UzWebiston: O‘zbekistonda har yili bir million ish o‘rni qanday yaratiladi?

Image caption O‘tgan yil o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari birgina Rossiyaning o‘zidan 6 milliard dollarga yaqin pul jo‘natishgan

O‘zbek rasmiylari da‘vo qilishicha, 2013 yilning birinchi yarmida mamlakatda yarim milliondan ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Biroq, ba‘zi xabarlarga ko‘ra, davlat statistikasi haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkin.

Rasmiy raqamlar

O‘zbekistondagi hukumatparast UzDaily.uz yangiliklar web sayti o‘zining 22 iyulgi sonida Davlat Statistika Qo‘mitasi va Iqtisodiyot Vazirligiga iqtibosan xabar mamlakatda yarim milliondan ko‘proq ish o‘rni yaratilgani haqida xabar berdi.

"O‘zbekistonda bu yilning birinchi yarmida hammasi bo‘lib 554,400 ish o‘rinlari yaratilgan. Va ushbu yangi ish o‘rinlarining 334,400 (60.3 foizi) qishloq joylarida yaratilgan", - deya xabar berdi UzDaily.uz.

Web sahifaga ko‘ra, bunga mamlakat bo‘ylab yangi shirkatlarni ochish, mavjudlarini kengaytirish, turli kichik korxonalarni yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va fermer xo‘jaliklarini kengaytirish hisobiga erishilgan.

"Mehnat bozorida olingan choralar natijasida, ish bilan ta‘minlash 2.5 foizga, o‘rtacha maosh 18.5 foizga va o‘rtacha pensiya 28.6 foizga o‘sdi. Aholining umumiy daromadi 16,3 foizga o‘sdi", - deya ta‘kidlanadi xabarda.

O‘zbek davlat matbuoti har yili mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani haqida davomli xabar berib keladi.

Hukumatning "Xalq So‘zi" shu yilning 1 fevral sonida 2012 yilda O‘zbekistonda 1 millionga yaqin ish o‘rinlari yaratilgani haqida xabar qilingandi.

Davlat statistikasi tanqidi

Biroq, Uzmetronom.com web sahifasi yaqinda hukumatni noto‘g‘ri statistik ma‘lumotlarni tarqatayotgani uchun tanqid qildi.

Web sahifaga ko‘ra, bunday noto‘g‘ri ma‘lumotlar bilan hukumat aholining hukumat tomonidan tarqatiladigan har qanday xabarga shubha bilan qarashga undaydi.

"O‘zbekiston rasmiy statistikasi vaziyatni o‘ta be‘manilik bilan tasvirlaydi. O‘zbek rasmiylari har yili bir million ish o‘rinlari yaratilayotgani haqida xabar berishadi, ulardan 60 foizi go‘yoki qishloq joylarida yaratilayotgan emish. Ammo, bu raqamlar haqiqatni aks ettirmaydi va bunday ish o‘rinlari faqat qog‘ozlarda mavjud", - deb yozadi web sahifa o‘zining 25 iyungi sonida.

Mehnat muhojirlari va xorijdan pul o‘tkazmalari

Davlat matbuoti minglab ish o‘rinlari yaratilgani haqida xabar berayotgan bir paytda, boshqa manbalar tarqatayotgan xabarlar mamlakat fuqarolari chet ellarda ish topishga harakat qilayotganidan dalolat beradi.

Ularga ko‘ra, mehnat muhojirlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi yil sayin ortib bormoqda.

"Mustaqil iqtisodchilar hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud mehnatga yaroqli 11.6 million aholining 4 millioni xorijda ishlashni ma‘qul afzal deb biladi", - deya xabar beradi Uzmetronom.com o‘zining 25 iyungi sonida. - "O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari mamlakat byudjetining asosiy hissadorlaridir. 2012 yilda birgina Rossiyaning o‘zidan ular vatanlariga deyarli 6 milliard dollar jo‘natganlar. Ular taxminan yana shuncha pulni o‘zlari bilan keltirishgan".

"Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari yuborgan pullar 2012 yilda 33 foizga ortib, deyarli 5.7 milliard dollarni tashkil etgan", - deb xabar beradi Rossiyaning Regnum axborot agentligi 2013 yilning 11 martida. Uning ilova qilishicha, O‘zbekiston Rossiyadan pul o‘tkazmalari bo‘yicha dunyoning eng yetkachi mamlakati hisoblanadi.

Ayni damda, shuni ta‘kidlash lozimki, O‘zbekiston aholisi shu yilning birinchi choragidan 30 milliondan oshib ketdi, deya xabar berdi Gazeta.uz web sayti 8 may kuni.

Prezident mehnat muhojirlari haqida

19 iyun kuni Jizzax viloyatidagi fermerlar, tadbirkorlar va jamoatchilik faollari bilan norasmiy uchrashuvi chog‘ida gapirgan prezident Islom Karimov ularni yanada ko‘proq shirkatlar ochish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga chaqirdi va so‘ngra Moskva ko‘chalarini supurayotgan o‘zbeklarni "dansalar" deb atadi va ulardan "jirkanish"ini aytdi. "Dangasalar deb kimni hisoblayman? Ho‘v Moskvani borib ko‘chalarini, maydonlarini supuradiganlarni. O‘tta nima yo‘q... Odam jirkanadi, ki o‘zbek millatidan shunaqa borib, o‘ziga bir burda non topish uchun shu yoqqa borishi kerak ekan. Ha, O‘zbekistonning o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q!" - deb aydi prezident Karimov.

Bundan tashqari o‘zbek davlat matbuoti har doim xorijda noqonuniy ishlayotgan fuqarolarni yoda fohishalik qilayotgan xotin-qizlarni qoralovchi maqolalarni chop etadi va televizion ko‘rsatuvlarni namoyish etadi.