Pokistonda Tolibon 240 mahbusni qamoqdan ozod etdi

Image copyright d
Image caption Pokiston Toliboni o‘z safdoshlarini ozod qilishga birinchi marta muvaffaq bo‘layotgani yo‘q

Tolibon jangarilari Pokiston shimoli-g‘arbidagi turmaga hujum uyushtirib, 240dan oshiq tutqunlarni ozod qilishgan.

Bu haqida ma‘lumot tarqatgan rasmiylarga ko‘ra, Dera Ismoil Xon shahridagi turmaga qilingan hujum dushanba kuni yarim tunda yirik portlashlar bilan boshlangan.

Qurolli kishilar so‘ngra granatamyot va avtomatik qurollardan o‘t ochganlar.

Mazkur qamoqxonada yuzlab Toliblar va man qilingan guruhlar a‘zolari saqlangan.

Yetmishga yaqin hujumchilarning ba‘zilari politsiya ustboshlarida bo‘lganlar.

Deyarli to‘rt soat davom etgan hujumda 12 kishi, jumladan olti politsiya zobiti halok bo‘lgan.

Shahar komissari Mushtoq Jadun 243 nafar ozod qilingan tutqunlar orasida hudkushlik portlashlari va yirik hujumlarni uyushtirishda aybdor topilgan ashaddiy jangarilar bo‘lganini aytdi.

Janob Jadunga ko‘ra, hujumchilar o‘z do‘stlarining otlarini ovoz kuchaytirgichlarda aytib chaqirganlar.

O‘n to‘rt mahbus kechroq politsiya tomonidan qayta qo‘lga olingan. Politsiya qolgan mahbuslarni ovlashga kirishar ekan, Dera Ismoil Xon shahrida kommendantlik soati o‘rnatilgan.

Reuters agentligi muxbiri Katerin Hureldning BBCga aytishicha, hujum o‘ta yaxshi tayyorlangan bo‘lgan bo‘lib, hujumchilar "elektr liniyalarini portlatganlar, devorlarni buzganlar va xavfsizlik kuchlariga pistirmadan hujum qilganlar".

Janob Jadun hozirga qadar qamoqxonada o‘rnatilgan 14ta bomba xavfsizlantirilganini bildirdi.

Hujum tahdidlari

Mahalliy yashovchining bildirishicha, hujum shu qadar kuchli bo‘lganki, "hududdagi har bir uy titrab ketgan".

Hujumchilar "Ollohu Akbar" va "Yashasin Tolibon" deya hayqirganlar.

Rasmiylarning aytishicha, hukumat o‘tgan bir necha hafta davomida qamoqxona hujumga olinishi borasida tahdidlar olganlar.

Pokiston Toliboni voizi Shohidullo Shahid hujum uchun mas‘uliyatni bo‘yniga olgan. U 300 nafarcha mahbus ozod qilinganini aytdi.

O‘tgan yil aprelida Bannu shahridagi turmaga uyushtirilgan hujumda yuzlab mahbuslar ozod qilingandi.

Muxbirlarga ko‘ra, hukumat endi jangarilar Dera Ismoil Xonda ham huddi shunday hujumni amalga oshirishga qanday qodir bo‘lganlari borasida qiyin savollarga yuz tutadilar.

Tolibon mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha hukumat bilan muzokara olib borgandan ko‘ra, turmalarni buzib o‘z safdoshlarini ozod qilish strategiyasini afzal biladigan ko‘rinadi.

O‘tgan oy, Islomoboddagi muxbirimizga ko‘ra, politsiya Karachidagi qamoqxonaga hujum uyushtirishga shaylanayotgan Tolibon a‘zolarini qo‘lga olganini da‘vo qilgandi.

Dera Ismoil Xon Pokistonning tog‘li qabilaviy hududidagi Xayber Paxtunxva viloyatida joylashgan.

Oxirgi hujum Pokiston rasmiylari mamlakatning yangi prezidentini tayinlashga tayyorlanayotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Yangi prezident seshanba kuni parlament va to‘rt viloyat kengashlari tomonidan Osif Ali Zardori o‘rniga tayinlanadi.