Toshkentdan maktublar: Klara Tsetkinning tug‘ilgan yili

Image caption Murod Muhammad Do‘st: Toshkentdan maktublar muallifi

Said Ahmad haqida kichik rivoyatlar (davomi)

Ustozimizning ob-havo o‘nglanadimi, dalada boshoq to‘qroq unib, bog‘dagi daraxt mo‘lroq meva beradimi, ozgina neklik bo‘lsa bas, davr egalarini birrov duo qilib qo‘yadigan odati bor edi. Biz yoshlar sarkashroq edik, lekin oqsoqolning yoshini o‘ylab e‘tiroz qilishga iymanardik. Keyinroq, ancha sinashta bo‘lib qolgandan so‘ng, domlamiz saltanat sajjodasini yozgan paytlarda, Kalvak Maxzumning mashhur so‘roqlaridan birini iqtibos keltirishni o‘rgandik: "Az taxi dil cho‘qindingmu, yoki mazmuni zamonasozlig‘mu?"

Yolg‘iz nevarasining oti Saidsharof edi. Bu ismda Sharof Rashidov davridan ochiq tama ko‘rinadi desak insofdan bo‘lmas, lekin bari bir, nedir ilinj belgisi borday. Kezi kelganda aytish joizki, Rashidov otda ekanida kattaroq amaldor, mashhurroq olim yoki shoirning xotini, qizi yoki kelini o‘g‘il tug‘sa bas, bechora go‘dak muqarrar tarzda Ilhom deb atalishga mahkum, sababki, Sharof akaning o‘g‘lining oti shunday edi. Hatto qardosh Ozarbayjon rahbari Haydar Aliyev ham o‘g‘lini Ilhom atagan. Farq shuki, Haydar Aliyevning o‘g‘liga ayni ismni qo‘yganida qardoshlik lutfi bor, bizniki esa – qip–qizil xushomad. Umuman, o‘sha zamonda tug‘ilgan ilhomlarning soni behisob edi. Bugungi ozod zamonda unib–o‘sayotgan islomlardan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, aslo kam emas.

Sharof Rashidov ketib, uning o‘rniga Inomjon Usmonxo‘jayev xalqqa in‘om etilganida ustozimiz birdan yaqin o‘tmish "zulmi"dan noliydigan bo‘lib qoldi. Shoshilinch tarzda "Jimjitlik" degan roman yozib, turg‘unlik davrini qattiq tanqid qildi. Rahbariyat nazariga tushdi – nedir katta majlisda maqtaldi.

Ul zamonlarda sarkotib nomi ulug‘ ersa–da, bugungi dabdabalar rasm emasdi. Kattalar o‘tganda yo‘l chetida shamday tek qotib turadigan mirshablar ham, ulus orasidan badniyat unsurlarni zimdan axtarib izg‘iydigan xufyalar ham yo‘q edi. Usmonxo‘jayev Do‘rmonda, yozuvchilar bog‘iga devor–darmiyon va keyinchalik shifoxonaga qo‘shib berilgan serdaraxt katta hovlida yashar, yonida – birgina qo‘riqchi, ertalab badastir ishga ketib, kechqurun ishdan qaytar edi. Ayrim yozuvchiyu shoirlarimiz sarkotibning ishga jo‘nash vaqtini aniq bilar va ta‘zim bajo etib qolish ilinjida atay qarorgoh atrofida aylanib yurar edi. Tili zaharroq bir adibimiz (kimligi aniq yodimda yo‘q, o‘zimcha Nosir Fozilov deb gumon qilaman) ayni qo‘shnilik bahonasida lutf qilganiday, rahbariyat bilan adabiyot ahli bir-biriga hech qachon Usmonxo‘jayev davridagiday yaqin bo‘lgan emas, deb aytgan edi.

Kimsan sarkotib Usmonxo‘jayevni oshkora tanqid qilgan bir shoir borki, shu joyda uni eslamasak gunoh bo‘lishi tayin. Gap Vosit Sa‘dulla degan bugun sal unutilgan shoir haqida. Vosit aka rahmatli har yili Do‘rmondagi yozuvchilar bog‘ida to‘rt-besh hafta yashab, kerakli miqdorda g‘azal bitib ketardi. O‘ta chimxo‘r, meva, ko‘kat, qotgan non va yog‘siz qatiqqa ruju qo‘ygan, fe‘li torroq kishi edikim, erta tongda nishabdagi Arg‘in qishlog‘iga, qatiqfurush qozoq tanishi xonadoniga tushib-chiqishni kanda qilmasdi. O‘sha kuni Usmonxo‘jayev ishga barvaqt otlangan ekanmi, yo‘lda uch litrlik shisha idishda qatiq ko‘tarib kelayotgan Vosit akani ko‘rib qolibdi. Shoirni tanirkan, moshinani sekinlatib, yarim ochiq oynadan bosh chiqarib, quyuq so‘rashibdi...

Vosit aka rahmatlining o‘rnida boshqa shoir bo‘lsa, ayni voqeani dunyoga doston qilib yuborardi. Vosit Sa‘dulla esa hech kimga gapirgani ham yo‘q. Sarkotib bilan g‘azalnavisning "olamshumul" uchrashuvi nihonligicha qolib ketishi ham mumkin edi, ammo bir kuni ustozimiz Said Ahmadning "Inomjon aka"lab og‘zidan bol toma boshlagan choqda Vosit aka birdan portlab ketdi: "O‘n yosh kichkina odam birdan "aka" bo‘p qoldimi hali? Amali bo‘lsa – o‘ziga! Qaysi kuni yo‘lda ko‘rdim, darrov tanidi, lekin mensimadi, moshinasining oynasini sal tushirib, til uchida so‘rashdi. Eshon o‘g‘liga mutlaqo tarbiya bermagan ekan. Taniganing tuzuk, to‘xtaganing ham tuzuk, lekin shunga yarasha birrov moshinadan tushib, qo‘l berib salomlashsang o‘lasanmi, nomard?!.."

Said Ahmad bu qadar osiylikni kutmagan ekan, birdan mum tishlab qoldi. Biz, beadab shogirdlar, ovozsiz, lekin silkinib–silkinib kula boshladik. Vosit aka esa baloni ham tushunmadi, asabiy qo‘l siltab, nari ketdi.

Usmonxo‘jayev Do‘rmondan turmaga ko‘chib, Rafiq Nishonov amalga mindi. Lekin u mansabida uzoq o‘tirmadi, Farg‘ona mojarosi va "qulupnay" voqeasidan keyin, Maskovga ko‘tarilib ketdi. Umuman olganda, Rafiq Nishonov omadi chopgan odam ekan. U ketib, jilov Islom Karimov qo‘liga o‘tganida, qalam ahli sobiq rahbarni to‘yibroq so‘kishga ham ulgurmay armonda qoldik – Sho‘rolar Ittifoqi qulab tushdi. Lekin qadim an‘anaga putur yetmadi: ko‘ngil kosasini limmo–lim to‘ldirib turgan sallamnolar yangi rahbar poyiga sochildi. Yangi mafkura olovida toblanib ulgurgan g‘azab va nafratimizga Nishonovdan kattaroq nishon topildiki, manfur sho‘rolar tuzumiga la‘nat yog‘dirishdan bu kun qadar to‘xtaganimiz yo‘q.

Sal muddat o‘tib, Rashidov nomi nedir shoshilinch ehtiyoj sababli siyosiy savdo muomalasiga qaytarilgan qisqa muddatda, ustozimiz "Jimjitlik" romanini zamonaga moslab qayta ishladi va qayta nashr qildi.

Albatta, bu xil evrilishlarini domlaning yuziga solgan paytlarimiz bo‘lgan. Qarangki, u ham aybini ochiq tan olardi, so‘ng aytardiki, sanlar ko‘rmagansanlar, iloyo, ko‘rmanglar ham, maning yuragim olinib qolgan, qo‘rqaman... birgina man emas, Mirkarim akayam qo‘rqardi, Mirtemir domlayam qo‘rqardi... ana, Shukrulloyam haligacha qo‘rqadi...

Shu hadik sababli, Said Ahmad domla, xudo siylov etib bergan cho‘ng iste‘dodi ko‘lamini aniq sezgani holda, so‘z va xayol jilovini butkul qo‘yib yuborishga har doim ham jur‘at etolmas edi.

Fe‘l ekan-da, ta‘qibdan qo‘rqishini tan olib o‘tirgan odam, qamoqda o‘tgan umrini kulib hikoya qilardi:

– Bilsang, bolam, asli hunarim – rasm chizish. Turmadayam shu hunarim jonimga oro kirgan. Qahraton sovuqda bo‘yoq solingan kanservniy bonkani ikki–uch parcha ko‘mir cho‘g‘i ustiga qo‘yib, zeklarning kiyimiga no‘mir yozardim. Ayrim mahbuslarning turmada beradigan juldur robani ham rosa avaylab kiygani, ba‘zida manga bir parcha nondan pora berib, no‘mirimni chiroyliroq yoz, deb iltimos qilganlari esimda qolgan. Turmada ko‘p rasm chizganman. Zakaz ko‘p edi-da. Hatto nachalnik lagerlar ham eski choyshablarga xotini yoki qizining partretini chizishimni so‘rashardi. Mandan nima ketdi, chizganlarimda ayollarning xunugi chiroyli, o‘zi shundog‘am go‘zali... naq huriliqoga aylanardi-qolardi. Qiltiriq ozg‘in bo‘lsa, sal-pal et qo‘shardim, xo‘ppasemiz bo‘lsa, hech tortinmasdan belini bir tutamgina qilib chizardim. Erkagu ayol, odamzod deganing birday ojiz-da, bolam, birortasi, bu manga o‘xshamabdi, deb norozi bo‘lmagan. Umuman, turmada maishatim yomon emasdi. Yana bir esda qolgani: barakdagi eng ohorli ko‘rpa maniki edi. Bitta zek, o‘lsang yoki ozod bo‘lsang, ko‘rpangni manga qoldirasan, deb yurardi. Xudoga shukr, o‘lmadim, bir kun yo‘qlama paytida familamni aytib, "...s veshchami!" deb qolishdi. Qamoqdan qutulganimga o‘zimdan ko‘ra haligi zek ko‘proq xursand bo‘ldi, desam ishoninglar. Bechora turgan joyida irg‘ishlab, "ko‘rpa manga qoldi!" deb baqiradi...

Istiqlol arafasida qatag‘on kezlari ko‘p jabr chekkan Mirkarim Osim, Mirtemir domla, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat va boshqa talay ardoqli insonlar dunyodan o‘tgan edi. Yangi davrga yetganlardan Shukrullo domla birinchi bo‘lib tilga kirdi. "Kafansiz ko‘milganlar" degan kitob yozib, 1991 yilda nashr ettirdi. Undan ulgi olib, Said Ahmad ham og‘ir kechmishlarini bitishga jazm qildi...

Ustozimiz kam uxlab, ko‘p yozar edi. Yozmagan kezlari ham tunni bedor o‘tkazib, bekorchilikdan o‘zini yoki biror jig‘iga tekkan hamkasbini ajiva qilib latifa to‘qirdi... Ertasi kuni, bizga o‘xshab yo‘li tushib qolgan bekorchi kimsalarga hikoya qilib berardi.

Uning yoniga ko‘p borardik. Haftada bir-ikki ko‘rmasak ko‘ngil joyiga tushmasdi. Suhbatlar – domlaning tabiatiga mos – yengil va quvnoq kechardi.

Image caption Said Ahmad rafiqasi Saida Zunnunova bilan

O‘sha zamonda Said Ahmaddan boyroq yozuvchi topilmasdi. Kitoblari qayta–qayta chop etilgani hisobidan olgan qalam haqi bir hissa, "Kelinlar qo‘zg‘oloni"dan tushgan mablag‘ o‘n va balki yuz hissa edi. O‘zbekistonning o‘zida "Kelinlar qo‘zg‘oloni" qo‘yilmagan teatr qolmagan, u yog‘i – Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, boshqa qator o‘lkalarda ham bu asarning xaridori ko‘p edi. Lekin, kezi kelganda aytish joizki, hech kim bu asarni rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevdan o‘tkazib sahnalashtirgan va aktrisa Zaynab Sadriyevadan o‘tkazib o‘ynagan emas.

Asarni elga doston qilgan yana bir narsa ­– Qozog‘istondagi tomoshalardan birida ikkiqat ayol qattiqroq kulaverib muhlatidan oldin tug‘ib qo‘ygani va chaqasini Said Ahmad oti bilan atagani bo‘ldi...

Shunday mashhur, shunday badavlat yozuvchining, balki bunga ko‘p umri zorlikda, yupunlikda o‘tgani sababdir, yaxshigina xasis ekani ham elga ma‘lum edi. Ba‘zida: "Shukrullo domla sizdaqa ziqna–mumsik emas, qo‘li ham, ko‘ngli ham ochiq, unga shogirdlikka sotilib ketamiz", deb qo‘rqitmoqchi bo‘lardik. Lekin u –bizga qattiq ishonganidan bo‘lsa kerak, – gapimizga parvo ham qilmasdi.

Nihoyat, ming bir tashviqotdan so‘ng ichkari xonadan (tarki odat – amri mahol) mazmuni yarimlab qolgan shisha ko‘tarib chiqardi:

– Ayabroq quysang, hammanglarga yetadi.

Achchiq tajriba mullo qilib qo‘ygan emasmi, qolgan sharobning yarmidan ko‘pi ustozning o‘ziga quyib berilardi. Avvaliga ichmay tarang qilardi, lekin sharafiga aytilmish maqtovlardan mumday erib, qadahni qanday bo‘shatganini o‘zi ham bilmay qolardi. Bir-ikki qo‘l olganidan keyin ko‘ngli iyardi, xotamtoyligi tutib, yana ichkari xonaga ravona bo‘lardi. Muhri buzilmagan armanu farang konyaklaridan (kattalar nuqul konyak ichadi, degan afsonaga ishonardi chamasi, ustozimiz uyida ichkilikning shu xilidan ko‘proq saqlardi) ko‘tarib chiqardi...

Mol achchig‘i – jon achchig‘i. Ertasi kuni sog‘ kallaga chekiladigan afsus–nadomatlar ta‘rifiga qog‘oz chidolmaydi. Go‘yo biz battol Chingiz lashkari kabi Said Ahmadning o‘n sakkiz ming olam ganjinasi yig‘ilgan obod shahrini tamom g‘orat etib, o‘zini darboza oldida yalang‘och qoldirib ketganmiz. Nolani ham o‘xshatardi ustozimiz. Shunday paytlarda, agar xotin bo‘p tug‘ilsam, albatta go‘yanda bo‘lardim, uniyam daromadi yomonmas, degan hazili esga tushardi.

Said Ahmad bilan Nosir Fozilov munosabatlari – alohida mavzu. Sadoqatli shogirdi Ne‘mat Aminov beozor hazil qilsa birdan chivinlab ketadigan odam, Nosir akaning o‘ta qaltis gaplariga ham chidardi. Nosir Fozilovning fe‘li esa hammaga ma‘lum – to‘g‘riso‘z, gap kelsa otasini ham ayamaydi. Rosti, kulgi-mutoyiba bobida Said Ahmad domlaning yagona kushandasi ham Nosir aka edi. Shu bois, Nosir Fozilov aka suhbatga aralashsa, Said Ahmad domla birdan hushyor tortar, Chimkent, Turkiston taraflarni, xususan, Qorachiqni (Nosir aka tug‘ilgan va sal beboshvoq bo‘lib o‘sgan maskanning nomi shunday edi) birrov surishtirib, Yassaviy avlodlari, xususan, Nosir Fozilovga ham muhabbati baland ekanini yo‘l–yo‘lakay qistirib o‘tardi.

Tan olishim kerak, men joyda memuar janri qonun-qoidalariga qo‘pol buzib, suhbat bejog‘iga andak o‘zimdan ham qo‘shib-chatdim, lekin so‘z ohangi bilan mazmuni ayni shunday kechgani aniq.

Nosir akani maqtaganida muqarrar tarzda "zalatoy" so‘zini qo‘llardi. Bugun qadar eslasam maza qilaman: ichida Nosir akaning zaharli tilidan cho‘chib turardi-yu, lekin suhbatdoshining "zolotoy" (tillo) odamligini eslatish barobarida soch rangi bahonasida chandib qolishdan o‘zini tiyolmasdi.

Nosir akaning oq-qizil yuzi va unniqqan mis tusidagi sochi haqida to‘qilgan yana bir mahobat shuki, go‘yo Said Ahmad domla yo‘lda ketayotib moshina tezligini me‘yordan oshirgan chog‘ida melisa hushtak chalib to‘xtatibdi. Shoshyapmiz, debdi Said Ahmad, qara, ukamiz sariqqa chalinib qopti... Melisa moshina ichiga tikilibroq qarasa, orqa o‘rindiqda Nosir Fozilov o‘tirganmish. E, tezroq haydang, oka, debdi u qo‘lini shapkasining kezagiga qo‘yib, kasalni sal o‘tkazib yuborgan ekansizlar...

Bu – eski, eng ko‘p yozilgan latifa. Menga yoqadigan boshqa bir latifa bor. Aslida latifa ham emas, bo‘lib o‘tgan voqea.

Ayni paxta mavsumi. Boz ustiga, yozuvchilarning eski va yomon raisi ketib, o‘rniga yangi va yaxshi rais kelgan qizg‘in paytlar.

Yodingizda bo‘lsa, o‘sha zamon gazetlarida deyarli har kuni "Yozuvchilar paxta dalalarida", "Rassomlar paxtakorlar huzurida" degan quloch-quloch maqolalar chiqardi. Paxta dalasiga qatnashda Nazir Safarov, Yo‘ldosh Shamsharov, Ibrohim Rahimning oldiga tushadigani yo‘q edi. Yangi rais ularni batamom mot qilmoqchi bo‘ldimi, ishqilib, yozuvchilarni yoppasiga paxta dalasiga olib chiqadigan bo‘ldi. Ichiga yozuvchiyu shoir solingan ikki bahaybat avtobus, ikkita – tepasiga chiroq va radiokarnay taqqan – gaichilarning moshinasi, biri – oldinda, unisi – ortda, asosiy to‘p izidan tushgan turli gazetchilar, kinochilar, radio va televizion muxbirlari mingan yana bir karvon...

Xullas, mezbonlardan boshqa hammaga bayram. Lekin mezbon degani ham unchalik sir boy bermaydi. Raykom ham, rayispolkom ham shu yerda – dono siyosat va to‘kin turmushga baralla hamd aytib turishibdi. Faqat xo‘jalik raisi tashvishli ko‘rinadi. Lekin uni ham tushunish mumkin, dalada ayni ish qizigan paytda ikki­–uch so‘qim so‘yib, katta dasturxon tuzash, tergani yarim arava paxta-yu, naq bir mahalla bo‘lib kelgan bekorchilarga rosmana to‘y qilib berish osonmas...

Manzaraning davomi shuki, yozuvchiyu shoirlar etak tutib, nomiga bo‘lsa ham paxtazor oraladi. Ozgina paxta terilgach, hamma qad rostladi. Sal oldinroqda paxta terayotgan raisga qaradi. Yetar, qo‘shga qaytaylik, degan ishorai imdod kutdi. Lekin raisning g‘irromga tobi yo‘q, egatdan bosh ko‘tarmay, paxtasini teraverdi... Qolaversa, bosh terimchining yonida – kimsan Said Ahmad. U ham etak tutgan. Goh raisning so‘lidagi egatda, goh rostidagi egatda... qiziq–qiziq hangomalar aralash, unga oshkora xushomad qilib ketyapti. Raisga ham yoqadi shekilli, ahyon–ahyonda zavq bilan "...e, annasini!.." deya xitob qilib qo‘yadi...

Tushlik oldidan hamma daladan chiqib, tarozi boshiga keldi. Kimdir uch, kimdir besh, yana birov o‘n kilo paxta topshirdi. Raisning etagidan to‘kilgan paxta vazni hammaga o‘rnak bo‘ladigan – o‘n kilodan oshiq. Birgina ardoqli yozuvchimiz Said Ahmad, yonida – puchak etak, chetroqda odob saqlab o‘tirdi. Tarozibon yonida turgan Nosir Fozilov butun jamoaga eshittirib, Said Ahmadga dashnom berdi:

– Uyat emasmi, oqsoqol!? Tergan paxtangiz raisning ketiga qo‘yishga ham yetmaydi–ku?!

Said Ahmad bunday beadablikni kutmagan ekan, nochor ahvolda qoldi. Indamay qo‘ya qolsa, ulus orasida Nosir Fozilov Said Ahmadni mot qilibdi, degan mutlaqo keraksiz gaplar urchib ketadi. Javob qilay desa, necha soatdirki yangi raisga yoqish uchun o‘lib-tirildi, endi orani qalin qilib olganida... Yo‘q, bari bir, Said Ahmad chidolmadi. Yengilibdi, degan isnodga qolishni istamadi. Bir marta gapdan qolsa xonumoni kuyadiganday, go‘yo shay turgan miltiqni oldiyu nobakor Nosir Fozilovni, unga qo‘shib yangi raisni, aniqrog‘i – o‘zining jamiki tamayu ilinjlarini ham shartta otib tashladi:

– Bekorlaringni aytibsan, Nosir, bizzi raisimiz... mutlaqo artmaydilar!..

Said Ahmad bilan suhbati soz tushgan boshqa yozuvchilar ham ko‘p edi. Adham Hamdam, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Vohidov, O‘lmas Umarbekov, Farhod Musajonov, O‘tkir Hoshimov, Uchqun Nazarov, Yo‘ldosh Sulaymon... Ko‘proq shular bilan sayru sayohat qilardi.

Yurtning Said Ahmad bormagan burchagi qolmagan hisob. U ayniqsa Farg‘ona vodiysini ko‘p kezgan. Bu tarafi Qayroqqum sohillariyu Konibodom muzofotidan boshlab, u yog‘i – O‘sh viloyati qadar... o‘nlab shaharu shaharchalar, yuzlab qishloqlarni nom–banom sanab berishi mumkin edi. Atay o‘rganmagani tayin, lekin vodiydagi barcha sheva va lahjalardan yaxshi xabardor edi, qayda ne urfu odat bor, qayda ne an‘ana bor – hamma-hammasini bilardi.

O‘ta kuzatuvchan edi, ko‘rgan yoki eshitgan tafsilotini yodda qattiq tutar va keyin o‘z joyida, o‘z vaqtida yozganlariga singdirib yuborar edi. Said Ahmad bilgan, so‘zda yoki yozuvda ishlatgan maqollar, iboralar, turli kinoya, istehzo, kesatiqlarning o‘zi bir dunyo.

Eng muhimi – yozuvchi Said Ahmadning o‘zi ham, qahramonlari ham – jonli xalq tilida gapiradi. Tasviru tavsif asnosida har bir qahramoniga uning va faqat uning o‘ziga mos so‘z va ohanglarni ulashib boradi, natija o‘laroq – biri ikkinchisiga o‘xshamaydigan xarakterlar yuzaga keladi va ular ayni o‘xshamasligi bilan kitobxon ko‘nglida muqim yashab qoladi.

Said Ahmadning sayohat chog‘idagi bedorliklari ham cho‘pchakka aylanib ketgan. Bir o‘zi kiprik qoqmay o‘tirishdan zerikkan paytida shirin tush ko‘rayotgan sheriklaridan birini sekin turtib so‘rarkan: "Yaxshi uxlayapsanmi, bolam?"

Oqsoqolning eng mashhur savoli Oltariqqami, Yaypangami, ishqilib, vodiyning go‘zal go‘shalaridan biriga mehmon tushgan chog‘larida, uzoq suhbatlardan horib uyquga ketgan Erkin Vohidovni turtib so‘ragani: "Anuv...Klara Tsetkin degani... nechanchi yilda tug‘ilgan edi, Erkin?.."

Tabiiyki, aqli sog‘ odamning birortasi ham Klara Tsetkin tug‘ilgan yilni bilmaydi. Lekin uning yonida yana bir Roza Lyuksemburg degan dugonasi bo‘lganini eslashing tayin. Keyin xayol jinslar tengligi, xotin–qiz ozodligi masalasiga qarab og‘adi... undan keyin lop etib 8 mart mavzusi o‘rtaga tushadi... Xullas, uyqu harom bo‘lib, Tsetkin bilan Lyuksemburgning, ularga qo‘shib Inessa Armandning ham go‘riga g‘isht qalab, xona chetida "beozor" iljayib o‘tirgan Said Ahmad domlaning yoniga borib, birga bedorlik qilishga majbursan...

Biz Said Ahmadni yaxshi ko‘rardik. Sal ko‘rmasak sog‘inib qolardik. Ayni choqda, biz uning o‘ta ixlosmand shogirdlari edik, deb aytsam yolg‘on bo‘ladi. Domla ham bizning tom ma‘noda ergashuvchi emasligimizni yaxshi bilardi, lekin biror zamonda, ko‘rgan maktablaring boshqa, deb ko‘ksimizdan itargan emas, aksincha – mudom o‘ziga yaqin olib gaplashardi, jo‘yali maslahat va yordamini ayamasdi.

Tengqurlarimizdan Tog‘ay Murodni ko‘proq yoqtirardi, itfe‘l bo‘lsayam shu bola hammangdan yaxshi yozadi, deb maqtab yurardi. Nazarimda, u so‘z va ohangdagi o‘zi orzu qilgan va balki yetolmagan nedir sarbast va baland pardalarni Tog‘ay Murod asarlaridan topganday edi. Darhaqiqat, Tog‘ay Murod do‘stimiz shamolday erkin edi – ko‘nglida borini yozardi, yozganda ham yayrab yozardi.

Biz Tog‘ay Murod yaxshi yozishini tan olardik. Hammamizdan yaxshi yozishi masalasiga kelsak, oshnamiz qo‘llagan uslublar bizga yot bo‘lib, uning "adabiy maktabi" doirasida boshqalardan ilg‘or ekaniga mutlaqo e‘tirozimiz yo‘q edi...

Domlaning haqiqiy shogirdlari deb Anvar Muqimov bilan Ne‘mat Aminovni bilish kerak. Har holda shu ikkoviga alohida mehr qo‘yib, qattiq ishonib, birini Farg‘onadan, ikkinchisini Buxorodan Toshkentga ko‘chib kelishga tashviqot qilgani rost. Afsuski, Anvar aka poytaxt havosiga chidolmadi – yana qishlog‘iga qaytib ketdi, o‘qituvchilar gazetiga muxbir tushdi va qolgan umri shu keraksiz ishga isrof bo‘ldi. Ne‘mat aka esa Toshkentda muqim bo‘lib qoldi.

Said Ahmad sinchi edi. Atrofida yurgan yozuvchilarning imkon darajasini, o‘z tili bilan aytganda, kimning necha pullik tosh ekanini, yaxshi bilardi. Zavqsiz qora mehnat qilib, tinimsiz so‘z tizishu jumla tuzish evaziga yozuvchi nomini orttirgan odamlarni mensimasdi.

So‘zga mehr qo‘yib, adabiyot ostonasida tentirab yurganimizda boshimizni silab, yo‘l ko‘rsatgan, ozu ko‘p dalda bergan insonlardan biri Said Ahmad domla edi.

Qo‘limizdan biror ish keldimi-kelmadimi – bunisi yolg‘iz xudoga ayon. Lekin harakat qilganimiz, nedir yangi ohanglar, yangiroq yo‘llar axtarganimiz rost.

Olti yildirki, Said Ahmad oramizda yo‘q. Ayniqsa qizg‘in adabiy davralarda domlamizning o‘rni juda-juda bilinadi. Ko‘ngilning, nainki ko‘ngil, shaharning, yurtning ham bir burji bo‘shab qolganday...