O‘ta jazirama issiqdan qanday saqlanish kerak?

Image copyright PA

O‘zbekistonda jazirama issiq davom etar ekan, mobil aloqasidan foydalanuvchilar issiqqa qarshi qanday choralar ko‘rish borasida Favqulodda vaziyatlar vazirligining SMS-xabarlarini olishmoqda.

Bu SMSlarda vazirlik mobil telefon foydalanuvchilariga, jumladan, soyada yurish, yengil kiyim-kechak kiyish, spirtli ichimliklar ichmaslik, ko‘proq meva yeyish, ko‘p ovqat yemaslikni tavsiya qilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ogohlantiruvini o‘zbekistonliklar lotin alifbosida rus tilida jo‘natilgan.

Bungacha vazirlik aholini asosan tog‘li hududlarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan sel toshqinlaridan, qish payti ba‘zi joylarda harakatlanish xavfli ekanidan ogohlantirib kelgan.

Ob-havo mutaxassislari iyul oyining oxirgi haftasida O‘zbekistonda havo harorati odatdagidan ko‘tarilishi haqida ogohlantirgan edilar.

"O‘zgidromet" markaziga ko‘ra, 28 iyul bilan 2 avgust kunlari O‘zbekistonga Erondan issiq havo oqimi kirib kelishi mumkin va natijada havo harorati me‘yordagidan 4-7 daraja ko‘tarilishi mumkin.

O‘zbekistonning janubiy hamda markaziy viloyatlarda, poytaxt Toshkentda ham havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha +43, +45 darajaga yetishi mumkinligi xabar qilingan.

BBCning O‘zbekistonning shimoliy hududlaridagi suhbatloshlari havo harorati +50 darajaga chiqqanini aytishmoqda.

Mamlakatning qolgan hududlarida esa + 40 dan oshiq harorat hukm surayapti.

Buning ustiga bu jazirama issiq ko‘plab o‘zbekistonliklarning ro‘za tutayotgan kunlariga to‘g‘ri kelgan.

Bunday issiqdan qanday saqlanish mumkin?

BBC bilan suhbatda o‘zbekistonlik shifokorlardan biri, eng avvalo, boshni quyosh tig‘idan asrash zarurligini aytadi.

"Boshga yengil shlyapaga o‘xshagan bosh kiyim kiyish kerak. Egnidagi ko‘ylak sun‘iy toladan emas, tabiiy toladan tikilgan bo‘lishi va kiyim badanni juda ham siqmasligi muhim", deydi shifokor.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi