General Sisi misrliklarni armiyani yoqlab namoyishga chaqirdi

Image caption General Sisi Mursiyga butun misrliklarning prezidenti bo‘lishni maslahat bergani, lekin u quloq solmaganini aytgan

Muhammad Mursiyni qudratdan ketishiga sabab bo‘lgan armiya generali Sisi Misr xalqini juma kuni namoyishga chiqib, "armiyaga tartibsizliklar va terrorizmga qarshi kurashish"vakolatini berishga chaqirgan.

O‘z tarafdorlarini ko‘chaga chiqishga undagan general Abdul Fattoh Sisi tartibsizliklarni emas, milliy yarashuvni xohlashini aytgan.

Hokimiyatdan ag‘darilgan Muhammad Mursiyning tarafdorlari harbiy to‘ntarish bo‘lgan 3 iyuldan buyon norozilik namoyishlarini to‘xtatganlari yo‘q.

Armiya bilan to‘qnashuvlar Mursiyni yoqlab ko‘chaga chiqqan o‘nlab kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi.

Ayni paytda "Musulmon Birodarlar" harakati general Sisining chaqirig‘ida o‘zlariga nisbatan tahdidni ko‘rishmoqda.

"Sizning tahdidingiz adolat tiklanishini istagan millionlarni yana ko‘chaga chiqishini to‘xtata olmaydi", - deb aytgan "Musulmon Birodarlar" rais o‘rinbosari Essom al-Orian. U general Sisini "harbiy to‘ntarish dohiysi, ayollar , bolalar va namozxon musulmonlarning qotili", deb ta‘riflagan.

Qohiradagi BBC muxbiriga ko‘ra, misrliklarning ko‘pchiligi general Sisining nutqini "fitna qo‘zg‘atuvchi"sifatida tushunishgan.

"Men odamlarni terrorizm va tartibsizliklarga qarshi kurashda menga, armiya va politsiyaga ishonch ko‘rsatish uchun juma kuni ko‘chaga chiqishga chaqiraman", deb aytgan general Sisi Misr televideniyesi orqali uzatilgan nutqida.

BBC muxbirining ta‘kidlashicha, generalning "Menga, armiya va politsiyaga" jumlasi ayni paytda Misrni aslida kim boshqarayotganini ko‘rsatadi.

Misr muvaqqat prezident Adli Mansur tomonidan emas, general Sisi va harbiylar tomonidan boshqarilayotganining misolidir.

Muvaqqat hukumatda Mudofaa vaziri bo‘lgan armiya qo‘mondoni "Allohga qasamki, Misr armiyasi birdamdir", deb ont ichgan.

Oldinroq noma‘lum kishilar Mansur shahridagi politsiya idorasini portlatganlar.

Qohirada davom etayotgan to‘qnashuvlarda o‘tgan kecha ikki, undan oldin o‘n kishi halok bo‘lgan.