UzWebiston: "O‘zbekiston televideniyesi ko‘rsatuvlari zerikarli"

Image copyright none

O‘zbekistondagi mashhur "Darakchi" gazetasi o‘quvchilari orasida o‘zbek telekanallaridagi dasturlarga munosabatni bilish maqsadida noodatiy so‘rov o‘tkazdi.

Gazeta o‘z web sahifasida "So‘z sizga" – televideniyedan ko‘nglingiz to‘layapti" degan sarlavha ostida foydalanuvchilarning fikrini jamlagan.

O‘quvchilarga "Qaysi teledastur yoki qaysi boshlovchilar sizga manzur bo‘lyapti? Qaysi ko‘rsatuvni miriqib tomosha qilasiz-u, qaysilarini ko‘rishga sabringiz yetmaydi?

Eng yaxshi ko‘rsatuv deya qaysi dasturni ayta olasiz? Eng yomon ko‘rsatuv va eng jiningiz suymaydigan teleboshlovchilar kimlar?", kabi savollarni bergan.

"Mazkur mavzuga bildirgan fikrlaringiz albatta inobatga olinib, gazetamiz sahifalaridan joy oladi", - deyiladi 30 iyul kuni chiqqan so‘rovnomada.

Loyiha web sahifa o‘quvchilari orasida katta qiziqishga sabab bo‘lgan. Fikr bildiruvchilarning ko‘pchiligi mahalliy telekanal dasturlarining sifatsizligi va xorij ko‘rsatuvlaridan ko‘chirmakashligini tanqid qilgan.

Mashhur o‘zbek TV shoularini esa zerikarli va bir tomonlamalikda ayblagan foydalanuvchilar ularni qanday qiziq qilish borasida o‘z g‘oyalarini yozgan.

Xorij dasturlaridan ko‘chirmakashlik

"Faqat undan bundan ko‘chirib ko‘rsatuv qilmasdan, bizda xar yili qancha jurnalislar bitiradi shu bitiruvchilar fantaziyasini ko‘rsatsa, manimcha qancha zo‘r-zo‘r ko‘rsatuvlar paydo bo‘ladi, Eski olingan narsalar xam kerak, lekin bizning xar bir viloyatimizda 100 xil ko‘rsatuvlar tayyorlaydigan mavzular tiqilib yotibdi (boru lekin kam). Nimaga biz ulardan ko‘rib ko‘rsatuv tayyorlashimiz kerak. Yoki bizning universitetlarimiz jurnalist tayyorlamaydimi? Kerak bo‘lsa ular bizdan ko‘rib ko‘rsatuv qilsin", deydi Sharof aka ismli foydalanuvchi.

"Bizning ko‘rsatuvlar Rossiya ko‘rsatuvlarining o‘zbekcha varianti", - deydi W2.

Asqarjon esa necha yillardan beri o‘zbek telekanallarini ko‘rmay qo‘yganini aytadi.

"Bir necha yillardan beri davlat kanallarini tomosha qilmay qo‘yganman. Faqat to‘g‘ri kelib qolsa, "Zakovat"ni ko‘rib turaman. Sababi, asabimni buzishni istamayman. Mayli, men ko‘rsatuvlar va ularning boshlovchilarini tanqid qilib o‘tirmayman. Faqat qanday qilinsa yaxshi ko‘rsatuv bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrlarimni bildiraman.

Birinchidan, kanallar o‘rtasida sog‘lom raqobat kerak. Ikkinchidan, raxbarlar siyosiy xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqishni yig‘ishtirib, zamon talabiga javob beradigan ko‘rsatuvlar yaratish ustida bosh qotirishi kerak. Keyin yangi ko‘rsatuvlar g‘oyasini ko‘tarib chiqqan insonlarni, ular xoh televideniyeda ishlasin, xoh ishlamasin, jiddiy ko‘rib chiqib, xolisona ko‘rik asosida tanlab olish kerak. Boshlovchilarni tanlashda o‘ta talabchanlik zarur. Va eng muhimi, ko‘p mablag‘ sarflash lozim, arzonning sho‘rvasi tatimaydi. Mayli, ko‘chirib olishsin, lekin zo‘r bo‘lishsa, o‘g‘rilik qilmasdan, o‘sha ko‘rsatuvlarning egalari bilan hamkorlikda qilishsin. Shunda haqiqiy shou dasturlari paydo bo‘ladi".

Bir tomonlama va zerikarli

Bobur ismli foydalanuvchi shunday deydi, "O‘zbekiston telekanallari orasida asosan ko‘radiganlarim UzHD, Toshkent telekanallaridir. UzHD o‘zining tasvir jixatlarining yuqoriligidan tashqari o‘zining badiiyligi bilan manzur bo‘lmoqda. Toshkent telekanalida shahrimizning dolzarb masalalari bo‘yicha chiqishlar tez-tez bo‘lib turadi. Ko‘rsatuvlardan so‘zamon Gulxida Jo‘rayeva boshchilik "Osh bo‘lsin" va yo‘l xarakati to‘g‘risidagi "Avtopatrul" yoqadi boshlovchilari zab munosib. Televideniyedan ko‘ngil to‘lmagani Bahs munozarali ko‘rsatuvlarning kamligi, xabarlarning esa bir tomonlamaligidir".

"Masalan bizda (Surxondaryo, Boysun tumani) da O‘zbekiston kanalidan boshqasini antennani 200 metr balandlikga ko‘tarib ham to‘lqinini ushlolmaysiz. Yoshlar kanali, NTT kanallari haqida faqat eshitganmiz, ko‘rmaganmiz. Ko‘rsatuvlarni bir ovozdan saviyasi past. Kino arxivda Hindiston kinolaridan boshqa kinolar qolmagan shekilli."Mehmonxona xo‘jayini" degan kinoni o‘tgan qismini yarmidan qo‘yib berishadi. Shu ham insofdanmi?", deydi Zuhriddinbek.

Anvar ismli o‘quvchi Zuhriddinbekning gaplarini qo‘llab quvvatlaydi va gazetaga odamlarga o‘z fikrini bildirishga imkon yaratib bergani uchun minnatdorligini aytadi.

"Koreyscha teleseriallar batamom jonga tegdi. Jahon estrada san‘atkorlari, jahon siyosatchilari, umuman jahonda yuz berayotgan yangiliklar va kashfiyotlar to‘g‘risida dasturlar tayyorlaydigan bitta ham ijodkor yo‘q", deb yozg‘iradi Sasha.

Boshqa o‘quvchilar o‘zbek telekanallari ovqat haqidagi ko‘rsatuvlar bilan to‘lib ketganidan nolishadi.

"Ro‘zg‘or maktabi", "Aylanay", yana Jahongir Poziljonov olib boradigan ovqat pishiradigan ko‘rsatuvlar, "Kaminanig oilasi" kabi seriallar kamroq bo‘lsa yaxshi bular edi", deydi Yeldor 0464.

- Yoshligimizda "Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi" judayam yaxshi va tarbiyaviy ko‘rsatuvi tez tez bo‘lar edi. "Azizim", "Zakovat". Qolgani yaxshi emas. Qo‘lida pichoq ushlamagan "yulduzlar" ovqat pishiradimiyey. Teletomoshabin tezroq televizorni o‘chirsin deb, jonga tekkan kinolarni va boshqa ko‘rsatuvlarni "talablarga binoan" deb qaytaraverishadi. Yaxshiyam kabel bor, Rossiyaning yaxshi seriallarini va qiziqarli ko‘rsatuvlarini, bahslarni ko‘ramiz, - deydi Ne‘mat ismli foydalanuvchi.