Pokistonda 6 nafar o‘zbekistonlik jangari qo‘lga olingan

Image caption O‘zbek jangarilari saflarida ayollarning ham borligi aytiladi

Pokistonning Panjob viloyatida Al-Qoida va Tolibon bilan yaqin aloqada ekani aytiladigan O‘zbekiston Islomiy Harakatining olti nafar a‘zosi qo‘lga olingan.

Politsiyaga ko‘ra, oltovlon Panjob hokimi Salman Tasirning o‘g‘li Shahboz Tasir va Amerika fuqarosi Varren Veynsteynni o‘g‘irlab ketishda ayblanmoqda.

Usmon Basra, Ne‘matulloh O‘zbek, Mufti Muhsin (Jaloliddin), Farhaj Mustafo, Rana Abdul Rahmon va Muhammadlar Panjob viloyatining turli mintaqalarida hibsga olinganlar.

Pokiston rasmiylarining aytishlaricha, tergov jarayonida ayblanuvchilar Shahboz Tasir va Varren Veynsteynlarni garovga olishgani hamda shia ulamosi Irfon Naqviyni o‘ldirishganini tan olganlar.

Shahboz va Varren hozirda Afg‘onistonda tutqunlikda ushlab turilganliklari aytiladi.

Ular shuningdek, Shayx Shahid ismli ishbilarmonni garovga olishgani va keyin u 100 million Pokiston rupiysi to‘lagach, ozod etilganini tan olishgan.

Politsiyaga ko‘ra, ayni hisbga olish jarayoni Shahboz Tasir va Varren Veynsteynni ozod qilish yo‘lidagi harakatlarga yordam berishi mumkin.

Qo‘lga olingan o‘zbek jangarilarining O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinib-qilinmasliklari noma‘lum.

O‘tmishda Pokiston o‘z hududida ushlangan o‘nlab o‘zbek fuqarolarini Toshkentga topshirgan.

Ekstraditsiya haqidagi kelishuv ikki davlat AQShning terrorga qarshi urushda yaqin ittifoqchisi maqomini olishi ortidan 2002 yil martida imzolangan edi.

Yangi strategiya

O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning qabila hududlarida 2001 yilning oxirlaridan e‘tiboran faol bo‘lgani aytiladi.

AQShning Afg‘onistondagi havo hujumlaridan qattiq zarar ko‘rgan harakat Pokistonning Afg‘oniston bilan chegara huddalarida qayta tashkilotlangan.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda amal qilayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining soni "bir necha yuz kishi"ni tashkil etadi.

O‘zbek jangarilari o‘tgan yillar mobaynida Pokiston harbiylari va hukumatparast qabila rahbarlarini nishonga olib kelishgan.

Ammo so‘nggi paytlarda O‘IH Afg‘onistondagi koalitsiya kuchlariga qarshi qator hujumlarni uyushtirgan.

Tahlilchilar bu yangi strategiya ekani, ushbu strategiya g‘arb nazarida O‘zbekiston Islomiy Harakatini yanada xavfliroq guruhga aylantirishini aytishadi.

Harakat rahbari Tohir Yuldosh 2009 avgustida AQShning Pokiston shimoli- g‘arbida amalga oshirgan dron hujumida o‘ldirilgan.

2012 yil avgustida uning o‘rniga tayinlangan va kuyovi ekani aytilgan Usmon Odilning ham halok etilgani xabar qilingan.

Shu yil boshida afg‘on rasmiylari o‘zbeklarning Pokistondan yana Afg‘onistonga qaytishayotgani, xususan, Afg‘oniston shimolida to‘planayotgani haqida bayonotlar berishgan.

Markaziy Osiyo hukumatlari, ayniqsa, O‘zbekiston AQSh va Nato qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng jangarilarning o‘z chegaralaridan sizib kirishidan xavotir bildirib keladi.