Muxtor Ablyazov Frantsiyada qamoqqa olingan

Image caption Ablyazov Fransada qamoqqa olingan

O‘zining sobiq BTA bankidan 6 milliard dollar o‘margan degan ayb bilan qidiruvda bo‘lgan Qozoq oligarxi Muxtor Ablyazov chorshanba kuni Frantsiyaning Kann shahri atrofida politsiya tarafidan qo‘lga olingan.

Politsiyaning bildirishicha u Kann shahridan 8 kilometr shimolda joylashgan Muan-Sartu qishlog‘ida ushlangan. Politsiyaning bildirishicha 1 avgust ertalab mahkamaning bu ishni ko‘rib chiqishi mo‘ljallangan.

Ablyazov o‘tgan yili Britaniya mahkamasi tarafidan 22 oyga qamalishi hukmidan so‘ng Britaniyani maxfiy ravishda tark etgan edi.

Qozog‘istonning eng badavlat insonlaridan hisoblangan Muxtor Ablyazov 2009 yili o‘z bankining davlat tarafidan musodara etilishi natijasida o‘z yurtidan qochgan edi. 2011 yili Britaniya unga siyosiy qochqin maqomini bergan edi.

Qozog‘iston uni davlat mablag‘larini o‘marishda ayblab keladi.

Ablyazov bu ayblovlarni rad etib, ular siyosiy tusga ega deb keladi.

Bu yilning iyun oyida uning rafiqasi hamda 6 yashar qizi Italiyadan Qozoqstonga deportatsiya etilganida bu hodisa dunyo matbuoti sarlavhalarini qayta egallagan edi.