Qozog‘iston fazo kompaniyasi rahbari pora bilan qo‘lga olingan

Qozog‘iston moliya politsiyasi yirik miqdorda pora olganlikda ayblab "Qazag‘stan G‘arish Sapari" milliy kompaniyasi prezidentini qo‘lga olgan.

G‘abdulatif Mirzaqulov 760 ming dollar pora olayotganda ushlangan. Bu haqda Qozog‘iston moliya politsiyasi o‘z bayonotida bildirgan.

"G‘abdulatif Mirzaqulov 15 milliard tangalik kosmik apparatlarning tajriba majmuasi qurilishidagi tanlov davomida "Kulager" MChJ tashkiloti manfaatlarini himoya qilgan. Buning evaziga ushbu tashkilot raisi Yegenbayevdan Asilbekov nomli ishonchli shaxsdan 272 ming dollar va 75 million 300 ming tanga (488 ming dollar) miqdorida pora olgan", - deyiladi Moliya politsiyasi saytida tarqatilgan xabarda.

"Kulager" mas‘uliyati cheklangan jamiyat raisi Yegenbayev va vositachilik qilishda ayblangan "Sunkar Kuzet" MChJ direktori Asilbekov ham hibsga olingan. Yegenbayev pora berganlikda ayblanmoqda va uy hibsida ushlanmoqda.

"Qazag‘stan G‘arish Sapari" kosmos sohasida Qozog‘istonning eng yirik aktsionerlik jamiyati hisoblanadi.

Shirkat Qozog‘istonning kosmos sohasidagi faoliyatini rivojlantirish maqsadida tuzilgan.

Kompaniya Qozog‘istonning kosmik sohasidagi uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqaradi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini yechishga yo‘naltirilgan kosmik texnologiyalarni joriy qilishi shirkat faoliyatida ko‘rsatilgan.

Qozog‘istonda yirik amaldorlarning pora olishda yoki davlat mulkini talon taroj qilishda ayblanib hibsga olinishi birinchi marta uchrayotgani yo‘q.

2011 yili Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Jaqsilik Doskaliyev mahkama orqali davlat mulkini talon taroj qilishda ayblanib 7 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Keyinchalik sobiq vazir prezident Nazarboyevdan kechirim so‘raganidan keyin ozodlikka chiqdi.