The Economist: "Rog‘un ro‘yo va yo o‘ta noreal loyiha..."

Image caption Rog‘un ro‘yo...mi?

Britaniyaning nufuzli nashri The Economist Tojikistondagi gidroelektr manbalariga doir maqola chop etgan.

Tanqidiy ruhda yozilgan maqola asosan Rog‘un loyihasiga bag‘ishlanadi.

O‘ta qashshoq, ammo suvga boy Tojikiston elektr energiyasi inshootlarini qurib - qo‘shni Afg‘oniston va Janubiy Osiyoga elektr energeyasi sotishni orzu qilmoqda, deb yozadi The Economist.

Nazariyaga ishonilsa, 335 metr balandlikdagi Rog‘un inshooti Tojikistonni qashshoqlik va yakkanishin holatdan qutqarishi kerak.

Bu degani, The Economistga ko‘ra, mamlakat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini ikki karra oshiradi.

Ammo ayni loyiha bir ro‘yo bo‘lmasa, o‘ta norealdir.

Rog‘unni qurish 6 milliard AQSh dollariga teng sarmoya talab qiladi.

2012 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7.6 milliard AQSh dollarini tashkil etgan edi.

Qo‘shni O‘zbekiston esa bu loyihaga ashaddiy qarshilik bildirmoqda.

Sarmoya muhiti esa, The Economistga, korruptsiyaga botgan.

Sho‘rolar davrida rejalanib keyin aro yo‘lda qolgan bu loyiha 2000 yillarning boshlarida yana kun tartibiga qaytarildi.

Davlat targ‘ibotiga ko‘ra, Rog‘un mamlakatda elektr taqchilligi bilan bog‘liq barcha muammolarni hal etadi.

Ammo xalqaro donor tashkilotlar janob Imomali Rahmonga ishonishmaydi, deb yozadi The Economist.

Eng baland, eng katta...

Image copyright BBC World Service
Image caption TALKOning millionlari Rog‘unga sarflanadimi?

Mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining beshdan ikki qismi TALKO alyuminiy zavodiga sarflanadi.

The Economistga ko‘ra, TALKOning yuzlab millionlar dollar foydalari esa Britaniya Virjiniya orolloridagi shirkatning hisobiga tushadi.

TALKOni Tojikiston prezidenti nazorat etadi deb da‘vo qiladi The Economist.

Xo‘p, unda nima uchun Rahmon janoblari bu shirkat keltirayotgan foydalarni Rog‘un qurilishiga sarflamaydi deb savol qo‘yadi nashr.

O‘zbekiston Rog‘un qurilishi bilan o‘z paxta dalalaridan suv tortilib qolishi va bu Tojikistonga siyosiy o‘yinda qo‘li balandroq kelib qoladi deb o‘ylaydi.

Prezident Karimov hatto ayni masala urushga yetaklashi bilan ham ogohlantirib chiqdi.

Ammo Rog‘unning hajmi va balandligini savol ostiga olinishini Rahmon janoblari yoqtirmaydi.

2004 yilda RusAL shirkati Rog‘unni qurish uchun sarmoya yotqizish, ammo balandligini 50 metr pastroq qilish taklifi bilan chiqdi.

Prezident Rahmon bunga rozi bo‘lmadi va shirkatdan mamlakatni tark etishini so‘radi, deb yozadi The Economist.

Prezident Rahmon dunyodagi eng baland bayroq ustunini qurdi.

Yaqinda dunyodagi eng katta choyxona qurish niyatida...

Shunday bir holatda o‘qituvchilar oylab maoshlarini olishmaydi.

Oyiga 30-40 dollar ishlaydigan o‘qituvchi yana Rog‘un aktsiyalarini sotib olishi kerak, deb yozadi The Economist.

Agar Rog‘un qurilsa ham bu mamlakatdan elektr energiyani eksport qilish oson bo‘lmaydi.

Qirg‘iziston bilan birga Tojikiston Janubiy Osiyo mamlakatlariga tortilajak elektr energiyasi yo‘llari uchun bir milliard AQSh dollariga teng sarmoya qidirmoqda.

Tojikistonnning boshqa zudlik bilan hal etilishi lozim muammolari ham bor.

Nurek gidroelektrstantsiyasi ta‘mirga muhtoj.

Oddiy bir yo‘lda ta‘mir uchun 1 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Tojikiston Rog‘unni bir o‘zi qurolmaydi.

Mamlakatning aksar olimlari va mutaxassislari chet ellarga chiqib ketishgan.

Rog‘unning rahbar mutaxassislaridan biridan statistik ma‘lumotlar so‘ralganida u Wikipediaga murojaat qildi, deb yozadi The Economist.

Mamlakatdagi korruptsiya holatiga ko‘z yumib bu loyihani uddalashi mumkin bo‘lgan davlatlar Rossiya va yo Xitoydir.

Ammo ikkala davlat ham mintaqaning eng aholisi ko‘p va yirik armiyaga ega O‘zbekistonning g‘azabini qo‘zg‘otib qo‘yishni istamaydi.

The Economistga ko‘ra, Rahmon janoblari agar sal pastroq tushishni istasa unda mamlakatni qishda ham elektr bilan ta‘minlashi mumkin bo‘ladi.