Muhojirlar jamlog‘i ichidan reportaj

Moskvadagi noqonuniy muhojirlar ushlab turilgan jamloqdagi sharoit va vaziyat borasidagi shikoyatlar ortib bormoqda.

IIV matbuot xizmati esa "bu yer avvalgi yashagan joylaridan anchagina yaxshi"ligini ta‘kidlamoqda.

Kecha osiyolik muhojirlar saqlanayotgan "2-chi Irtyshskiy proyezd 8" da bo‘lib, mavjud vaziyatni o‘rgandik.

50 m.kv. da 40 kishi

Muhojirlar jamlog‘ining tashkil etilishi haqida esa har xil mulohazalar mavjud. Kimdir buni saylovoldi harakatlari bilan izohlasa, kimdir "Matveyevsk" bozoridagi politsiya hodimining kaltaklanishi bilan bog‘liq deydi. Noqonuniy muhojirlari davlat siyosatchilari, xukumat vakillari va qonun himoyachilari uchun o‘z ishlarini ko‘rsatish borasida juda foydali ekanligini ta‘kidlayotganlar ham oz emas.

Nima bo‘lganda ham, yana mehnat muhojirlarining jabri ortdi. 2 avgust kuni Golyanovo rayonida tashkil etilgan maxsus jamloqda 600 dan ziyod muhojirlar sud hukmini kutishmoqda. Ular Vetnam, Misr, Marokash, Suriya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolaridir.

Kontslagerni eslatuvchi bu binoga kirish-chiqish, ichkaridagilarga narsalar (oziq-ovqat yoki kiyim-kechak, zarurat buyumlarini) berish, yaqinlari bilan ko‘rishish ta‘qiqlangan. Ilgari meva-chevalar ombori bo‘lgan bu maydonda 200 ta chodir, 100 ta hojatxona o‘rnatilgan. Dala sharoitiga monand lagerda oshxona, yuz-qo‘l yuvish joyi, ahlat idishlari bor. Bularning barchasi juda tezkor ravishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkillashtirildi.

Qator tizilgan 50 kv.m hajmli chodirlarning har birida 40 kishidan yashamoqda. Avvaliga erkaklar va ayollar joyi aralash edi, ammo muhojirlarning noroziliklari tufayli chodirlar ayollar va erkaklar bo‘limlariga ajratildi. Er–xotinlar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, joylarida qoldirildi.

Homiladorlar borligi rost

Ilk kunlarda chodirlarda yosh bolalar ham bo‘lgan. Vetnamlik bir bolakayning sog‘ligi yomonlashgani uchun kasalxonaga yotqizilgan. Shundan so‘ng qolgan yosh bolalar onalari bilan birga "Kanatchikovo" chet elliklarni ushlab turish markaziga olib ketildi. IIV matbuot xizmati yoshiga to‘lmagan bola lagerga joylashtirilmasdan avval kasal bo‘lganligi bilan izohladi.

Matbuot markazi rad etayotganiga qaramay, jurnalistlar talabiga ko‘ra shifokor lagerda 20 ga yaqin homilador ayol borligini ma‘lum qildi. Ularning biri o‘zbek.

Issiq suv, yuvinishga sharoit yo‘q. Berayotgan ovqatlariga qorin to‘ymaydi. Homiladorligim ham hisobga olinmayapti, – deydi o‘zini Sevinch deb tanishtirgan ayol. – Chodirni ichi issiq va dim, toza havo yo‘qligidan bosh aylanadi. Diqqatchilikka asablarimiz ham chidamayapti.

Tutqunlarga ikki mahal ovqat, non va choy berilmoqda. Ovqatlanish tartibidan ko‘pchilik norozi.

"Ko‘pchiligimiz musulmonmiz, cho‘chqa go‘shti yemaymiz, – dedi afg‘onistonlik muhojir Ashrafi. – Ovqat ichidagi go‘shtchani nimadanligini bilib bo‘lmaydi. Ro‘za tutayotganlar juda qiynalishayapti"

Chodirlardagi vetnamliklarning noroziliklari tufayli muhojirlarning ovqatlanishiga o‘zgartirish kiritildi. Grechkali bo‘tqa o‘rniga guruchli taom beriladigan bo‘ldi.

Aynan shu masala yuzasidan jamloq rahbariyati 5 avgust kuni soat 15 da noqonuniy muhojirlar makoniga OAV xodimlarini yig‘di. Ma‘lum qilinishicha, "Ofitsery Rossii" va "GULAGu net" jamoa tashkilotlari faollari tomonidan migrantlar uchun 2 tonna guruch va 50 ta ventilyator, ko‘rpa jildlari, yuvinish vositalari va kantselyariya buyumlari beminnat yordam tariqasida keltirildi. Ammo chodirlar elektr energiyasi bilan to‘liq ta‘minlanmagani uchun hali ventilyatorlardan foydalanishning imkoni yo‘q.

Quvurdan uzatilgan non

Image copyright bbc

Belgilangan vaqtdan oldinroq borib, ayrim voqealarning guvohi bo‘ldik. Chodirlar jamlog‘ining temir darvozasi oldida, bino atrofida tutqunlarning qarindoshlari yurishibdi.

– Erimning o‘pkasi kasal, kechalari salqin, zaxda yotibdi. Hech bo‘lmasa, qalin paypog‘ini berib qo‘yinglar, desam qo‘yishmayapti. – deydi tojikistonlik Ra‘no Sharipova – 3 kundan beri yeguliklar, qalin kiyim u yoqda tursin, tish cho‘tkasini ham bera olmayapman. Tuynukdan ko‘rdim, soqoli o‘sib ketgan. Qamoqxonada ham jinoyatchi bilan ko‘rishishga ruxsat berishadi, erim jinoyatchi emas-ku.

Sharipovaning aytishicha, eri Nusratillo bilan 17 yildan beri Moskvada ishlashadi. Nusratulloni "Izmaylovo" FOK da ushlashgan. Uning hujjatlarini ish beruvchilari taxtlab berishgan.

Mehnat muhojirlarini noqonuniy hujjatlar bilan ishga yollagan ish beruvchilarga nisbatan esa deyarli hech qanday chora–tadbirlar ko‘rilmayapti. Ular soxta hujjatlar bilan ishga qabul qilishmasa, muhojirlarning bunday qiyin vaziyatlarga tushib qolishlari ehtimoli ancha kamayadi.

Lager binosining 3 metrlik beton devori ostida suv quvuri bor. Muhojirlarning yaqinlari yeguliklarni shu quvur orqali uzatish yo‘lini topishdi.

– Lekin bergan narsalarimizni politsiyachilar olib, yeb qo‘yishayapti ekan, – dedi vetnamlik Chou. – Hozir ham nonu go‘sht olib kelib berdim, bekitishni uddalay olsa yeyishadi, bo‘lmasa yo‘q.

Qiynoqlar bo‘layapti

Image copyright bbc

O‘zbek va tojiklar ham politsiya bo‘limlarida va jamloq ichida vaziyat birmuncha murakkabligi haqida aytishmoqda.

– Pul talab qilib kaltaklashayapti, – dedi tojikistonlik mehnat muhojiri va ko‘ylagini ko‘tarib o‘ng biqinidagi ko‘kargan kaltak izlarni ko‘rsatdi. – Puli borlar berayapti, yo‘qlarni do‘pposlashayapti. Hamma narsalarimizni olib qo‘yishdi.

Ozarbayjonlik Jamil esa lagerga keltirilgunga qadar politsiya mahkamasida azob chekishganini gapirib berdi:

"Ikki kun na ovqat, na suv berishdi. Qo‘lga olishganida hamma narsalarimizni tortib olishgan: pul, telefon, kompyuterim bor edi. Lagerdan chiqayotganda kiyimlarimni so‘rasam, berishdi, yirtib tashlangan. Hech vaqosiz qoldim. Hammamizni birdaniga ushlab olib kelishdi. Xujjatlarim joyidaligi uchun sud qaroriga ko‘ra, ozod qilindim".

O‘zbekistonlik Vahob ismli mehnat muhojiri esa politsiya mahkamasidan qochgan.

– Qiynab yuborishdi, oxiri 3–qavatdan sakradim. Bir oyog‘im singan, shifokorga ko‘rinay desam, yana ushlab olishadi deb qo‘rqaman. Yaxshisi, yo‘lkiraga pul ishlab uyga ketaman, – dedi telefon orqali suhbatda.

Misrlik Odilning ahvoli ham juda ayanchli. Keksa kishi 1 xaftalik sarsonchilik tufayli ko‘rinishidan daydiga o‘xshab qolgan. Bir chaqasiz va chorasiz qolgan arab muhojiri tushkunlikka tushib qolgan.

Aksar muhojirlar pasporti yo‘qligi uchun bu yerda uzoq muddat qolishi mumkin. Aslida esa ularning pasportlari bo‘lgan, qo‘lga olish chog‘ida politsiya mahkamasida yo‘qolgan.

Chodir atrofida narsalarini olib ketish uchun yig‘ilib turgan muhojirlarga ularning shaxsiy buyumlari faqat elchixona orqali olishlari mumkinligi aytilmoqda.

"Dam olish uyi emas"

Muhojirlar mamlakat qonunlariga hilof ravishda ishlaganlikda ayblanib, sud hukmini kutishmoqda. Ammo "muhojirlarni lagerda ushlab turishning o‘zi qonunga zid", deyishmoqda ekspert va qonun himoyachilari. Bu borada huquq faollarining fikrlari turlicha.

"Inson huquqlari" komiteti raisi Andrey Babushkin chodirdagi sharoit qoniqarli darajadaligini aytdi.

"Muhojirlarga berilayotgan grechkali bo‘tqani yeb ko‘rdim, juda mazali. Shunchaki ular bu taomga o‘rganishmagan", dedi Babushkin. Shu bilan birga "Taburetka yo‘qligiga o‘xshash ozroq muammolar bor"ligini qistirib qo‘ydi.

Migratsiya va Huquq markazi rahbari Svetlana Gannushkina esa matbuotga bunday lagerlarda insonlarni vaqtinchalik saqlash uchun yuridik maqom yo‘qligini ma‘lum qildi. Rossiyada inson huquqlari bo‘yicha vakil Vladimir Lukin ham mehnat muhojirlarning yashash sharoitidan qoniqmagan.

Mosgorduma deputati Aleksandr Semennikov esa o‘z e‘tirozlarini quyidagicha bildirdi: "Bu yer qulay bo‘lmasligi mumkin, chunki bu pionerlar lageri yoki dam olish uyi emas. Harholda, muhojirlarni vaqtincha ushlab turish markazlariga nisbatan ancha yaxshi sharoit".

Deputatning fikricha, mehnat muhojirlari jamloqda sud qarori kuchga kirgunga qadar, ya‘ni 10 sutka muddat bo‘lishlarini mumkin. Ammo ularning o‘rniga yana qo‘lga olingan noqonuniy muhojirlar keltirilishi kutilmoqda.

Garchi lagerning ochilish kunida matbuot uchun eshiklar ochiq bo‘ladi deyilganiga qaramay, ichkariga chet ellik jurnalistlarning kiritilishi ta‘qiqlandi.

"Chodir ichida ahvol xuddi turma tartibi kabi edi, shu sababli chet ellik jurnalistlarning kirishiga yo‘l qo‘yilmadi. Muhojirlar qanday sharoitlarda yashashlarini ko‘rishlarini istashmadi, shekilli", deydi "Dojd" telekanali muxbiri Yegor Maksimov.

Millatlaro nizo havfi

Tahlilchilar aynan shu lager ortida millatlararo nizo chiqishi xavfi ko‘rinayotganini bildirishmoqda.

Vetnam elchixonasi vakillari o‘z fuqarolariga nisbatan himoya choralarini qo‘llay boshlashdi. Maslahatchi Nguyen Kuang Min huquq faollari bilan lagerdagi og‘ir sharoitlar borasida Tashqi Ishlar Vazirligiga murojaatnoma yo‘llanganini, ammo hanuzgacha javob olishmaganini bildirdi.

Qirg‘iziston elchixonasi vakili muhojirlar lagerida bo‘ldi, Afg‘oniston elchixonasi esa qo‘lga olingan birgina fuqaro uchun kelmasligini ma‘lum qildi. Ammo Tojikiston va O‘zbekiston elchixonalari hanuzgacha hech qanday munosabat bildirishgani yo‘q.

"Jamloq kuzda ham yopilmas ekan, markaziy osiyolik qo‘shnilarning e‘tirozlari yuzaga kelishi mumkin", dedi ekspert Dmitriy Aleksandrov.

Ammo muhojirlar lageri tobora kengaytirilishi rejalashtirilmoqda. Rossiyaning Migratsiya xizmati butun Rossiya bo‘ylab 83 ta muhojirlarni saqlash joylari ochilishi haqida qonun loyihasini tayyorlaganini xabar qilgan. Shuningdek, ayni paytda 21 maxsus bo‘limlar borligi, shtatlar kengaytirilib, xodimlar soni 4,5 minggacha yetkazilishini aytadi.