Rus millatchilarining jazosiz boshboshdoqligi

Image caption Svastika belgisini ko‘z-ko‘z qilgan rus irqchilari

So‘nggi kunlarda Rossiyada bozorlar va savdo nuqtalaridan mehnat muhojirlarini ushlash va bosim o‘tkazish kampaniyasi avj olmoqda. Birgina Moskva shahri bozorlarida mingdan ortiq migrantlar qo‘lga olingan. Sankt Peterburg shahrida savdo rastalarini mehnat muhojirlaridan tozalash amaliyotini esa millatchi yoshlar olib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan videoda yosh rus yigit qizlari qo‘lida to‘qmoq bilan bozorlarni tozalayotgani aks etgan. Ular muhojirlarni qora deb haqoratlashadi.

Videoda bir guruh yoshlar Sankt Peterburgdagi bir do‘kon atrofida o‘ziga xos "tartib" o‘rnatmoqda. Ular do‘kon tashqarisidaturgan mevalarning sotuvchisini talab qiladi. Sotuvchi ko‘rinavermagach, ushbu tovarlar hech kimniki ekanligini aytishadi va atrofdagilarni tekin olib ketishga chorlaydi. To‘daning ichidan kimdir, terib qo‘yilgan mevalarni tepib yerga tushira boshlaydi.

To‘daning bir qarashda rus millatchilari ekanligini payqab olish qiyin emas. Ular kiyib olingan maykalarga "Begonalar uyga ketadigan vaqt bo‘ldi", "Biz bilan xudo" yoki nemis fashistlarining svastika belgisini ko‘rish mumkin.

Guruh egasi qochib ketgan mollarni yer bilan bitta qilgach, uni musodara qilish uchun politsiyani chaqiradi. O‘zini videoda Dmitriy Yevtushenko deb tanishtirgan va guruhga boshchilik qilib yurgan shaxs politsiyaga yordam bermoqchi ekanligini aytadi.

"Mana shu narsalarni hammasini yig‘ishtirish kerak. Tushunaman sizlarlarda ishchi yetishmasligi kabi muammolar bo‘lishi mumkin. Biz sizlarning ishlaringizni yengil qilish uchun yordam beramiz. Mana shunday holat bor deb sizlarga ko‘rsatamiz, biz hozir yana shu yo‘nalish bo‘ylab yurib, nima bo‘layotganini ko‘rsatamiz. Demak tovar musodara qilinadi a?" - deb so‘raydi Dmitriy Yevtushenko.

Politsiya xodimi ushbu ko‘ngilliarining gapini ma‘qullab tinglaydi va tovar musodara qilinishini aytadi.

Ushbu video internetda 27 iyul kuni paydo bo‘ldi. Uni "Nevskiy ekspress" telekompaniyasi joylagan. Video nomi "Mallasochlar to‘qmoq bilan, yoki ruscha tozalash - Piter" deb nomlanadi.

Tozalovchilar ko‘chada ko‘zga ko‘ringan osiyo millatiga mansub shaxslarni to‘xtatib hujjat so‘raydi, ularni haqoratlaydi va vataniga ketishga chaqirishadi.

- Qora, yo‘qol bu yerdan, qiz boladan uzr so‘ra, deb Dmitriy Yevtushenko aftidan Markaziy osiyolik yigitni turtadi.

To‘da yigitga bosim qilar, kimdir so‘kar, kimdir turtardi. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimi, bosim ostida migrant yigitning hujjatlarini so‘raydi va politsiya bo‘limiga olib ketadi. To‘da ish a‘lo bajarilganidan qarsaklar bilan kuzatib qo‘yadi.

Qarsak

BBC "Nevskiy ekspress" telekompaniyasi bosh muharriri Tatyana Marshanova bilan bog‘lanib irqiy kamsitish mavjud bo‘lgan videoni internetga joylashdan maqsad nimalagini so‘radi.

Tatyana Marshanova videoda bu kamsitish borligini bilmasligini aytdi. U videoni ko‘rib joylagani va "qora" degan so‘zni eshitmaganini bildirdi.

BBC undan agar shunday joyini ko‘rsa vidoyeni olib tashlaysizmi, degan savolga "yo‘q" deya javob berdi.

35 yildan beri Sankt Peterburgda istiqomat qiladigan toshkentlik Hamid aka mahalliy axoli tomonidan muhojirlarga nisbatan munosabatning yomonlashayotganiga ularning ko‘payib ketayotgani bilan izohlaydi. Leningrad viloyatiga muhojirlarning ishlashi uchun 100 ming kvota beriladi, ammo o‘zbeklarning o‘zi 650 mingtani tashkil qiladi.

"Rus xalqi hali o‘rgangani yo‘q. Bu darajagacha yetib borgani yo‘q. Parijga borsangiz 30-40 foiz aholi qora tanlilar, Amerikada undan ham ko‘p. Oxiri prezidenti ham qora tanli bo‘ldi. Ularda bu odatiy hol. Rossiyada bunaqa narsadan o‘zlarining joni chiqayapti. O‘rislarning joni chiqayapti, Kremlda o‘tirgan kattalar bundan darrov foydalanishadi", - deydi Hamid aka.

Hamid aka videoda aks etgan millatchi yoshlarning hukumat tomonidan qo‘llab quvvatlanishiga ishonadi. Bundan tashqari Moskva shahri meri kursisiga bo‘ladigan saylov oldidan bu kabi kampaniyalar atayin uyushtirilayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Suhbatdoshimiz o‘zbek mehnat muhojirlari o‘z huquqini talab qila olmasligini, chunki mehnat muhojirining o‘zi qalbaki hujjat bilan yurishini aytadi.

"Chunki ko‘pchiligining hujjati noto‘g‘ri. Bir amallab arzon bo‘lsin deb, 1-2 ming rubl berib qalbaki ro‘yxatdan o‘tib oladi. Ularning tili qisiq g‘iring deyolmaydi. G‘ing desa, o‘zining puliga barrov deportatsiya qilib yuboradi", - deydi Hamid aka.

Sankt Peterburgda joylashgan "Umid" O‘zbekiston vatandoshlarining mintaqaviy jamiyati raisi Alijon Haydarov tsivilizion mamlakatda bunday holatlarning uchrashini qoralaydi. Jamiyat shahardagi boshqa milliy dispora vakillari bilan birga videodagi holatlar yuzasidan prokuraturaga murojaat qilmoqchi.

"Ozarbayjon, tojik va o‘zbek jamiyatlari birgalashib prokuraturaga xat tayyorlayapmiz. Bizga nisbatan, "qora, bu yerdan yo‘qol" degan videoda mavjud isbotlarni keltiramiz. Millatni haqarot qilish bo‘yicha shikoyat qilamiz", - deydi Alijon Haydarov.

Jamiyat shahardagi o‘zbeklar bilan gaplashgan va ularni noqonuniy ishlarda ishlamaslikka chaqirgan.

"Vatandoshlarimizga sotuvga ruxsati yo‘q joylarda ishlamanglar deyapmiz. Chunki ularni qo‘ygan odamlarning o‘zlari yo‘q. Qo‘lga esa bizning odamlar tushayapti. Ish beruvchi muhojirlarni hamma hujjat joyida, deb aldab ishga olayapti. Endi esa ularni deport qilishyapti", - deydi Alijon Haydarov.