Adolat "do‘koni" va yo Tunisning muqobil mahkamalari

Image copyright AP
Image caption Tunis Salafiylari

Yillarki Arab diktatorlari Islomiy guruhlarning "jilovini" qo‘ldan bermay kelishdi.

Ammo 2011 yilning isyoni aksariyat guruhlarga ochiqdan ochiq faoliyat yuritish imkoniyatini yaratdi.

Arab bahorini boshlab bergan Tunisda ham kichik, ammo yaxshi tashkillashtirilgan aqidaparast guruhlar qudratdagi hukumat bilan bellashaman deb kurashga tushdilar.

Zotan, bir mahkama o‘laroq, bu zamonaviy dunyodagi mahkama tizimiga tom teskari edi.

Hakamning stolu stuli yo‘q edi.

U turgan joyida "hukm" chiqarar edi.

Mahkama xuddi "kiosk"ga o‘xshar edi.

Ammo Tunisning Bizerte shaharchasida bu kabi "mahkama"lar tobora ommalashib bordi.

Alal oqibat, ayni "kiosk"lar davlat mavqeisiga jiddiy daxl qila boshladi.

Bu kabi "mahkamalar" sobiq jihodiy jangari Abdusalom Sharif tomonidan yuritiladi.

Shariat qonunlari bilan u barcha masalalarga doir o‘z qarorini beradi.

Bir ayol o‘z eridan arz qilib kelgandi.

Uning eri ayolni qo‘yib yuborib, oila uyini o‘zi va jazmani uchun olib qolishni payida ekan.

Boshqa bir ota-ona o‘zlarining 14 yashar farzandlarini yo‘ldan urishga intilgan va mobil telefonini olib qo‘ymoqchi bo‘lgan erkak ustidan arzu hol qilib kelgan.

Hatto hozir nafaqaga chiqqan politsiyachi ham Abdusalomning xizmatidan foydalanmoqni joiz deb bilibdi.

U o‘z uyidan istalmagan ijarachini quvish niyatida ekan...

Har holatda ham Abdusalom va uning tarafdorlari o‘zlariga tushgan arzlarni davlat uddalay olmaydigan darajada samarali hal qilishayotgan ekan...

Arzhol ayol o‘z eri bilan yashashda davom etmoqda.

14 yashar o‘spiringa telefoni qaytarilib, "shilqimlik" qilgan erkak deyarli ko‘chaga chiqmaydigan bo‘lib qolibdi...

Istalmagan ijarachi qo‘rqitilgan (qanday qo‘rqitilgani ma‘lum emas) va nafaqadagi politsiyachining uyini tark etgan.

Ammo mulozimlar uchun muammo Abdusalomning o‘zi...Iyun oyida ular bu "muammoni" hal qilishdi.

Abdusalomning "kiosk-mahkamasi" vayron qilindi.

Hozir esa bu "mahkamadan" faqat vayrona temir-tersaklar qolgan, xolos.

Uning o‘zi esa ayrimlarning aytishlaricha Livan va yo Maliga qochib ketibdi.

Ammo Abdusalomning davlatga tahdidi hamon kun tartibidan tushgani yo‘q.

Abdusalom Salafiylardan bo‘lgan.

Din va dunyo o‘rtasida

Image copyright AFP
Image caption Salafiylar Tunis davlatchiligiga xavf deb ko‘riladi

Salafiylar dunyo bo‘ylab eng tez rivojlanayotgan sunniy mazhabidagi bir guruhdir.

Ularning nazarida, Islomga Muhammad Payg‘ambar vaqtida qanday amal qilingan bo‘lsa hozir ham shu yo‘lda davom etilishi kerak.

2011 yildan beri muqaddam diktatorlar ta‘qibi ostida bo‘lgan salafiylar hozir Tunis, Livan va Misrda anchayin erkin faoliyat boshlashgan.

Aksariyat Salafiylar o‘z aqidalarini yoyish yo‘lida zo‘ravonlikdan voz kechishadi.

Ammo Tunisda kichik bir ozchilik jiddiy tahdidga aylandi.

O‘tgan yil kuzida Salafiylardan iborat bir guruh olomon Tunisdagi AQSh elchixonasiga bostirib kirdi.

Fevral oyida esa Salafiylar dunyoviy muxolifat rahbari Shukri Belaydni o‘ldirishda ayblandilar.

Iyul oyi oxirlarida esa yana bir dunyoviy siyosatchi–sotsialist Muhammad Brahmi ham otib o‘ldirildi.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, har ikkala qotillikda ham bir xil qurol ishlatilgan.

Bizerteda esa zo‘ravonlik ochiq-oshkora emas edi.

Salafiy guruhlar "ahloq guruhlari" tuzishib, norasmiy politsiya kuchiga aylanishgan va Islomiy adab arkonlarini o‘rnatish harakatiga tushgandilar...

BBC Arab xizmati yozib olgan bir voqeada Salafiy yoshlar mast erkakni qurshab olishadi.

Ulardan biri bu erkakni temir zanjir bilan savalaydi.

Boshqa bir tunislik esa mashinada do‘sti bilan pivo ichib o‘tirganida yigirma nafarcha Salafiylar tomonidan kaltaklanganini aytadi.

Uning aytishicha, zo‘ravonlar "Ollohu Akbar" deb qichqirishgan va qilichlari bilan uni ura ketishgan.

BBC Arab xizmati shuningdek Bizertedagi sohilda bangivor modda sotishda gumonlangan shaxs Salafiylar tomonidan so‘roq qilishini voqeasini videotasvirga tushirgan.

Salafiylar bu odamni kaltaklashgani haqidagi da‘volarni rad etganlar.

Ammo u o‘z tanasida kaltak izlarini ko‘rsatgan.

Ammo Bizerteda Salafiylar anchayin yashirin faoliyat yo‘liga o‘tib olishgan.

O‘tgan oylar davomida politsiya Bizerteda 60, mamlakat bo‘ylab esa 2000 nafar Salafiyni hibs qilishganini ma‘lum etdi.

Salafiylarga qarshi hukumat amallari ular Kayruan shahrida anjuman o‘tkazishlariga qarshilik bilan boshlandi.

Politsiyani toshbo‘ron qilgan yoshlarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llandi.

Ichki ishlar vaziri Muhammad Al Aruyiga ko‘ra, inqilobdan keyin qonun va tartib izdan chiqib ketgan.

"Biz yana qadamma qadam nazorat o‘rnatish harakatiga tushdik. Davlat xavf ostida qoldi. Ayrim guruhlar hukumatni ag‘darmoqchi bo‘ldilar. Biz jiddiy amal qilishga majbur bo‘ldik", - deydi Ichki ishlar vaziri.

2011 yildan beri Tunisni idora qilib kelayotgan mo‘‘tadil Islomchi guruh "Ennahda" (Uyg‘onish) partiyasi uchun Salafiylarga qarshi chora ko‘rish nozik masala edi.

Tunis nisbatan liberal bir mamlakat va "Ennahda" partiyasi Misrdagi "Musulmon Birodarlar" harakati kabi qudratdan ag‘darilmaslik uchun harakat qilishi va ayni vaqtda mamlakatdagi Islomiy saylovchilarning dastagini yo‘qotmaslik yo‘lida kurashishi kerak bo‘ladi.