Eronda yangi prezident Hasan Ruhoniy qasamyodga keltirildi

Image copyright AP
Image caption Ko‘p narsa Hasan Ruhoniyning Eron oliy rahbari oyatullo Ali Xomanaiy bilan bo‘lajak munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi

Yakshanba kuni Eronning yangi saylangan prezidenti Hasan Ruhoniyning parlament oldida qasamyodga keltirish marosimi bo‘lib o‘tgan.

U yerda janob Ruhoniy o‘z vazirlarining ro‘yxatini ham e‘lon qilgan.

Eron matbuoti xabar qilishicha, janob Ruhoniy allaqachon prezident ma‘muriyati rahbarini tayinlagan - u AQShda tahsil olgan iqtisodchi, Muhammad Nahavandiyondir.

Muxbirlarga ko‘ra, ushbu tayinlov janob Ruhoniy o‘zi uchun ustuvor vazifa deb Eronning yakkalanib qolgan iqtisodini isloh qilishni ko‘rayotganidan dalolatdir.

Aynan shunday va‘dalar bilan u saylovchilar dastagidan baxramand bo‘lgandi. Xo‘sh u o‘z va‘dasi ustidan chiqa oladimi?

Hasan Ruhoniydan kutilgan ilk dadil qadam - eronlik siyosiy tutqunlarni ozod etishdir.

Bu haqda saylovoldi uchrashuvlari va Hasan Ruhoniy g‘alabasini qutlash paytida ko‘tarilgan shiorlar dalolat beradi.

Guardian gazetasi hisob-kitobiga ko‘ra, Eronda bugun 800 ga yaqin siyosiy va e‘tiqod mahkumlari bor.

Ular orasida eng mashhurlari ikki yildan buyon uy qamog‘ida ushlab turilgan oxirgi prezidentlik saylovidagi nomzodlar Mahdi Karrubiy, Mir Huseyn Musaviy va uning xotini Zahro Ronavardlardir.

Siyosiy mahkumlar orasida jurnalistlar, huquqshunoslar, bloggerlar, huquqbonlar, sunniy va nasroniy ruhoniylari bor.

Ularning bo‘lg‘usi taqdiri Ruhoniyning amalda qanchalar qudrat sohibi ekanini ko‘rsatadi.

Siyosiy va diniy mahkumlarning ozod etilishi, tahlilchilar fikricha, Erondagi tang ijtimoiy vaziyatni sezilarli darajada yumshatgan bo‘lardi.

Ko‘p narsa Hasan Ruhoniyning Eron oliy rahbari oyatullo Ali Xomanaiy bilan bo‘lajak munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, eng muhim va strategik masalalarda eng oxirgi so‘zni Oyatullo Xomanaiy aytadi.

Hasan Ruhoniyni ham liberal siyosatchi deb bo‘lmaydi. U ham mavjud tizim ichidan ko‘p yillar davomida yetishib chiqqan rahbar hisoblanadi.

Mavjud rejimni saqlab qolish, iqtisodiy va tashqi muammolarni hal etishda Ruhoniy o‘ta an‘anador siyosatchilar ko‘magiga muhtoj bo‘ladi, deyishadi tahlilchilar.

Janob Ruhoniy o‘ngida turgan ikkinchi yirik muammo - mamlakat iqtisodidir.

Eron iqtisodiyoti o‘smayapti. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, inflyatsiya darajasi yiliga 36%, amalda esa bundan ham balandroqni tashkil etadi.

Oziq ovqat narxlari o‘tgan yil davomida 55% ortgan. Ishsizlik mamlakat bo‘ylab taxminan 12% ni tashkil etadi va bu raqam hamon o‘sishda davom etayotir.

Bunday abgor vaziyatning yuzaga kelishiga xalqaro jazo choralari ekani aytiladi.

Xalqaro jazo sanktsiyalar tufayli Erondan chetga neft sotish 65% ga tushib ketdi.

Eron valyutasining konvertatsiya qilinmasligi sabab pul birligi "real" qurbi 12 oy ichida 80 foizga qisqardi.

Bunday holatdan chiqishning yagona yo‘li, iqtisodchilarga ko‘ra, xalqaro sanktsiyalarning olib tashlanishiga erishishdir.

Eronning yangi prezidenti mamlakatni xalqaro yakkalanishdan olib chiqish va dunyo bilan aloqalarini yaxshilash va‘dalari bilan saylovchilar dastagini oldi.