Nazarboyevni Londonga nima yetaklab keldi?

Image copyright none

Markaziy Osiyo matbuotida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning Londonga shu hafta norasmiy safari muhokama qilinmoqda.

Xabarlarda aytilishicha, janob Nazarboyev Londonda Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerun bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro masalalarni muhokama qilganlar.

Ayni vaqtda janob Nazarboyev Britaniya Qirolichasi oilasiga yangi taxt vorisi tug‘ilishi munosabati bilan tabrik yo‘llagan.

O‘tgan oy esa Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerunning o‘zi Qozog‘istonga tashrif buyurgandi.

Tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida 1 milliard dollardan ko‘proq shartnomalar hamda ikki davlat o‘rtasida Strategik hamkorlikka doir bitim imzolangan.

Hozirda janob Nazarboyevning Londonga bu kabi tez javobiy tashrif bilan kelishi Qozog‘istondagi siyosiy merosxo‘rlik masalasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi, degan farzarlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Mintaqa masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisga ko‘ra, Qozog‘iston siyosatini kuzatuvchilar uchun Nazarboyevning Londonga tashrifi kutilmagan bo‘ldi.

Joanna Lillis: Chunki Britaniya bosh vaziri Devid Kameron Ostonada bo‘lib Nazarboyev bilan uchrashganiga hali bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Go‘yo o‘shanda ularni qiziqtirgan savollarni muhokama qilishga ularda yetarli vaqt bo‘lgandi. Bir oyda ikki marta uchrashuvni shunday izoh berish mumkinki, ushbu ikki liderning muhokama qila olmay qolgan nimasidir bor. Bizga ma‘lumki, Britaniya Qozog‘iston neft zahiralariga qiziqish bildiradi. Yana Buyuk Britaniya Qozog‘istonni jadal rivojlanuvchi mamlakat va o‘zi uchun muhim strategik hamkor, deya biladi. Britan matbuoti Devid Kamerunning Nazarboyev atrofida girdikapalak bo‘lishini tanqid qiladi. Ular Bosh vazirni Buyuk Britaniyaning strategik manfaatlarini himoya qilish yo‘lida, Qozog‘istonda inson huquqlarining buzilishi va demokratiya rivojlanishiga e‘tibor qaratmaslikda ayblashadi. Shuni ta‘kidlash kerakki, Kamerun Ostonada bo‘lgan vaqti matbuot anjumanida ushbu masalalarni ko‘tardi. Lekin shunga qaramasdan, ularning bir oy ichida ikkinchi marotaba uchrashishi ancha kutilmagan va noodatiy holdir. Ularning ilk uchrashuvida yaqin aloqalar o‘rnatilgani va ikkinchidan, Qozog‘iston va Buyuk Britaniyaning hamkorligi yanada qalinlashganini aytish mumkin.

BBC: Ayrim siyosatshunoslar, Nazarboyevning kutilmagan tashrifi ortidan Qozog‘istondagi hukumat almashuvi jarayoni boshlangani va Londonda ushbu masalaning nozik tomonlari muhokama qilingan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Joanna Lillis: Nazarboyevning hukumat almashuvidek, nozik masalalarni g‘arblik liderlar bilan muhokama qilishiga shubha bilan qarayman. Bu masala, Qozog‘iston va Nazarboyev uchun o‘ta xassos masaladir. Chunki u 20 yildan ortiq hukumat tepasida o‘tiribdi. Agar Nazarboyev bu masalani muhokama qilishni istaganida, uni yanada yaqinroq hamkor bo‘lgan Rossiya rahbari Putin bilan amalga oshirardi. Ammo men Nazarboyev ushbu masalani hal qilayotganida, xorij davlatlari rahbarlari bilan maslahatlashishiga shubha qilaman. Nazarboyev, bu masalani Qozog‘istonning ichki o‘yinchilari bilan maslahatlashadi, deb o‘ylayman.

BBC: Agar kuzatgan bo‘lsangiz, Nazarboyev so‘nggi vaqtlarda Rossiyaga ehtiyotkorona munosabatda bo‘la boshladi. Nazarboyevning so‘nggi tashrifi muvozanatni saqlash va Rossiya ta‘siriga tushib qolmaslikka urinish, deya baholash mumkinmi?

Joanna Lillis: Bu bo‘lishi mumkin. Nazarboyev Rossiyaga Qozog‘istonning boshqa hamkorlari ham borligini ko‘rsatgisi keladi. U Qozog‘istonning mustaqil davlat ekanligini va tashqi siyosatda o‘z holicha harakat qila olishini ta‘kidlashga harakat qiladi. Shuning uchun bu narsani u yana bir bor ko‘rsatib qo‘ygisi kelgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu narsa tashrifning bosh maqsadi bo‘laganiga shubha qilaman. Shunga qaramasdan, Nazarboyevning Rossiyaga nisbatan mustaqil shaxs ekanligini va Qozog‘istonning mustaqil tashqi siyosiy yo‘nalishi borligini ko‘rsatish xohishi bor gap.