Kannda o‘g‘irlangan xazina o‘zbekistonlik zargarga tegishli bo‘lgan

Image caption Lev Leviev (o‘ngda) rossiyalik milliarder Roman Abramovich bilan

Frantsiya janubidagi Kann shahrida yakshanba kuni o‘g‘irlangan 53 million dollarlik qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari asli o‘zbekistonlik zargar Lev Levievga tegishli bo‘lgan.

O‘g‘irlik yakshanba ertalab muhtasham Karlton mehmonxonasida o‘tayotgan zargarlik ko‘rgazmasida yuz bergan.

Mazkur o‘g‘irlik yillik film festivali va badavlat shaxslar uchun dam olish maskanlari bilan nom chiqargan Kann tarixidagi eng yirik o‘g‘irliklardan biridir.

Jinoyat sodir etilgan vaqtida zargar Leviev mehmonxona zalida o‘z olmoslari ko‘rgazmasini o‘tkazayotgandi.

Mahalliy matbuotga ko‘ra, boshiga qalpoq kiygan va sharf o‘ragan yakka o‘g‘ri qo‘riqchilar qimmatbaho taqinchoqlarni seyflardan ko‘rgazma peshtoqlariga ko‘chirayotgan vaqtlari yarim ochiq derazadan mehmonxonaga kirib olgan.

U bir minutdan kam vaqt ichida diplomatini zeb-ziynatlar bilan to‘ldirib, bemalol piyoda chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Agar o‘g‘irlangan jihozlar qiymati tasdiqlansa, bu Frantsiya tarixidagi ikkinchi eng qimmatbaho o‘g‘irlik bo‘ladi.

O‘zbekistonlik zargar

O‘g‘irlangan zeb-ziynatning egasi bo‘lmish janob Leviev Buxorolik yahudiylardan bo‘lib, 15 yoshida oilasi bilan Isroilga ko‘chib ketgan.

57 yoshli korchalon zargarlik biznesini yetti yil oldin Londonning Old Bond Strit ko‘chasidagi do‘koni bilan boshladi, va tez orada Dubay, Nyu-York va Singapurda o‘z do‘konlarini ochdi.

Boyligi 1 milliard atrofida ekani aytilgan janob Leviev Ovro‘po va Isroildagi an‘anaviy yahudiylarning eng sahiy homiylaridan biri deb ko‘riladi.

U zargarlikni oilasi Isroilga kelib joylashganidan so‘ng, o‘smirligida o‘rganishni boshlagan. Olmon yo‘nish mahoratining 11 bosqichini o‘rgangan Leviev, Isroilda harbiy xizmatni tamomlagach, o‘z olmos jilovlantirish biznesini tashkil qilgan.

Bora-bora u Rossiya va Afrikadagi olmos konlarini sotib olib, jahon zargarlik biznesidagi eng ilg‘or shaxslardan biriga aylangan.