Misr qarama-qarshilikda...

Image copyright Reuters

Kohirda qudratdan chetlatilgan prezident Muhammad Mo‘rsiy tarafdorlari va muxoliflari namoyishlari davom etmoqda.

Har ikki tomon o‘zining nisbati va qudrati kuchliroq ekanligini namoyish etish ilinjida.

Mamlakat Qurolli Kuchlari rahbari Abdulfattoh al-Sissiy harbiylar tomonidan Prezidentning chetlatilishiga xalq qo‘llovini namoyish etish maqsadida ko‘chalarga chiqishga da‘vat qilgandi.

Janob Mo‘rsiy tarafdorlari bo‘lgan "Musulmon birodarlari" esa, ular ta‘biricha, harbiy to‘ntarishga qarshilik ko‘rsatish uchun namoyishlarga chiqishga chaqirgan.

Juma kungi namoyishlar boshlanar ekan rasmiylar Muhammad Mo‘rsiyga nisbatan qator ayblovlarni ilgari surib, hibsga olish buyrug‘ini berdilar.

O‘ta taranglashgan siyosiy vaziyatda janob Mo‘rsiy so‘roq qilinish uchun 15 kunga hibsga olinishi haqida ma‘lum bo‘ldi.

Ayblovlarda aytilishicha, Muhammad Mo‘rsiy 2011 yili G‘azoni nazorat qiluvchi Hamas Falastin Islomiy harakati bilan til biriktirgan.

O‘sha vaqtdagi Misr qonunlariga muvofiq bu amal "sotqinlik" deya talqin qilinishi mumkin.

Hozirda xonaband etilgan Muhammad Mo‘rsiyni G‘arb va BMT ozod qilinishini talab qilayotgan ekanlar, unga qarshi ayblovlarning ilgari surilishi uni hibs ostida ushlab turish uchun qonuniy asos yaratayotgandek.

"Musulmon birodarlari" Muhammad Mo‘rsiyning prezidentlikka tiklanishini talab qilmoqda va uning hisbga olinishi haqidagi buyruqni mamlakatga sobiq rejim qaytib kelganligi belgisi sifatida talqin qilmoqda.