Men kasalmanmi? (ruhiy holatlarga nazar)

Image copyright SPL

Hozirda jahondagi har to‘rt kishidan bittasi o‘z hayoti mobaynida turli ruhiy muammolarga yuz tutmoqda.

Xalqaro tashkilotlar atigi bir necha yildan keyin ruhiy kasalliklar sog‘liq tizimi uchun eng yirik muammoga aylanishini bashorat qilishgan.

Bunga sabab nima? Insonlar tobora ko‘proq ruhiy kasalliklarga chalinmoqdalarmi, yo-da tibbiyot ularning ko‘proq turini aniqlab, kasallik sifatida tan ola boshladimi?

Nyu Yorkdagi One World Counselling psixologik yordam markazi mutaxasisi Gulshoda Osterga ko‘ra, yaqin orada ruhiy muammolar hozirda eng ko‘p tarqalgan, deya hisoblanadigan yurak hastaliklaridan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqishi haqidagi bashoratlarga qo‘shiladi.

Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda o‘rtacha har 4 insondan bittasi ruhiy muammoga yuza tutadi. Bu holat keng tarqalganligiga qaramay, unga chalinganlarni kamsitish yoda ularga yovqarash hanuz saqlanib qolgan. Tushkunlikka tushganlar "zaif inson" sifatida ko‘riladi.

Insonlar tobora ko‘p chalinayotgan ruhiy holatlar orasida esa hozirda eng ko‘p tarqalayotgani - depressiya, ruhiy tushkunlik. Inson borki, hayotida kayfiyati tushib, qayg‘uga botgan vaqtlari bo‘ladi. Lekin shifokorlar bong urayotgan depressiya bilan shunchaki qayg‘uga botish orasida farq nima va qanday aniqlanadi?

Ruhiy vaziyat qachon muammoga aylanadi?

O‘z hayoti mobaynida har qanday inson ba‘zi hodisalarga javoban qayg‘uga tushishi normal holat. Lekin qayg‘uli ruhiyat saloamtlik muammosiga aylangan vaqti ham bo‘ladi.

Klinik ruhiy tushkunlik - depressiya nima?

Inson normal holatda hayotning past-balandliklariga bardosh berib, o‘zi va yaqinlari g‘amini yeyishni davom ettiradigan, o‘z mavjud potentsiallaridan foydalanish va jamiyatga foyda keltira oladigan vaziyatda bo‘ladi.

Har qanday inson qayg‘uga botgan yo-da asabiylashish holatini boshdan kechiradi. Lekin bu alomatlarning ruhiy kasallikka aylanganligining dastlabki belgisi - bu holatning uzoq, mutassil davom etishi va turtki sifatida biron hodisa yuz bermagan vaqtda ham ro‘y berishidir.

Bu alomatlar shaxsning kundalik hayotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadigan darajaga yetgan vaqti jiddiy psixologik yoda ruhiy muammoga aylangan hisoblanadi.

Masalan, klinik tushkunlikka duchor bo‘lgan odam o‘ta chuqur va uzoq muddatli qayg‘uga tushadi, odamovi bo‘lib, g‘ayratdan qoladi.

Odatda bu alomatlar asta-sekinlik bilan bir necha hafta yo-da oylab rivojlanib keladi, lekin ba‘zida birdaniga shiddat bilan paydo bo‘lishi ham mumkin.

Klinik ruhiy tushkunlik muammosi bilan samarali yo‘lda kurashish uchun ular klassifikatsiya qilinadi. Kasallik asosan ikki keng guruhga bo‘linadi - asabiy va psixologik.

Asabiy guruhga inson normal holatining anchayin sezilarli turlari kiradi, masalan depressiya, kuchli mutassil xavotir yo-da biron harakatni qayta-qayta qilaverish. (masalan, qo‘lni qayta-qayta yuvaverish, hamma narsaning hamisha o‘z o‘rnida bo‘lishiga intilish kabi). Bu kabi alomatlarni o‘z hayoti mobaynida taxminan har 10 kishidan bittasi boshdan kechiradi.

Psixologik turdagi tushkunlikni esa taxminan har 100 kishidan biri boshdan kechirib, ular shaxsning voqelikni qabul qilishi, va shu asosda fikrlashi, qarorlar qabul qilishiga ta‘sir ko‘rsatadi. Ularga shizofreniya va bipolyar kasalliklari kiradi.

Ruhiy kasalliklar keng tarqalgan bo‘lsa ham, ko‘plar undan halos bo‘la oladilar yo-da u bilan qanday yashash yo‘llarini o‘rganadilar.

Ruhiy tushkunlikni nima keltirib chiqaradi?

Ruhiy tushkunlik, depressiyani aynan nima keltirib chiqarishi noma‘lum. Ammo jismoniy, psixologik va atrof-yaqindagi holatlar birgalikda omil bo‘lishi aytiladi.

Ko‘plab ruhiy kasalliklar avlodlar osha qaytalagani uchun irsiy bog‘liqlik bor degan taxminlar ham bor.

Mutaxassilarning ishonishlaricha, aksar ruhiy kasalliklar bir qator genlardagi o‘zgarishlarga bog‘liqdir va bu kabi genga ega bo‘lganlar ruhiy kasallikka chalinishga moyil bo‘ladilar. Ammo bu genning o‘zi kasallikni keltirib chiqarmaydi. Demak, inson bu kabi irsiy merosga ega bo‘lishi mumkin lekin bu degani albatta kasallik rivojlanadi deganini anglatmaydi.

Bu kabi genga ega bo‘lgan insonlar qayg‘u-azob, birovdan ajrab qolish, o‘zlariga nisbatan haqorat va tazyiq kabi omillar, yo-da "turtkilar"ga beriluvchanroq bo‘ladilar.

Hayotdagi og‘riqli hodisalar bu kabi beriluvchan shaxslarda kasalikka turtki berishi mumkin. Bu omillarga kasallik, ajrashish, yaqinlardan ajrab qolish, ish joyini yo‘qotish va hokazolar kiradi.

Ruhiy kasallikni qon tekshiruvi yoki shunga o‘xshash tekshiruv bilan aniqlab bo‘lmaydi.

Faqatgina mutaxassis barcha alomatlarni o‘rganib chiqib, uzoq vaqt kuzatuvlardan keyingina tashxis qo‘yishi mumkin.

Ko‘plab ruhiy kasalliklarning alomatlari esa bir-biriga o‘xshash, shu sababli aniq tashxis qo‘yish mushkul ish.

Ba‘zi mutaxassilarga ko‘ra, ruhiy kasalliklarni aniqlashning joriy mavjud usullari o‘ta tibbiy yondoshuvga asoslangan.

Ya‘ni ruhiy tushkunlikni inson tanasidagi bezlar tomonidan ishlab chiqariladigan serotonin moddasining miyadagi yetishmovchiligi keltirib chiqaradi, degan g‘oya bor.

Bu yondoshuv ruhiy kasalliklarni asosan miyadagi kimyoviy o‘zgarishlarga bog‘laydi.

Tanqidchilarga ko‘ra, bu yondoshuv ruhiy kasallikning hissiy omillarini nazardan qochiradi.

Bu yondoshuvdan kelib chiqib hozirda ruhiy tushunlikka uchraganlarga anti-depressant dori-darmonlarni belgilash keng tarqalgan. Bu dorilar esa talaygina noxush oqibatlarni keltirib chiqarishi ma‘lum. Ijobiy natijasi esa ko‘pda savol ostida.

Quyida Gulshoda Oster va boshqa ruhshunos mutaxassislarning tushkunlik va unga qarshi kurashish xususidagi maslahatlarini tinglang.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi