D&B: O‘zbekistonda vaziyat qaltislashmoqda

Image copyright none

Turli mamlakatlardagi xavf-xatarlar darajasini o‘rganuvchi Belgiyada joylashgan D&B shirkatining oxirgi bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda vaziyat og‘irlashmoqda.

Shirkatning oxirgi hisobotida aytilishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy erkinliklar hanuz zaifligicha qolmoqda. Iqtisodiy erkinliklar darajasi bo‘yicha O‘zbekiston 177 mamlakat orasida 162- o‘rindadir.

Shirkatga ko‘ra, mamlakatda iqtisodiy imkoniyatlar bir hovuch tanlangan "hamkorlarga" beriladi, davlat tomonidan qattiq nazorat qilinuvchi moliya tizimi kreditlarni "siyosiy erkatoylarga" taqdim qiladi va butun tizim shaxsiy sektor rivojlanishi yo‘lida katta to‘siqdir.

O‘zbekistonda rasmiylar Yalpi Yillik Mahsulot hajmi o‘sishi yiliga 8 foiz atrofida deb aytsalar ham, bu raqamlar siyosiy qo‘llovga erishish yo‘lida taqdim qilingan va ishonchsizdir. Shunga qaramay shirkat O‘zbekiston iqtisodi o‘sishini 2014 yil uchu 8 foiz atrofida bo‘lishini taxmin qilgan.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni olib kelish uchun asoslar mustahkamlanayotgan bo‘lsa ham mamlakatga bormoqchi bo‘lgan sarmoyadorlar ko‘plab to‘siqlarga duch keladilar.

Konvertatsiya muammosi eng katta muammolardan biri sifatida tilga olingan.

Lekin bu xorij sarmoyalari kirib kelmayotganligini anglatmaydi. Ammo shunga qaramay shirkat xorijiy sarmoyadorlarni O‘zbekistondagi hamkorlar bilan ish yuritishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishdan ogoh etgan.

O‘zbekiston tashqi siyosatidagi pastu-balandliklar ham hisobotda tilga olingan.

Bu sohadagi oxirgi muammoli jihat sifatida Qirg‘iziston bilan chegarada bo‘lib o‘tgan otishma yuzasidan ikki tmon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dahanaki jang misol tariqasida keltirilgan.