Turkiy tilli davlatlar erkin savdo hududini tashkil qilishi mumkin

Image caption Bu yil Turkiy davlatlar hamkorligiga 20 yil to‘ladi

Bokuda o‘tishi rejalanayotgan sammitda bu masala muhokama qilinadi, deb xabar beradi Ozarbayjonning Trend.az sayti.

Turkiy tilli davlatlar erkin savdo hududini tashkil qilish sammitning bosh mavzularidan bo‘lishi aytilgan.

Sammit ishtirokchilari muhokamasidan so‘ng, uni qonuniylashtirish bo‘yicha aniq qadamlar tashlanadi, deydi Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi bosh kotibi Ramil Gasanov.

Oldinroq tizimga a‘zo davlatlar o‘rtasida boj soliqlarini bekor qilish va erkin iqtisodiy hudud haqida loyiha tuzish muhokama qilingandi.

Bu yil Turkiy davlatlar hamkorligiga 20 yil to‘ladi.

Turkiy tilli davlat rahbarlari sammiti 1992 yilda Turkiyaning marhum prezidenti Turg‘ut O‘zol tashabbusi bilan tashkil qilingan.

Parlament Assambleyasi esa 2009 yil Bokuda ta‘sis etilgan bo‘lib, unga Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari kirgan.

Assambleyani tuzishdan maqsad, turkiy tilli davlatlarni xalqaro tashkilotlarda qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlik ishlarida tajriba almashuv, turkiy til, madaniyat va tarixni saqlab qolish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlashdir.

Shu bilan birga, mamlakatlar terrorizm, narkotrafik kabi xavflarga mintaqada birgalikda kurashishga bel bog‘lashgan.

Shu masalalarga e‘tibor qaratish Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lining Bokuga qilgan safari paytida ham ta‘kidlangan.

Janob Dovudo‘g‘liga ko‘ra, turkiy tilli davlatlar ishtirok etadigan jarayonda Turkiya va Ozarbayjon yetakchilik rolini o‘ynaydi.

"Bir millat-ikki davlat" deb urug‘ulagan u Turkiya-Ozarbayjon hamkorligini.

Turkiya Tashqi Ishlar vaziri hamkorlikni yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z saflariga ko‘proq jalb qilish kerakligini aytgan.

O‘zbekiston Prezidenti 1995 yildan buyon bu uchrashuvlarda qatnashishni to‘xtatgan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Turkiya hukumati O‘zbek muxolifati rahbari Muhammad Solihga mamlakatidan joy berishi Karimovning qahrini keltirgan va hamon bunday yig‘ilishlarda ishtirok etishni xohlamaydi.

Shuningdek, Turkmaniston ham mamlakat iqtisodiy va siyosiy hayotiga taluqli masalalar muhokamada bo‘ladigan xalqaro sahnalarda faol qatnashishni ma‘qul ko‘ravermaydi.