O‘zbekiston: majburan bichilgan ayol davlatdan tovon talab qilishi mumkinmi?

Image copyright BBC World Service
Image caption BBC O‘zbekistonda ayollarning majburiy bichilishi haqida qo‘shimcha dalillarni qo‘lga kiritgan

O‘zbekistonlik senator Svetlana Ortiqova agar majburan bichilgan ayollar bo‘lsa, huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilishlari mumkinligini aytdi.

Uning BBC bilan suhbatda aytishicha, bu kabi holat "favqulodda vaziyat" deb qabul qilinadi.

"Agarda, mabodo siz aytgan voqea bor bo‘lsa, shunaqa insonlarga men maslahat berardim huquqni muhofaza etuvchi idoralarga borib, tegishli tarzda ariza berilsin", - dedi O‘zbekiston Senatining Qonunchilik va sud-huquq qo‘mitasi raisi.

Ayni paytda Ortiqova xonim O‘zbekistonda ayollarni majburan sterilizatsiya qilish tajribasi mavjudligini qat‘iyan rad etdi.

Shu kunlarda BBCga gapirgan o‘zbekistonlik onalardan biri 13 yil avval shifokorlarning bosimi ostida o‘zining bichilishiga rozi bo‘lganini aytgan edi.

Muslima ismli ayol bachadon naychasining bog‘lab qo‘yilganidan hanuz azob chekishini aytgan.

"Bachadon naychasi majburan bog‘lab qo‘yilgani 13 yildan buyon azoblamoqda"

Uning hikoyasi O‘zbekistonda ayollarni majburiy bichish tajribasi 1990-yillardan boshlanganini ishora qiladi.

BBC 2012 yilda olib borgan tadqiqot O‘zbekistonda ayollarni majburan sterilizatsiya qilishga doir maxfiy davlat dasturi borligini o‘rtaga chiqargandi.

O‘zbekiston ayollarni sterilizatsiyalash maxfiy dasturiga ega

O‘zbek rasmiylari bu kabi tajriba mavjudligini qat‘iyan rad etib keladilar.

Oilani rejalashtirish

"Jarrohlik amaliyoti u yoqda tursin, oddiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun ham insonning xohish-irodasi kerak", - deb aytdi senator Ortiqova BBC bilan suhbatda.

"Amalda vaziyat qonunchilikda nazarda tutilganidan boshqacharoq bo‘lishi mumkinmi?", degan savolga javob berarkan, Ortiqova xonim o‘z hayotidan misol keltirdi.

"Men 1996 yilda Akusherlik va ginekologiya institutida qizimni tuqqanman. Palatada 5 ta ayol yotuvdi. O‘shanda vrach kelib, bizga tavsiya bergan. Sizning sog‘ligingiz yaxshi, ikkinchi, uchinchi farzandni tug‘ish imkoniyati bor, sizning sog‘ligingizga mana buni tavsiya qilar edim, qabilida. O‘sha ayolga bog‘liq, oladimi shu tavsiyani yoki olmaydimi. Lekin O‘zbekistonda qanaqadir alohida davlat dasturi yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas", - deb aytdi Svetlana Ortiqova.

Ayni paytda senator davlatning oilani rejalashtirish dasturini himoya qildi.

"Ayol har yili tug‘aversa, anemiya kasaliga chalinaversa, vaqtida o‘z farzandiga qarolmasa, sog‘lom avlod bo‘ladimi?", deya savol qo‘ydi Ortiqova xonim.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi oilani rejalashtirish dasturining mamlakatdagi iqtisodiy ahvol, aholi turmush darajasi bilan aloqasi yo‘q.

Svetlana Ortiqova O‘zbekistondagi vaziyatni davlat ayollarni ko‘proq tug‘ishga rag‘batlantirayotgan Rossiya kabi mamlakatlar bilan solishtirish o‘rinsiz ekanini aytdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi