"Uzoq Sharqdan xitoyliklarni markaziy osiyolik muhojirlar siqib chiqarmoqda"

Eurasia Review mustaqil jurnali Rossiya Uzoq Sharqidagi mehnat muhojirligi vaziyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e‘lon qilgan.

Erkin jurnalist Yevgeniy Kuzmin qalamiga mansub maqola "Markaziy Osiyo: Migrant ishchilar Rossiya Uzoq Sharqida imkoniyat topmoqdalar", deb nomlangan.

"Azaldan Rossiyaning Uzoq Sharqiga mehnat muhojirlarining ommasi Xitoydan kelgan, ularga ozgina shimoliy koreyaliklar qo‘shilganlar. Biroq oxirgi paytda sharqiy Sibirda Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar past haq to‘lanadigan mehnat bozorida xitoylik raqiblarini siqib chiqarmoqdalar", deb boshlanadi maqola.

Rossiya Federatsiyasining Xitoyga chegaradosh boshqa hududlari qatori Amur mintaqasida Xitoy fuqarolari hozir ham xorijiy ishchi kuchi bozorida salmoqli qismni tashkil etadi. Biroq bir necha yil oldin ham Amur mintaqasida har to‘rt xitoylikka bir markaziy osiyolik to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir rasmiy statistikaga ko‘ra, har ikki chet ellikdan biri markaziy osiyolik bo‘lib qolgan.

Maqolada yozilishicha, 220 ming aholisi bor Blagoveshensk shahrida xitoyliklarning yaxshiroq maosh talab qilishlari natijasida ularning o‘rniga O‘zbekiston va Qirg‘izistonga o‘xshash sobiq Sho‘ro respublikalaridan kelgan muhojirlarni ishga yollash iqtisodiy samarali bo‘lib qolgan.

Chunki Xitoyda ham aholi farovonligi ko‘tarilib ketayapti va xitoylik migrantlar ham ko‘proq pul topish va uydagi yaqinlariga ko‘proq mablag‘ yuborish bosimi ostida qolmoqdalar. Ayni paytda G‘arbiy Rossiya, ayniqsa, Moskva va Sankt-Peterburgdagi an‘anaviy mehnat bozorlari allaqachon to‘lib ketgan, bu esa odamlarni Uzoq Sharqda ish topish yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda.

"Albatta, Moskvada pul topish eng yaxshi yo‘l. Lekin shu kecha-kunduzda u yerlarda ish topish qiyin. U yer bizning O‘zbeklarimiz bilan allaqachon to‘lib ketgan", deydi Blagoveshensk shahrida olti oydan beri asfalt yotqizayotgan o‘zbekistonlik migrant Botir.

Bu joylarda markaziy osiyoliklar band bo‘lmagan qurilishni topish qiyin. Uzoq Sharqning Vladivostok va Petropavlovsk-Kamchatskiy shaharlarida markaziy osiyoliklar shahar jamoat transportini boshqarishda ish topganlar.

Markaziy osiyoliklar bir ustunlikka ega ekanlari - ular uchun Rossiya vizasi talab qilinmasligini yozadi muallif.

Mahalliy rasmiylar xitoyliklar o‘rnini markaziy osiyoliklar egallayotganidan mamnun. Boisi xitoylik migrantlar dehqonchilikka yaroqli yerlarni boshqa maqsadda ishlatganlari oqibatida bu zaminda ekin o‘smaydigan bo‘lib qolgan hollar mavjud.

Biroq ayrim joylarda bolalar bog‘chalari uchun joy yetishmay qolayotgani mahalliy ma‘muriyatlarning noroziliklariga ham sabab bo‘lmoqda.

Homilador ayollar tug‘ish uchun Uzoq Sharq hududlariga yo‘l olayotganlari, bu esa shundoq ham mo‘rt mahalliy tibbiyot tizimlariga og‘irlik bo‘lib tushayotganidan shikoyat qilishmoqda, deb yozadi muallif.