UzWebiston: Muxbir muxolifatchi ham emas, O‘zbekiston hukumatidagilar bilan aloqasi ham yo‘q

O‘zbekiston hukumatini o‘z sahifalarida tez-tez tanqid nishoniga oladigan Toshkentda joylashgan taniqli Uzmetronom.com web-saytining muharriri o‘zini hech qachon muxolif jurnalist deb bilmagani, shu bilan birga Milliy xavfsizlik idorasi bilan ham hamkorlik qilmasligini bildirdi.

"Men o‘zimga hech qachon muxolif jurnalist deb qaramaganman. Men shunchaki boshqa rasmiy ommaviy axborot vositalari bermaydigan xabarlarni yetkazganman", degan Sergey Yejkov Markaziy Osiyo davlatlari voqealarini yorituvchi Fergana.ru saytiga bergan intervyusida.

2 avgustda chop etilgan intervyu Uzmetronom.comning Qirg‘iziston bilan chegarada ro‘y bergan hodisa to‘g‘risidagi xabari mazmuniga respublika prokuraturasi ogohlantirishidan keyin biroz tanaffus qilingach, bo‘lib o‘tgan.

25 iyulda Sergey Yejkov bu tanaffus qancha davom etishini bilmasligi va balki web-saytni boshqarish O‘zbekiston tashqarisidagi jurnalistlarga berilishi mumkinligini ham aytgandi.

Biroq bundan uch kun o‘tib, Uzmetronom.com "o‘quvchilarning ishonchlari bitilgan o‘nlab xatlar unga yana ilhom bag‘ishlab ishga qaytgani"ni ma‘lum qilgan.

Qochish maqsadi yo‘q

O‘zining jurnalistik faoliyati haqida gapirarkan, janob Yejkov, bu o‘zi uchun "ko‘ngilochar" va "shaxsiy ambitsiyalarini namoyon etish imkoniyati" bo‘lganini, shuningdek, sayt orqali odamlarga yordam berishni yaxshi ko‘rishini aytadi. "Hukumat mening maqolalarimga e‘tibor qaratishi va muammolarni hal qilishi juda yaxshi", deydi u va qo‘shimcha qiladi: "ba‘zida odamlar bizning maqolalarimizni niqob sifatida ishlatib, siyosiy qochqinlik maqomini olish uchun bizning maqolalarimizdan foydalanganlari ham to‘g‘ri".

Muxbirning sayt o‘quvchilari tomonidan ko‘tarilgan muammolarni yechish uchun "Milliy Xavfsizlik xizmatidagi tanishlariga qanchalik tayanishi"haqidagi savoliga janob Yejkov hukumatdagilar bilan umuman aloqasi yo‘qligini ta‘kidlagan.

"Men he qachon bir o‘zim bo‘lmaganman. Shuningdek, men ma‘lum masofa saqlanishi jurnalistga o‘zining mustaqilligi va erkinligini saqlab qoladi, degan fikrda sobitman va bu bizning ishimizda juda ham muhim", degan u.

Undan mahalliy hokimiyat bilan kelishmovchilik O‘zbekistondan chiqib ketishiga sabab bo‘lishi mumkinmi, deb so‘ralganda, jurnalist "har qanday holatda"ham mamlakatni tark etmasligini aytgan. "Bu juda siyqasi chiqqandek bo‘lishi mumkin, lekin men o‘z mamlakatimni yaxshi ko‘raman. Mamlakat va hukumat o‘rtasida tenglik belgisini qo‘ymaslik kerak", deb urg‘ulagan u.

Yashil yoki qizil chiroq yo‘q

Uzmetronom.com ning qaytadan ish boshlashi haqida Fergana.ru "bu shaxsiy fikrmidi yoki yuqoridan "yashil chiroq" berildimi, deb so‘ragan.

"Hech kim yashil yoki qizil chiroq bergani yo‘q", deb aytgan Yejkov. "Biz va men ishni qaytadan boshlashni xohladik xolos".

Uning so‘zlariga ko‘ra, sayt ishini to‘xtatganida, o‘quvchilardan ko‘plab xatlar olgan va telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lgan. Ular "unga hamdard bo‘lib, o‘zi atrofidagi voqealar bilan qiziqishgan".

Gulnora Karimova

Fergana.ru Uzmetronom.comda bosilgan tanqidiy maqola haqida ba‘zi internet foydalanuvchilar Yejkov shu tarzda ongli ravishda davlatning birinchi shaxslari, xususan Gulnora Karimovaga taluqli xabarlardan o‘zini tortdi, degan fikrlarni yozishganini keltiradi. "Hech kim hech kimning oldida qulluq qilayotgani yo‘q".

"Bundan oldin avvalo dalillarni ko‘rsating. U yerda prezident to‘ng‘ich qizining korruptsion jinoyatlarga aloqadorligini tasdiqlaydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalil yo‘q, faqat ikkinchi darajali: kim bilandir shaxsan tanish bo‘lgani va ishga doir aloqalar", deydi Yejkov Karimova xonimning korruptsiyaga aloqadorligi borasidagi xorijiy tekshiruvlar haqidagi xabarlarga ishora qilarkan.

Shundan keyin u prezident qizini O‘zbekistondagi faoliyati uchun maqtaydi. "Men uchun Gulnora Karimovaning faoliyati uning insoniy qadriyatlarni, xislatlarni namoyon etish harakati va jamiyatimizning rivojiga qo‘shayotgan hissadir, bunda u ko‘p yoshlarni dogmatiklikdan xalos qiladi", deb ta‘kidlaydi Yejkov.

Undan "Karimova xonim bilan "yaxshi tanish"ligi haqida so‘ralganda, Yejkov buni inkor qiladi. "Balki u meni yuzimni tanishi mumkin va bundan ortiq emas. Ha, men matbuot anjumanida unga savol berdim, shundan boshqa narsa emas", degan u.

Uzmetronom.com saytining kelajagi haqida so‘ralganda, janob Yejkov O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizidan iqtibos keltirishni ma‘qul ko‘radi. "Bu yerda hech qanday ma‘lumotlar yo‘q. Gulnora Karimova aytishni yaxshi ko‘radiganidek "Agar sen Xudoni kuldirmoqchi bo‘lsang, bir daqiqadan keyin unga nima qilishingni ayt", deydi Yejkov.

Internet foydalanuvchilar sayt haqida turli fikrda

Internet foydalanuvchilar Uzmetronom.com va Sergey Yejkovning jurnalistik faoliyati haqida turli fikrlar bildirishgan.

Bir qancha o‘quvchilar sayt O‘zbekistondagi voqealar to‘g‘risida "haqqoniy" yozishini olqishlashgan.

"Bugun Uzmetronom O‘zbekistondagi voqealarni ma‘lum darajada to‘g‘ri yoritadigan yagona sayt hisoblanadi. Men sayt muharririning to‘g‘riligi va barcha narsani o‘z holicha ko‘rsatishga urinishi uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman", deb yozadi Alex86".

Boshqa foydalanuvchi ham bu jihatni ta‘kidlasada, uning professionalligini shubha ostiga oladi. "Umuman olganda Yejkovning sayti hozirgi O‘zbekiston uchun qandaydir muhim. Lekin saytni professional internet gazeta deb aytish qiyin", deb fikr qoldiradi Padre de Su Patria".

Ba‘zi foydalanuvchilar web saytning kimgadir tobemasligidan shubhalanadi.

"Lara" degan o‘quvchining fikri ham boshqacharoq."Nima uchun Yejkov o‘z o‘quvchilarini bilishni istamaydi? U yerda hech qachon izoh qoldirishning iloji yo‘q. Bu ehtiyotkorlikmi yoki o‘quvchilarning fikrlarini yoki umuman xalqning fikrini bilishni xohlamaslikmi?", deb so‘raydi foydalanuvchi.