tashkilot a‘zo ekanlari haqida ma‘lumot yo‘q. Gap bu yerda yana bir soxta jinoiy ish haqida ketayapti. Aftidan u Rossiyada ishlab qaytgan muhojirlarning bosim ostida bergan ko‘rsatmalariga asoslanadi", - deydi Ponomaryov.

Uning aytishicha, odatda O‘zbekiston fuqarolarini o‘g‘irlash amaliyotlarini Rossiyaning FSB xavfsizlik xizmati muvofiqlashtiradi, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati esa rossiyalik hamkasblarini "ekstremist"larni qo‘lga olib bergani uchun norasmiy tarzda taqdirlaydi.

Rossiya hududida o‘tgan yil kuzidan beri O‘zbekiston va Tojikistonlik "ekstremistlar"ga ov avjiga chiqqani aytiladi.