O‘zbekiston paxtasi Bangladesh uchun qanchalik muhim?

Bangladesh hukumati O‘zbekistondan xar yili 200 ming tonnadan paxta sotib olish xaqidagi bitimni imzolash arafasida turganini bildirgan.

Uzoq muddatga mo‘ljallangan ushbu bitimga muvofiq, Bangladesh tekstil sanoatida paxtaga bo‘lgan ehtiyojining 35 foizini O‘zbekiston paxtasi evaziga ta‘minlashi zarur.

Paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi yirik mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston bolalar mehnatidan foydalanayotgani uchun xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi.

Ammo bu tanqidlarning Bangladesh uchun ahamiyati bormi? Suhbatdoshim BBC Bangladesh xizmati muhararriri Sobir Mustafo.

Sobir Mustafo: Bangladesh o‘zbek paxtasining eski xaridori hisoblanadi. Chunki mamlakatning paxtaga bo‘lgan ehtiyoji nihoyatda katta. Bangladeshda yirik to‘kimachilik sanoati bo‘lsa ham, paxta yetishtirilmaydi. Bugungi kunda Bangladeshga boshqa mamlakatlardan paxta sotib olish oson bo‘layotgani yo‘k. Zero Bangladeshga ulkan miqdorda paxta yetkazib turgan Hindiston, ichki extiyoji o‘sib borayotgani uchun paxta eksportiga cheklov ko‘ygan. Shuning uchun Bangladesh kafolatli import yullarini izlayotgandi. O‘zbekiston ana shunday mamlakatlardan biri bo‘lib chiqdi.

BBC: Bangladesh shuning uchun xam o‘zbek paxtasini sotib olmaslik xaqidagi ba‘zi xalqaro ulgurji shirkatlar chaqiriqlariga parvo qilmayaptimi?

Sobir Mustafo: Yo‘q, bu Bangladesh uchun qisman siyosiy qadam. Chunki Bangladesh Markaziy Osiyodagi davlatlar bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatishni istaydi. O‘zbekistondan paxta sotib olish bitimi o‘sha siyosiy aloqalarni mustahkamlashning bir yo‘li, xolos. Shuning uchun xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonni bolalar mehnatidan foydalangani uchun tanqid qilayotgan esada, Bangladesh bunga e‘tibor qaratayotgani yo‘q.

BBC: Bangladesh tekstil sanoatida xam bolalar mehnatidan keng foydalanishadimi?

Sobir Mustafo: Bangladesh tekstil sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish muammosi 1980 yillarda dolzarb edi. Ammo, 90 yillarda to‘kimachilik sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish deyarli to‘xtadi. Ammo boshqa sanoatlarda, xususan qishloq xo‘jaligida, bolalar mehnatidan nihoyatda ko‘p foydalaniladi. Bolalar hattoki kattalar uchun xatarli bo‘lgan sohalarda ishlashadi. Bolalarni mehnatini to‘xtatishga qaratilgan tartiblar deyarli yo‘q.

BBC: O‘zbekiston hukumati paxta ishlab chiqaruvchi davlatlarni bolalar mehnatidan o‘zbek paxtasining sotilishga qarshilik qilishga bahona sifatida foydalayotganlikda ayblaydi. Bangladeshda xam o‘xshash fikrlar bormi?

Sobir Mustafo: Bunday fikrga qo‘shiladigan odamlar Bangladeshda xam bor. Ularga ko‘ra, Bangladeshdan qancha ko‘p mahsulot borsa, G‘arb davlatlarida mahsulot ishlab chiqarish shuncha kamayadi. Bu esa g‘arb davlatlaridagi kasaba ittifoqlari manfaatiga xizmat qilmaydi. Bunday qarashda bo‘lgan Bangladeshliklarga ko‘ra, rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan davlatlarga o‘xshash usullarda bosim o‘tkazishni to‘xtatishlari lozim.