Meksikadagi narkokartel bilan to‘qnashuvda 22 kishi halok bo‘lgan

Image copyright AFP

Meksika g‘arbidagi Michoakan shtatida qurolli jinoiy guruhning 20 a‘zosi politsiya bilan to‘qnashuvda halok bo‘lishgan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, guruh a‘zolari yo‘llarni to‘sib, politsiya patrul mashinalariga hujum qilishi oqibatida ikki politsiya zobiti ham nobud bo‘lgan.

Mazkur hujumdan bir kun avval "Knights Templar" giyohvand moddalar guruhi uning zo‘ravon usullariga qarshi namoyish qilayotgan besh namoyishchini otib o‘ldirgan.

Michoakan oxirgi oylarda zo‘ravonlikning keskin o‘sishiga guvoh bo‘ldi.

May oyida Prezident Enrike Pena Niyeto bu shtatdagi politsiya va harbiy amaliyotlar ustidan nazoratni qo‘lga olish uchun armiya generalini u yerga safarbar qilgan.

Narkokartellarning zo‘ravonligi, odam o‘g‘irlashlari va ta‘magirligidan charchagan bir necha shaharlardagi mahalliy xalq mudofaa guruhlarini tuzganlar.

Urush

Dushanba kuni yuzlab odamlar Los Reyyes shahrida zo‘ravonlik bilan pul undirayotgan "Knights Templar" narkokarteliga qarshi plakatlarni ko‘tarib namoyishga chiqdilar.

Ayni guruhning qurolli a‘zolari namoyishchilarga qarata o‘t ochgani ishoniladi. Besh namoyishchi nobud bo‘lgan va kamida sakkiz nafari yaralangan.

BBCning Meksikadagi muhbiri Will Grantga ko‘ra, bu guruh ba‘zi hududlardagi mavqeini mustahkamlab olgan.

Ularning muvaffaqiyatiga qo‘shni Xalisko shtatidagi Nueva Generacion nomli raqib banda va xavfsizlik kuchlari bilan bo‘ladigan muntazam to‘qnashuvlardagi yutuqlari sabab deb ko‘riladi.

Oxirgi hujumda "Knights Templar" bir necha yo‘llar va ko‘priklarni to‘sib, yuk mashinalariga o‘t qo‘yganlar.

So‘ngra hujum sahnasiga yetib kelgan politsiyani o‘qqa tutganlar.

Shu oy boshida Meksika harbiylari jahonning eng mashhur narkobaronlaridan birini qo‘lga tushirgandi.

Migel Anxel Trevino Morales Meksikaning eng qonxo‘r narkokartellaridan biri - Zetasning rahbari bo‘lgan.

Trevino Morales Prezident Pena Niyeto o‘tgan dekabrda lavozimni egallaganidan beri hibsga olingan eng nufuzli jinoyatchidir. Prezident mahalliy xavfsizlik kuchlari darajasida giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchi guruhlarga qarshi kurashmoqchi.

2006 yildan beri narkokartellar qo‘lidan 60,000 meksikalik nobud bo‘lgan.