Futbol: O‘zbekiston Turkiya o‘yini nega qoldirildi?

Image caption O‘yinning siyosiy sabablar tufayli qoldirilgan, degan ehtimoli rad etilgan

Turkiya futbol federatsiyasi Milliy jamoalar markazidan BBCga ma‘lum bo‘lishicha, 14 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan o‘yin bekor qilingan.

Mas‘ul o‘yinning nima sababdan qoldirilgani borasida biror izoh bermadi. Oldinroq O‘zbekiston futbol federatsiyasi internet nashrlarida o‘yinning qoldirilgani borasidagi xabarni rad etib chiqqan edi.

"O‘yin bo‘lmaydi. Sababini bilmaymiz. O‘zbekiston futbol federatsiyasining emas, balki bizning aytganimiz to‘g‘ri", - dedi Turkiya Futbol Federatsiyasi Milliy jamolar markazidan ismini oshkor qilishni istamagan mas‘ul.

Turkiya Futbol Federatsiya xodimi o‘yin issiq havo tufayli bekor qilingan bo‘lishi mumkinmi degan savolga, "Bo‘lishi mumkin", deya javob berdi.

Ammo asl sabab nima ekanligi to‘g‘risida biror xabarga ega emasligini bildirdi. Federatsiya rahbariyatidan shunday qaror qabul qilingan. U o‘yinning siyosiy sabablar tufayli qoldirilgan, degan ehtimolni rad etdi.

14 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Turkiya o‘yinining qoldirilgani to‘g‘risida sal oldinroq olam.uz informatsion portali xabar qilgan edi.

Internet nashri Turkiyadagi manbalariga tayanib, Turkiya Futbol federatsiyasi uchrashuvning issiq havo sabab bekor qilishni so‘rab murojaat qilganini ma‘lum qilgan.

"Gap o‘yinni boshqa kunga qoldirish haqida ketmayapti. Chunki Turkiya sentyabr oyidan boshlab Jahon chempionati saralash bahslarida qatnashadi", - deyiladi xabarda.

Biroq ushbu xabarni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi tvitterdagi mikroblogi orqali rad etdi.

"O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘yinning o‘tkazilmasligi haqida tarqalgan mish-mishlar asossiz. Bu haqda TJM direktori Asqar Tolibjonov aytdi. TJM direktori Asqar Tolibjonovga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha reja asosida ish ketayapti", - deyiladi rasmiy xabarda.

O‘FF rasmiy tvitteridagi xabarga ko‘ra, O‘zbekiston - Turkiya o‘rtoqlik uchrashuviga akkreditatsiya davom etayapti, chiptalar chop etilayapti va o‘yin dasturi tayyorlanayapti.

BBC Terma Jamoalar Markazi direktori Asqar Tolibjonov bilan bog‘lanishning uddasidan chiqa olmadi.

Markazdagi xodimlar uning ish bilan chiqib ketganini va o‘rtoqliq uchrashuvi borasida faqatgina Tolibjonov izoh bera olishi mumkinligini aytdi.

Futbol agenti San‘at Sharipov ham tvitter orqali o‘yinning qoldirilganiga sha‘ma qilgan.

"Turkiyadagi hamkasblarim 14-nchidagi o‘yin bekor qilinganiga sha‘ma qilayapti. Uning sababini yaqin soat ichida o‘rganib xabar berishadi", - deb yozadi San‘at Sharipov.

O‘zbekiston Turkiya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi 14 avgust kuni soat 19:00 da Toshkentdagi markaziy "Paxtakor" stadionida o‘tkazilishi kerak edi.

O‘yin Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishdan mahrum qolgan O‘zbekiston uchun pley off o‘yinlari uchun jiddiy tayyorgarlik vazifasini o‘tashi kutilgan edi.

O‘zbekiston terma jamoasi bungacha Turkiyaning yoshlar termasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan. Milliy Terma jamoalar shu kungacha biror marta futbol maydonida yuzma-yuz kelmagan.