UzWebiston: Gulnora Karimova Twitterda pop yulduzlarini tanqid qildi

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova Twitter mikroblog tarmog‘ida O‘zbekistonlik uch pop qo‘shiqchisi ijodini tanqid ostiga olib, tanbeh berdi.

21 iyul kuni Gulnora Karimova yozgan xabari Lola Yo‘ldosheva haqida. Lola Yo‘ldosheva muxlislari tomonidan o‘tkazilgan tadbir tushirilgan suratga munosabat bildirar ekan u "Bu huddi "Fond Forum" tadbirlarining o‘zginasi", - deya ko‘chirmakashlikka ishora qilgan.

Keyinroq esa "Faqat ustidagi qog‘ozini salgina o‘zgartiribsizlar xolos. Huddi o‘zginasini ko‘chirib qo‘ya qolmabsizlarda! Mayli nusxa ko‘chirish ham oqil qadam. Raxmat", - deya xabar yozgan.

Bunga javoban Lola Yo‘ldosheva ushbu tadbir uning maxlislari tomonidan uyushtirilgani, ularning aksari hali yosh ekani va ular o‘rnak oladigan va o‘rganadigan insonlari borligidan hursand ekanini yozib, "uzrxohlik" qilgan.

"Eng asosiysi nusxa ko‘chirishda ham oshirib yubormanglar. Chunki ahmoqona bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Rostini aytganim uchun uzr", - deya javob qaytargan Gulnora Karimova.

8 iyul kunidagi Twitter xabarida esa Gulnora Karimovaning e‘tibor markazida qo‘shiqchi Rayhon G‘aniyeva bo‘lgan.

Karimova xonim Rayhon G‘aniyevaning "Fond Forum" tadbridagi chiqishidan qoniqmaganligini shunday izhor qilgan: "20 yillik tajribaga ega bo‘lgan qo‘shiqchi uchun bunday kuylash sharmandalik. Mutlaqo pardadan chiqib ketgan".

Rayhon G‘aniyeva ham uzr so‘rab Twitterda yozgan: "Uzr so‘rayman. Sizni xafa qilmoqchi emasdim. Qo‘limdan kelgancha harakat qildim"

Qo‘shiqchi Sardor Rahimxon esa ijodi tufayli emas, go‘yoki Facebook tarmog‘ida "Ahmedovlar" bilan muloqot qilgani uchun tanqidga uchradi.

Anglashilishicha, bu yerda gap MTS-Uzbekistan mobil telefon shirkatining sobiq rahbari Behzod Ahmedov haqida ketmoqda.

26 iyul kuni Gulnora Karimova Sardor Rahimxonning o‘ziga yo‘llangan maqtoviga javob berar ekan, "Raxmat. Lekin menda bir savol bor, Facebook da kimlar bilan gaplashayotgan eding? Ahmedovlar bilan deyishyapti?...Shunaqa sotqinmisan?" - deb yozgan.

Bunga javob berar ekan, Sardor Rahimxon "Yo‘q men emas, mening nomim bilan Facebook da soxta sahifa bor, o‘shalar", - deya tongan.

Lekin Karimova xonim bunga ishonmagan: "Bu sening sahifang. Bundan yomon is kelayotganini bilasanmi?", - deya "po‘pisa" qilgan.

Sardor Rahimxon "Sizni qanchalar sevishim va hurmat qilishimni o‘zingiz bilasiz", - deyishdan u yog‘iga o‘tmagan.

"Ha mayli...bo‘lib turadi...balkim haqiqatan ham soxtadir", - deb "yumshagan" Karimova xonim.