AQShning ba‘zi musulmon davlatlaridagi elchixonalari vaqtincha yopiladi

Image caption Amerika Davlat Departamenti so‘zchisi Meri Xarf bu qaror "xavfsizlik nuqtai-nazaridan" qabul qilinganini aytgan

Amerika Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Shimoliy Afrikadagi qator elchixona va konsullik idoralari xavfsizlik yuzasidan yakshanba kuni yopilishini ma‘lum qildi.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, bunga "Al-Qoida" tomonidan Amerikaning musulmon davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalariga qilinayotgan xavf sabab bo‘lgan.

Davlat departamenti vakilining aytishicha, bu qaror yakshanba kuni ishlaydigan barcha elchixonalarga tegishlidir.

Bir qancha musulmon davlatlarida yakshanba ish kuni hisoblanadi.

Amerika Davlat Departamenti so‘zchisi Meri Xarf bu qaror vaziyatga qarab yakshanbadan boshqa kunlarga ham taluqli bo‘lishini bildirgan.

AQSh rasmiysi bu qadam "xavfsizlik nuqtai-nazaridan" qabul qilinganini ta‘kidlagan.

Ushbu qarorga binoan, yakshanba kuni Bahrayn, Isroil, Iordaniya, Quvayt, Liviya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Yaman, Afg‘oniston va Bangladeshdagi AQSh elchiligi ishlamaydi.

Keyingi paytlarda musulmon davlatlaridagi norozilik harakatlari payti AQSh elchiligi ham namoyishchilar tomonidan nishonga olingani kuzatilgan.

O‘tgan yili 11 sentyabrda Liviya poytaxti Beng‘ozidagi AQSh elchiligiga hujum uyushtirilgan, natijada elchi Kristofer Stivens doxil 4 Amerika fuqarosi halok bo‘lgan edi.