O‘zbek-tojik chegarasida otilgan ayol yaqinlari janozaga qo‘yilmadi

Image caption Tojikistonning Sug‘d viloyatini O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lab turuvchi chegaralar bir necha yil muqaddam berkitib tashlangan

O‘zbek chegarachilari o‘zbek-tojik chegarasida otib tashlangan ayol yaqinlarini uning janozasida ishtirok etishga izn bermaganlar.

Bu haqda BBCga Gulandon Ibrohimovaning yaqinlari ma‘lum qilganlar.

Qo‘qonlik Gulandom Ibrohimova 23 iyulga o‘tar kechasi Sirdaryo bo‘yicha chegarachilar tomonidan otib tashlangan.

57 yoshli Gulandom Ibrohimova o‘zbek-tojik chagarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinishda gumon qilingani aytiladi.

Asli Tojikiston shimolidagi Asht shahridan bo‘lgan Ibrohimova xonim yoshligida Qo‘qonga turmushga chiqqan va O‘zbekiston fuqaroligini olgan.

Yaqinlariga ko‘ra, Ibrohimova xonim ikki mamlakat chegara hududlarida kiyim-kechak sotish bilan shug‘ullangan.

Uning qaysi chegarachilar tomonidan halok etilgani aniq emas, ammo yaqinlari hodisa uchun o‘zbek chagarachilarini ayblashgan.

Aytishlaricha, 23 iyulga o‘tar kechasi Gulandom Ibrohimova o‘z turmush o‘rtog‘i bilan O‘zbekistondan Tojikistonga kelayotgan payti chegarachilar o‘qidan nishonga olingan.

Hodisa haqida uning eri darhol Tojikistondagi qarindoshlariga xabar bergan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, chegara hududlarida yashovchi shaxslar qo‘shni davlatda yashovchi yaqinlarini uch kun davomida vizasiz borib ko‘rish huquqiga egalar.

Ammo O‘zbekiston chegarachilari Tojikistonning Asht tumanini O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati bilan bog‘lab turuvchi chegara nuqtasini bir necha yil muqaddam berkib tashlagan edi.