Muhammad Olim Ko‘hkan: "Savodi bo‘lmagan odamning siyosat yuritishini tasavvur qilib bo‘lmaydi"

Image caption Muhammad Olim Ko‘hkan Afg‘onistondagi o‘zbeklar jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biridir

Afg‘onistonlik taniqli o‘zbek jurnalisti va shoiri, Muhammad Olim Ko‘hkan bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Muhammad Olim Ko‘hkan Afg‘oniston shimolidagi Faryob viloyatida dehqon oilasida 1962 yilning 15 mayida dunyoga keldi.

O‘rta maktab va litseyni tamomlagach, o‘qituvchilarni tayyorlovchi muassisa - Faryob dorilmuallimida ta‘lim oldi.

Janob Ko‘hkan o‘z mehnat faoliyatining aksar qismini maorif va jurnalistika sohasiga sarfladi.

Avvaliga Foryob Axborot va Madaniyat boshqarmasida ishladi.

Shu bilan birga o‘zbek tilida nashr etiluvchi gazeta bilan hamkorlik qildi.

Afg‘onistonda Tolibon harakati qudratga kelishi ortidan Muhammad Olim Ko‘hkan vatanini tark etdi va bir necha yil davomida Pokistonning Peshovar shahrida hijratda yashadi.

Bu davr ichida bir paytlar Kobulda o‘zbek ziyolilari tomonida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi madaniy anjumanining Pokistondagi bo‘limini ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Pokistonda ekan janob Ko‘hkan o‘zbek tilidagi "Chovush" nomli adabiy jurnalni nashr etib bordi.

Muhammad Olim Ko‘hkan ko‘p yillardan buyon "Ozodlik" radiosi bilan ham hamkorlik qilib keladi.

Jurnalistik faoliyati bilan bir qatorda Afg‘onistondagi o‘zbek madaniyati va adabiyoti ravnaqi uchun xizmat qilmoqda.

O‘zining "Sen uchun yaraldim" nomli she‘riy to‘plamini nashrdan chiqargan.

Muhammad Olim Ko‘hkan shuningdek "O‘zbek adabiyoti farhangi" nomli kitobga ham mualliflik qilgan.

Ushbu kitobda o‘zbek yozuvchi va shoirlari haqida arab alifbosida batafsil ma‘lumot beriladi.

Kitobga atoqli o‘zbek adabiyotshunosi, akademik Najmiddin Komilov so‘z boshi yozgan.

Muhammad Olim Ko‘hkan Afg‘onistondan efirga uzatiluvchi "Oyina" va "Oriyono" televideniyelarida mas‘ul vazifalarni bajargan.

U hozirda ishga tushishi kutilayotgan o‘zbek tilidagi "Oy TV" ko‘rsatuvlariga raislik qilmoqda.

Uylangan. Sakkiz farzandi bor.

------------------------------------------------------------------------

Hojiahmad Toshkent: Assalamu alaykum Muhammad Olim aka, Sizni bir necha yillardan beri "Ozodlik" radiosi orqali eshitaman. Savol: O‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha Afg‘onistonda ko‘pgina sezilarli ishlar qilinmoqda, nazarimda. Lekin O‘zbek sof leksikasi biroz buzilganday. Aytingchi, o‘zbek - afg‘on diyorida bir xil leksika ishlatilishi uchun nimalar qilinishi kerak, yoki bu imkonsizmi?

Ko‘hkan: Keyingi chamasi uch asr davomida Afg‘onistondagi o‘zbeklar siyosiy hokimiyat yoki siyosiy hokimiyatga kirib ishlash huquqidan mahrum bo‘lib qoldi. Ular milliy, madaniy, farhangiy qadriyatlariga ham baho berish va mana shu milliy qadriyatlarning bir qismi bo‘lgan til va adabiyotdan ham chetlatildi. Chunki, bu mustabid hokimlar , mustabid tizim bunday sharoitni o‘rtaga olib keldi. Afg‘onistondagi o‘zbeklar, son jihatidan olib qarasak, O‘zbekistondan tashqarida hayot kechiradigan o‘zbeklar bilan taqqoslasangiz, misol uchun, Qirg‘izistondagi o‘zbeklardan ham, Tojikistondagi o‘zbeklardan ham ko‘proq. Ya‘ni, Afg‘onistonda o‘zbeklarning katta jamoasi hayot kechiradi. Ammo, afsuski, ba‘zi bir siyosiy sabablarga ko‘ra, boshqa o‘zbeklardan, ayniqsa, O‘zbekistondagi millatdoshlaridan chamasi bir asr davomida uzoqda, yiroqda yashashga majbur bo‘ldilar. Hech qanday bordi-keldi bo‘lmadi, robita bo‘lmadi, aloqa bo‘lmadi. O‘zbekistonlik o‘zbeklarning aksari hozirgi kunda ham "Afg‘onistonda o‘zbek yashaydi-mi?" degan savolni bersangiz, "bilmayman", deydi. Ya‘ni, ishonmaydi. Men o‘zim bunga guvoh bo‘lganman. Buning natijasi shu bo‘ldiki, hozir Afg‘onistonda savod chiqargan o‘qimishli insonlarimiz o‘zbek tilii va adabiyotidan mutlaqo chetda qoldilar. Bugun Afg‘onistonda savodli o‘zbeklarimizning aksarida o‘zbekcha savod yo‘q. O‘zbek tilida yozilgan matnlarni o‘qish qobiliyatiga, imkoniyatiga ega emas. Ya‘ni, o‘zbekcha matnning bir paragrafini yozib bersangiz, uning farqini afg‘onistonlik o‘zbek va afg‘onistonlik tojik o‘qishida ko‘rmaysiz. Bu bizning hozirgi ahvolimiz.

Shuhrat, O‘sh: Afg‘onistonda o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar qilinayapti?

Ko‘hkan: Bu savolning javobini ikkiga bo‘lishimiz kerak. Birinchidan, davlat miqyosida nima ishlar bo‘layapti? Ikkinchidan, davlatdan tashqarida afg‘onistonlik o‘zbek ziyolilari, adiblari va shoirlari nima qilishayapti? Davlatning katta qilgan ishi, hozir Afg‘oniston asosiy qonunida qayd etilishicha, davlat o‘zbeklar aksariyatni tashkil etuvchi joylardagi maktablarda o‘zbek tili va adabiyotiga oid kitoblarni tayyorlab, chop qilishga majbur. Davlat buni hozir qilayapti. Albatta, bu ham bizni qoniqtiradigan darajada emas. Chunki, bu yerda birinchi sinfdar to‘rtinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quv kitoblarini chop qilgan va o‘sha kitoblarni o‘zbeklar maktabiga yetkazib bergan. Davlat, o‘zbeklar sonini nazarda tutmasdan, juda kam miqdorda kitoblarni chop etgan. Taxminan o‘n bolaga bitta o‘quv kitobi to‘g‘ri kelayapti hozir. Mana bunday qiyinchiliklar bor. Ikkinchi masala, adabiyot va tilni o‘qitadigan maslakiy, malakali o‘qituvchlarning yo‘qligidir. Chunki, bu yerda oldin hech kim tayyorlanmagan o‘zbek tili muallimi qilib. Ammo, davlat tashqarisida o‘zbeklarning o‘zi nima qilayapti? Til va adabiyotning rivojlanishi uchun ular nimalar qilishayapti? Harholda, harakat va olg‘a siljishlarni odam ko‘rsa bo‘ladi. Buni ko‘rmaganga olmaslik kerak. Qandaydir kitoblar chop bo‘layapti. Lekin, Afg‘onistonda o‘zbekcha matnlar deyarli yo‘q. Mana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun ba‘zi bir ishlar bo‘layapti. Mana hozir internetga o‘zbek tili va adabiyotiga oid qator kitoblar qo‘yilayapti. Bularni olib bizning yoshlarimiz Afg‘onistonda qo‘llaniladigan arab alifbosiga o‘girib, kitob holiga keltirib, chop qilishga harakat qilishayapti. Kamida 10ta kitob hozir chopga tayyor. Ammo, shularni chop qilib, xalqqa yetkazish uchun moddiy-moliyaviy imkoniyat yo‘q. Shu jihatdan, bizning boshimiz borib, yana devorga tegmoqda. Harholda qandaydir ishlar bo‘layapti, lekin bizni qoniqtiradigan darajada emas.

Rustam, Toshkent: Afg‘onistondagi o‘zbeklar soni haqida aniq bir ma‘lumot bormi? Ular qancha bo‘lishi mumkin?

Ko‘hkan: Endi o‘sha rasmiy statistika ma‘lumotlariga qarasak, Afg‘onistonda chamasi 3 million o‘zbeklar borligi e‘tirof etilgan. Ammo, Afg‘onistonda oxirgi o‘ttiz yilda biror marta bo‘lsin aholi ro‘yxatga olinmagan. Afg‘oniston aholisi bo‘yicha yangi ma‘loumot qo‘lda yo‘q. Bu haqda Afg‘onistonda har-xil taxminlar bor. Eng ozi 3 million, lekin ba‘zi iddaolarga ko‘ra, Afg‘onistonda yashaydigan o‘zbeklar soni 5 million atrofida deyilayapti.

Sharifjon Amsterdam: Olim Ko‘hkanga savolim shunday: nega o‘zbeklar Afg‘oniston siyosatida katta kuchga ega emaslar?

Ko‘hkan: Afg‘onistonda o‘zbeklar Temuriylar hokimiyati inqirozga yuz tutgandan keyin va undan keyin eng so‘nggi Afg‘oniston shimolida turkiy sulolalar inqirozga uchraganidan keyin "Afg‘oniston" degan mamlakat tashkil etildi hozir ma‘lum chegaralari bilan. Bu yerdagi o‘zbeklar tarix davomida davom etib kelgan siyosiy iqtidorini birdaniga yo‘qotdi, qo‘ldan berdi. Ular mahkum bir millatga, xalqqa aylanib qoldi. Bu holat so‘nggi yillargacha davom etdi. Bizni ham siyosiy iqtidorga sherik qilmas edilar, ham madaniy-iqtisodiy ahvolimiz yaxshi emas edi. Bu xalq mustabid tizimlar tazyiqlari ostida hayot kechirdi bu xalq. Keyingi demokratik tizim davrida ancha-muncha shart-sharoitlar muhayyo etildi. Bundan oldingi ichki nizolar yillarida, kommunistik hokimiyat qulatilganidan keyin ham Afg‘oniston shimolida , bilasiz, o‘zbeklar general Abdurrashid Do‘stimning harakati rahbarligida bir muddat iqtidorda bo‘ldi. Bu harakat katta kuch va imkoniyatga ega edi. Ammo, biz oldindan qandaydir bir siyosiy zarfiyatga ega bo‘lmaganimiz uchun mana shu zaminadan, mana shu imkoniyatdan foydalana olmadik.

Adolat: Sizningcha, Afg‘onistonlik siyosiy sahnada katta kuchga aylana olishadimi?

Ko‘hkan: Katta kuchga aylanishiga shak-shubha qilmaslik kerak. Katta kuchga aylanadi va bunga qandaydir zamina va imkoniyat bor. Faqat bizga yetmaydigan tomoni nima? Biz hozir siyosiy jihatdan bunday kuchga aylanish qobiliyatiga ega emasmiz. Bizning yoshlarimiz endi-endi siyosiy sahnada faollashmoqda. Bilasiz, Afg‘onistondagi o‘zbeklarning aksariyati hozir ham o‘qimishli emaslar. Xat-qalami yo‘q. Savodi bo‘lmagan odamning siyosat yuritishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bizning yangi nasl, yangi avlod hozir siyosiy sahnaga kelmoqda. Kelajak o‘n yil belgilaydi. O‘n yillardan keyin ahvol yana o‘zgaradi. Yoshlarimizning siyosiy mafkuralari, siyosiy ko‘zqarashlari o‘zgarmoqda. Bu yoshlar kelgusida katta kuchga aylanib, Afg‘oniston siyosatiga sherik bo‘lish va Afg‘oniston katta kuchga aylanish imkoniga ega bo‘ladi deb o‘ylayman.

Muzaffar Yaxshiboyev, Termiz: Assalomu alaykum Muhammad Olim aka! Amerika armiyasi Afg‘onistondan 2014 yilda chiqib ketadi. Undan keyin nima bo‘ladi sizningcha?

Ko‘hkan: Endi Amerika kuchlari 2014 yilda Afg‘onistondan butunlay chiqib ketishiga men ishonmayman. Nimaga deganda Afg‘oniston va Amerika hozir mushtarak manfaatlarga ega. Afg‘onistonning kelajagini, bo‘lg‘usi 10-20 yilini Amerikaning himoyasisiz tasavvur qilish mumkin emas. Amerika bu yerga 2001 yildan buyon katta kuch, katta mablag‘ sarfladi. Bu yerda Amerika insonlarining qoni to‘kildi, askarlari o‘ldi. Amerika Afg‘onistonni shundayligicha tashlab ketishi mumkin emas. Albatta, Amerika kuchlarining katta qismi 2014 yilda olib chiqiladi. Bir qarashda, bu o‘ta tashvishlanarli holat bo‘ladi. Chunki, Afg‘onistondagi hokimiyat muqtadir bir kuchga ega emas. Afg‘onistondagi milliy armiya, qurolli kuchlari soni sekin-sekin oshmoqda. Bu yerda ancha muncha qiyinchiliklar bor. Afg‘oniston iqtisodiy jihatdan haliyam oyoqqa turib olgani yo‘q. Amerikaning ko‘magisiz Afg‘oniston kelajagini tasavvur qilish mumkin emas. Afg‘oniston armiyasini boqish va uni ushlab turish uchun har yil 10 milliard dollar kerak. Ammo Afg‘onistonning yillik yalpi daromadi 2 milliard dollar. Agar Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonni butunlay tashlab ketsa, mamlakat yana 2001 yildan oldingi holatiga qaytadi. Ichki nizolar boshlanadi. Vaziyatga Afg‘oniston qo‘shnilari – Eron, Pokiston, Hindiston va balki Rossiya aralashadi. Afg‘onistonda yana ahvol yomonlashadi. Ammo bunga Amerika va NATO davlatlari yo‘l qo‘ymaydi degan umiddaman.

Odil, Farg‘ona: Agar NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketsa, mamlakatda Tolibonga qarshi tura oladigan kuch bormi?

Ko‘hkkan: Tabiiyki, bor. Chunki, xabaringiz bor, Tolibon Pokiston va arab davlatlari yordami bilan Afg‘onistonda bir necha yil jang qildi, mamlakatning aksar viloyatlarini bosib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, Afg‘onistonni butunlay bosib olib, o‘zining mutlaq hokimiyatini o‘rnata olmadi. Chunki bu yerda bir narsani esdan chiqarmasligimiz kerak: Tolibon negizi Afg‘onistondagi pashtun qabilalari tashkil etuvchi bir harakat. Bu fundamentalist kuch al-Qoida va ba‘zi arab davlatlari hamda Pokiston dastagi bilan o‘rtaga kelgan. Bu kuch 2001 yilda sindirildi, tor-mor qilindi. Tolibon avvalgi kuchiga qaytadi, avvalgi qudratiga ega bo‘ladi, deyishning o‘zi xato bir narsa. Tolibonda oldingi shart-sharoitlьar yo‘q. Ikkinchidan, Afg‘oniston, bilasiz, turli millat va elatlar vatani. Bu yerda hazoralar, tojiklar, turkmanlar, o‘zbeklar va yana ko‘plab millatlar yashaydi. Men zikr etgan millatlar oldindan Tolibonga qarshi urush qilib keladi. Agar xalqaro kuchlar Afg‘onistonni tark etgudek bo‘lsa va Toliblar yana iqtidorga intilsa, bu millatlar unga qarshi yana birlashib, jang qiladilar deb o‘ylayman.

To‘lqin, Toshkent: Afg‘onistonlik o‘zbeklar orasida Toliblarni qo‘llovchilar bormi?

Ko‘hkan: Afg‘onistonda Toliblarni qo‘llab-quvvatlaydigan o‘zbeklar bor deyish xato bo‘ladi. Afg‘onistonning o‘zbek jamoasi orasida Tolibonning o‘sishi uchun hech qanday ijtimoiy sharoit yo‘q. Sababi Tolibon hokimiyati davrida o‘zbeklar qatliom qilindi, o‘zbeklar xo‘rlandi, o‘zbeklar azob chekdi, o‘zbeklar ishkancha qilindi. Bu narsalar o‘zbeklar esidan chiqqani yo‘q.