Ispaniya: Poyezd halokatida 77 qurbon

Image copyright c
Image caption Poyezd temir yo‘lning bir tarafi beton devorli yoysimon nuqtasida izidan chiqib ketgan

Madrid shahridan kelayotgan sakkiz vagonli poyezd muqaddas Santyago de Kompostela shahri yaqinida izidan chiqib ketgan.

Halokat joyida hano‘z qutqaruv ishlari ketmoqda. Yetmishdan oshiq jasad topilgan, ammo bir necha nafar yaradorlar kasalxonada olamdan o‘tganlar.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, qiya burilish nuqtasidan o‘tayotgan poyezd belgilangan me‘yordan ikki baravar katta tezlikda ketayotgan bo‘lgan, degan ehtimollar katta.

Halokat temir yo‘l yoysimon yo‘nalishda o‘tgan joyda Chorshanba oqshom soat 20:41da ro‘y bergan.

Rasmiylar hodisani tasodif, deb atashmoqda, biroq toki risoladagidek tekshiruv o‘tmagunicha, aniq bayonot berilmaydi.

Odamlar jabrdiydalar uchun qon topshirish maqsadida voqea joyiga kelishmoqda.

Guvohlarga ko‘ra, vagonlar bir-birining ustiga chiqib ketgan. Pastdagi vagonlarda qolgan yo‘lovchilar esa siqilib qolishgan.

Ayrim shohidlar halokat payti poyezd juda katta tezlikda ketayotgandi, deyishmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu Ispaniyada so‘nggi 40 yil davomida yuz bergan eng yirik poyezd halokatidir.

Poyezdlar xavfsizligi nuqtai nazaridan Ispaniyada yaxshi natijalarga erishilgan va mamlakat o‘z temir yo‘llar sohasiga katta mablag‘ kiritgan.

Ispaniya poyezdlarini bugun Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston ham sotib olgan. Bu poyezdlar Toshkent-Samarqand tezyurar yo‘nalishida harakat qiladi.