Qozog‘istonda Muxtor Ablyazovning hibsga olinishiga turfa munosabat

Image caption Muxtor Ablyazov Frantsiyada Chorshanba kuni hibsga olingan

Qozog‘istonlik oligarx va muxolifatchi Muxtar Ablyazovning Frantsiyada qo‘lga olinishi ga Qozog‘istonda turli munosabat yangramoqda. Qozoq prokuraturasi Ablyazovga ochilgan jinoyat ishini tergov qilish davom etayotganini aytsa, bir guruh qozog‘istonlik faollar Frantsiya elchixonasi oldida chiqish qilib Ablyazovni Qozog‘istonga yubormaslikni talab qilmoqda. Kuzatuvchilar muxolifatning faol dastakchisi bo‘lgan Ablyazovning ushlanishi muxolifat guruhlari va matbuotiga jiddiy zarba bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Olma otadagi bir guruh faollar Frantsiya elchixonasi oldiga yig‘ilishdi. Ularning bosh talabi Frantsiyadan qo‘lga olingan Muxtar Ablyazovni Qozog‘iston yoki boshqa sobiq Ittifoq davlatlariga ekstraditsiya qilmaslik.

Yig‘ilganlar Frantsiya prezidenti Fransua Ollandga maktub bilan murojaat qilib Qozog‘istondagi siyosiy tuzimdan ogoh etishgan va Ablyazovni yubormaslikni so‘rashgan.

"Ruh bilan til" klubi rahbari Janpo‘lat Mamay Muxtar Ablyazovning qo‘lga olinish masalasi qachon bo‘lsa ham kutilayotgani aytadi.

"Ablyazovni qo‘lga olish uchun Oqo‘rdaning buyurtmasi bilan Rossiya maxsus kuchlari ham qo‘shildi. Ablyazov birinchi raqamli dushman bo‘lgani uchun rasmiy Ostona uning ushlanishi uchun na kuchini va na mablag‘ini ayadi. Uning qo‘lga olinishi qonuniy jarayon. Men shaxsan Ablyazov bilan tanish emasman. Ammo uning qo‘lga olinishi siyosiy buyurtma sanaladi. Ablyazovning Qozog‘istonga ekstraditsiya qilinishiga qat‘iy qarshiman. Chunki Qozog‘istonda erkin sud va adolat yo‘q", - deydi Janpo‘lat Mamay.

Janpo‘lat Mamayga ko‘ra Ablyazov nisbatan qo‘yilayotgan milliardlab dollarni o‘marish ayblovi bo‘yicha mahkama bo‘lishi kerak. Biroq faqat Qozog‘istonda emas.

Siyosatchi Serikjan Mambetalin Muxtar Ablyazov muxolifatning bir qismini moliyalashtirib turganini va mustaqil OAV tizimini yaratganini aytadi.

"Muxolifat keskin zaiflashadi. Hukumat istagan islohatlari va o‘zgarishlarni amalga oshirishi mumkin. O‘zining yakuniy pallasiga kirib borayotgan merosxo‘r operatsiyasini to‘siqlarsiz bitirib olishi mumkin", - deydi Serikjan Mambetalin.

Mambetalin janoblariga ko‘ra hozirgi hukumat o‘ta kuchli va rivojlangan davlatlardan maslahatchilarni sotib olishdan tortib, davlat rahbarlarigacha sotib olish qurbiga ega. Shuningdek mavjud muxolifat o‘ta zaif, Ablyazovning qamoqqa olinishi esa uni yanada sochib yuboradi.

Muxolifatchi Amirjan Qo‘sanov Ablyazov bir qism muxolifatni pul bilan ta‘minlab turganini va qolgan muxolifat qarshilik ko‘rsatishda davom etaverishini aytadi.

"Albatta, Ablyazov "Olg‘a" partiyasi va mustaqil OAV oldida ma‘lum majburiyatlarni bajardi, moliyaviy jihatdan yordam berdi. Lekin u butun muxolifatni ta‘minlagani yo‘q. Uning yo‘qligi muxolifatga sezilarli yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Ammo bu yo‘q bo‘lish degani emas. Qozog‘iston muxolifati Muxtar Ablyazovgacha ham bo‘lgan, uning davrida ham mavjud va muxolifat Ablyazovsiz ham yashashi mumkin. Bu gaplar faqat unga emas, hammamizga tegishli. Bitta odam Qozog‘istondagi barcha muxolifatning taqdirini hal qiladi, demaslik kerak", - deydi Amirjan Qo‘sanov.

Ablyazov o‘tgan yili Britaniya mahkamasi tarafidan 22 oyga qamalishi hukmidan so‘ng Britaniyani maxfiy ravishda tark etgan edi.

Qozog‘istonning eng badavlat insonlaridan hisoblangan Muxtor Ablyazov 2009 yili o‘z bankining davlat tarafidan musodara etilishi natijasida o‘z yurtidan qochgan edi.

2011 yili Britaniya unga siyosiy qochqin maqomini berdi.

Qozog‘iston uni davlat mablag‘larini o‘marishda ayblab keladi.

Ablyazov bu ayblovlarni rad etib, ular siyosiy tusga ega deydi.