BMT Tojikistonni tanqid qildi

Image caption Xoro‘g‘dagi harbiy amaliyotda tinch aholi orasidan qurbonlar bo‘lgan

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson haqlari bo‘yicha komissiyasi Tojikiston hukumatiga doir hisobotini e‘lon qildi.

Hisobotda o‘tgan yil iyul oyi Xoro‘g‘da kechgan maxsus harbiy amaliyot chog‘i tinch aholi orasidan qurbonlar berilganidan xavotirlik bildirilgan.

Xoro‘g‘dagi voqealar va harbiy amaliyotga doir tergov hali ham tugagani yo‘q, BMT mutaxassislari rasmiy Dushanbeni aybdorlarni adolat hukmiga havola etish va qurbonlar oilalariga tovon to‘lashga da‘vat etishgan.

Ayni hisobotda, BMT komissiyasi Prezidentlik saylovi arafasida muxolifat rahbarlariga qarshi ta‘qib va tazyiqlardan xavotirlik izhor etgan.

Alohida hol o‘laroq, "Yangi Tojikiston" lideri Zayd Saidovning qamoqqa tashlangani urg‘ulanadi.

"1999 yilda Tojikiston fuqarolik va siyosiy huquqlarga doir xalqaro bitimni imzolagan. Bu bilan Tojikiston hukumati ana shu bitimning barcha talablarini bajarish ma‘suliyatini o‘z zimmasiga olgandir. Ammo o‘tgan 14 yil davomida hukumat ayni bitimning barcha shartlarini bajarishga shoshilmayotgan ko‘rinadi", - deyiladi BMT hisobotida.

Tojikiston Markaziy Osiyoning eng kambag‘al mamlakatlari biri va o‘tgan asr oxirlarida besh yillik fuqarolar urushini boshidan kechirgan.

So‘nggi paytlar, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumat demokratik muxolifat va hamda rasman ro‘yxatga olingan Islom Uyg‘onish Partiyasi a‘zolariga nisbatan bosimni kuchaytirgan.

Noyabr oyi kechishi taxmin etilayotgan Prezident saylovlari oldidan joriy prezident Imomali Rahmon hukumati o‘ziga tanqidiy munosabat bo‘lgan har qanday chiqishga toqatsiz munosabat ko‘rsatayotgani aytiladi.