"O‘zbekiston mobil telefon bozorida konsensus yo‘qoldi"

Image copyright Reuters

Shu kunlarda Toshkent shahar mahkamasi O‘zbekistonda "Beeline" belgisi bilan faoliyat olib borayotgan "VimpelCom" telekommunikatsiyalar shirkatining monopoliyachilar ro‘yxatidan chiqarish borasidagi so‘rovini qondirmadi.

Avvalroq "Beeline" hukumat tarafidan mobil telefon bozorini monopoliya qiluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Kuzatuvchilar telekom bozorida muvozanatning buzilishini o‘tgan yil yozida MTS savdo markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" aloqa kompaniyasining litsenziyasi bekor qilinishiga bog‘lashadi.

Mobil telefon aloqasi bozori tez va ko‘p daromad keltiruvchi sohalardan hisoblanadi.

Rossiyaning MTS shirkati soliqlarni to‘lashdan bosh tortishda ayblanib, berkitilishi ortidan 9 million mijoz yo "Beeline" yoda "Ucell" shirkatlariga qo‘shildi va bu telefon aloqasi sifatini keskin tushirib yubordi.

Yaqinda MTS shirkatining mulki kim oshdi savdosiga qo‘yildi, lekin bu mulkni sotib olish xohishini hech kim izhor etmadi.

O‘zbekistonda ilk uyali aloqa shirkati - "Uzdunrobita" asoschilaridan biri bo‘lgan Sanjar Umarovning aytishicha, MTS shirkati bozordan siqib chiqarilganidan beri ushbu sohada "janjalli vaziyat" yuzaga kelgan.

Janob Umarovga ko‘ra, MTSning bozordan chiqarilishidan avval uch yirik mobil telefon shirkati orasida "konsensus", ya‘ni o‘zaro norasmiy kelishuv mavjud bo‘lgan.

Sanjar Umarovning aytishicha, jumladan, MTS mol-mulkiga xaridor topilmayotganligining sabablaridan biri mobil telefon aloqasi sohasida rasmiy litsenziyasiz ish yuritib bo‘lmasligidir.

"Bu litsenziyasiz shirkatning texnik uskunalarini ishlatib bo‘lmaydi va bu uskunalar temir-tersakdan boshqa narsa emas", dedi Sanjar Umarov.

Uning fikricha, 90 yillar o‘rtalaridan beri mobil telefon aloqasi sohasi O‘zbekistonda poraxo‘rlikka bota boshlagan va bu ma‘noda Sanjar Umarov so‘nggi paytlarda yuzaga chiqqan va chet el matbuotida keng yoritalayotgan Teliasonera mojarosini tilga oldi.

Janob Umarovning taxmin qilishicha, litsenziya berishni O‘zbekistonda ta‘sirli shaxslar o‘z nazorati ostiga olishgan.

"Boshqa tomondan qayerda davlat nazorati va kiritilgan cheklovlar ko‘p bo‘lsa o‘sha sohaning poraxo‘rlikka botishi ehtimoli ko‘p bo‘ladi", deb aytdi Sanjar Umarov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi