Frantsuzlar Ablyazovni tikuchar va izquvarlar bilan ushlashgan

Image copyright AFP
Image caption Tikucharlar Ablyazovning qurolli qarshilik ko‘rsatishi yoki o‘rmonga qarab qochish ehtimolini hisobga olib ishlatilgan

Qozog‘istonning BTA banki direktorlar kengashi sobiq rahbari Muxtor Ablyazovning Frantsiyada qo‘lga olish tafsilotlari ma‘lum bo‘lgan.

Amaliyotda uch izquvar va Frantsiya politsiyasi maxsus bo‘limining 12 xodimi, shuningdek tikucharlardan foydalanilgan.

Kanndan shimolda joylashgan Muan-Sartu(Mouans Sartoux) shaharchasi odamlarining baxtiga qozoq milliarderini o‘rab olgan "maxsus politsiya" kuch ishlatishiga to‘g‘ri kelmagan. Ablyazovni chorshanba kuni u ijaraga olgan villada hibsga olishadi.

Politsiya maxsus izquvarlarni Muan-Sartu(Mouans Sartoux)ga olib keladi.

Izquvarlarga ko‘ra, "Lazurnaya berega"da uch xonadonni ijaraga olgan Ablyazov bittasida ham muqim turmagan. Har doim singlisi, jiyani va xizmatchi ayol bilan uylardan-uylarga ko‘chib yurgan. Sayohat uchun o‘rtahol kishilar ishlatadigan avtomashinadan foydalangan.

Oxirgi kunlar Ablyazov olti yotoqxonali, yirik bog‘ va o‘rmoni bo‘lgan hashamatli uyda yashagan.

Uyni tekshirish jarayonida politsiya Ablyazovni taniydi va qo‘lga oladi.

Politsiya Ablyazovning ukrainalik biznes hamkori Sergey Tishenkoning sobiq xotini Yelena Tishenkoning izidan tushib, Ablyazovni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilinadi.

Politsiyadagi manbaga ko‘ra, Londondagi mahkamada qatnashib, Ablyazov foydasiga ko‘rsatma bergan Yelena Tishenko mahkama zalini tark etib, Frantsiyaga borganicha kuzatilgan.

Tikucharlar Ablyazovni qo‘lga olish payti qurolli qarshilik ko‘rsatish yoki o‘rmonga qarab qochish ehtimolini hisobga olib ishlatilgan.

Politsiyaga ko‘ra, Ablyazov dastlab o‘zining qidirilayotganini tan olmagan, politsiyaning adashayotganini aytgan. Politsiya esa fotosurat orqali qidirilayotgan kishini topganini bildirgan.

Xabar qilinishicha, ayni paytda qozog‘istonlik korchalonning berilishini bir necha mamlakat talab qilmoqda.

Qidiruvdagi shaxs

Image copyright Reuters
Image caption Mamlakatlar ro‘yxati qozoq korchalonini dunyodagi eng qidirilayotgan shaxslardan biriga aylantirgan

50-yoshli bankir kecha Eks an-Provansdagi mahkamada hozir bo‘lgan, biroq uni biror-bir mamlakatga topshirish jarayoni uzoqqa cho‘zilishi mumkin.

Muxtor Ablyazovni qo‘lga olishni so‘ragan mamlakatlar ro‘yxati qozoq oligarxini dunyodagi eng qidirilayotgan shaxslardan biriga aylantirgan.

Ukraina, Kozog‘iston va Rossiya uni "katta miqdorda"gi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblab qidiruvga bergan.

London Oliy mahkamasida sobiq bankirga nisbatan 6 milliard dollar yoki 3,9 milliard funt sterling davlat mulkini o‘g‘irlaganlik ayblovi keltirilgan.

Oliy mahkamada aytilishicha, janob Ablyazov Qozog‘iston BTAsining raisi bo‘lganida 2,6 milliard dollarni o‘zlashtirib yuborgan bo‘lishi mumkin.

BTA Bank bundan oldin Britaniya mahkamasiga hurmatsizlik ko‘rsatgani uchun 22 oyga ozodlikdan mahrum qilingan Ablyazovni ushlashda hal qiluvchi rol o‘ynadi.

BTA ning murojaatida "janob Ablyazov Britaniyaga qochib borgan ekan, uning turar joyini aniqlash uchun Frantsiya janubigacha kuzatildi. Bank uning turar joyi haqida Frantsuz hukumatiga ma‘lum qilib, tezkorlikda harakat qilishlari va hibsga olishlari uchun ma‘lumotlarni yetkazdi", - deyiladi.

Qozog‘iston va Frantsiya o‘rtasida o‘zaro almashuv shartnomasi yo‘qligi bois, janob Ablyazov Ukraina davlati bergan bank o‘marishga bog‘liq talab bilan hibsga olingan.

Siyosiy qochqin

Qozog‘istonning eng badavlat insonlaridan hisoblangan Muxtor Ablyazov 2009 yili o‘z bankining davlat tarafidan musodara etilishi natijasida yurtidan qochgan edi. 2011 yili Britaniya unga siyosiy qochqin maqomini berdi.

Qozog‘iston uni davlat mablag‘larini o‘marishda ayblaydi.

Ablyazov bu ayblovlarni rad etib, ular siyosiy tusga ega deb keladi.

Bu yilning iyun oyida uning rafiqasi hamda 6 yashar qizi Italiyadan Qozoqstonga deportatsiya etilganida bu hodisa dunyo matbuoti sarlavhalarini qayta egallagan edi.