Registan.net Almatovga qarshi Inoyatov, MXX va Ichki Ishlar Vazirligi raqobati haqida

Image copyright none

Registan.net blogerlar sahifasida o‘zini Aleksandr, deya taqdim etgan Britaniyadagi tadqiqotchi nomidan chop etilgan maqolada aytilishicha, O‘zbekisonda yaqin orada erkin va ozod saylovlar bo‘lib o‘tmaydigan ko‘rinadi.

Shu yil boshida prezident Karimov yurak hurujiga uchraganligi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlar qudrat almashinuvi borasidagi mish-mishlarga yanada turtki berdi, deyiladi ushbu maqolada.

Muallif qudratga merosxo‘rlar sifatida Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev va uning o‘rinbosari Rustam Azimovlarni sanab o‘tgan.

Lekin unga ko‘ra, 2015 yilgi saylovlarda kim g‘olib bo‘lmasin, mamlakat boshqaruvi aynan uning qo‘lida bo‘lmaydi.

"MXX mamlakatni boshqaradi, MXXni esa Rustam Inoyatov", - deya xulosa qilgan u.

Aytilishicha, Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbari Rustam Inoyatov O‘zbekistondagi eng qudratli shaxs sifatida ko‘riladi.

1944 yili tug‘ilgan Rustam Inoyatov Toshkent Davlat Universitetining Sharqshunoslik fakulteti Fors tili bo‘limini bitirgan.

Shuningdek uni katta ta‘sirga ega va Farg‘ona "klani" bilan til topishgan Toshkent "klani" rahbari ham deyishadi.

Muallifning yozishicha, 1990 yillardagi Tojikistondagi fuqaro urushidan farqli o‘laroq O‘zbekistondagi "fuqaro urushi" mavjud klanlar o‘rtasida yopiq eshiklar ortida o‘tadi.

O‘zbekiston hukumati bu kabi "klan"lar mavjudligini hamisha rad etib kelgan.

Maqolada yozilishicha, Islom Karimovning qudratga kelishida Samarqand "klani"ning rahbarlaridan bo‘lmish Ismoil Jo‘rabekov katta rol o‘ynagan.

Unda shuningdek, Islom Karimov rahbarligi ostida sobiq Ichki Ishlar vaziri Zokirjon Almatov ham anchagina ta‘sir doirasiga ega bo‘lgani aytilgan.

"O‘zining qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargan Zokirjon Almatov mamlakatda jinoyatchilik darajasining tushishi uchun ham mas‘ul ko‘riladi".

"1993 yili janob Karimov ikki narsani tushunib yetdi. Birinchidan, uning Samarqand "klani"ni qo‘llab quvvatlayotgani boshqa "klan"lar tomonidan, ayniqsa Toshkent va Farg‘ona klanlari tomonidan "rashk"ka sabab bo‘layotgani va ikkinchidan, Almatov unga qarshi davlat to‘ntarishini tashkillashtirishga qobil ekani".

Bu ikkala muammoni yechish uchun janob Karimov Inoyatovni yechim sifatida ko‘rdi, deya xulosaga kelgan maqola muallifi.

"1995 yili u Inoyatovni MXX raisi etib tayinladi va Almatovning tobora kengayib borayotgan ta‘siriga qarshi kurash uchun mablag‘ va kuchni uning qo‘liga topshirdi".

MXX Ichki Ishlar Vazirligiga qarshi

Maqola muallifining yozishicha, Inoyatov rahbarligi ostida MXX qudrati tezlik bilan kuchaydi.

"MXX tez orada prokurorlar ustidan nazoratni qo‘lga oldi. 1999 yilga kelib MXX Ichki Ishlar vazirligi va Samarqand klaniga qarshi tura oladigan darjaga ko‘tarildi. 1999 yanvar oyida janob Inoyatov birinchi "hujum"ni amalga oshirdi: Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov qudratdan chetlatildi".

Muallif shundan so‘ng 1999 va 2004 yilgi Toshkentdagi portlashlarga e‘tibor qaratib, MXX va Ichki Ishlar vazirligi bu hujumlardan avvaldan voqif bo‘lgani va o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga uringanliklari haqidagi xulosaga kelgan.

"Bu yo‘lda ikki tashkilot o‘rtasidagi raqobatda MXXning qo‘li baland keldi".

Muallif fikricha, bu davrda ham Inoyatov va ham Almatov mutlaqo mustaqil va tish-tirnog‘igacha qurollangan harbiy kuchlarga rahbarlik qilishgan.

"Inoyatovning kuchlari son jihatdan kichikroq bo‘lsa ham uninng qo‘li ostida "Alfa", "Skorpion" (Chayon), "Kobra" kabi maxsus bo‘linmalar bor edi. Ikkalalari ham O‘zbekistondagi biznes doiralarini nazorat qiluvchi zobit va tekshiruvchilarga ega edilar".

Maqolada aytilishicha, 2005 yili Inoyatovga Bojxona Xizmati ustidan nazorat ham berildi. Shu bilan birga 10 ming askardan iborat Chegara Xizmati Qo‘shinlari ham uning qo‘liga o‘tib, unga tegishli kuchlar soni deyarli ikki barobarga oshdi.

Muallifga ko‘ra, janob Almatov 2005 yili Andijon hodisalari oqibatlari tufayli Inoyatovga qarshi kurashda mutlaqo kuchini yo‘qotdi va vazifasidan ketib, sahnadan yo‘qoldi.

"Bugungi kunda Rustam Inoyatov nafaqat MXX va Ichki Ishlar vazirligi balki hukumatning barcha boshqa bo‘linmalarini ham nazorat qiladi. Uning odamlari har bir vazirlik va idorada bor. Ular nafaqat davlat ishlarini olib boradilar, ayni vaqtda Inoyatov uchun ma‘lumot ham to‘playdilar. Kimda-kim Inoyatovni tanqid qilsa, shu zahotiyoq bu haqda xabar yetkaziladi va ular ishdan olinadi", - deyiladi maqolada.

Muallifning xulosa qilishicha, O‘zbekistonda qudrat mutlaqo MXX qo‘lidadir.

"Karimovning Almatovga qarshi kurashda asosiy quroli bo‘lishi kutilgan janob Inoyatov, hozirda Putin qilgan ishni qilib, butun mamlakatni nazorat ostiga ola bildi. Karimov bilishini istamagan ma‘lumotni Inoyatov to‘sa oladi. Har zamonda paydo bo‘ladigan aksil-hukumat evrilishlaridan esa o‘z manfaati yo‘lida foydalanishda davom etmoqda".