BBC mehmoni o‘zbekistonlik jurnalist va blogger Toshpo‘lat Rahmatullayevga savol bering

Image caption Toshpo‘lat Rahmatullayev O‘zbekistondagi dastlabki bloggerlardan sanaladi

Toshpo‘lat Rahmatullayev 1949 yilning 18 fevralida Samarqand shahrida tug‘ilgan.

O‘zidagi barcha yaxshi xislatlar asosi oiladagi muhit, otasi Rahmatullo Yorboboyev va onasi Xurramoy Sodiqova o‘gitlariga amal qilish natijasida shakllangan, deb biladi.

1966 yilda Sadriddin Ayniy nomidagi o‘rta maktabni oltin medal bilan, 1970 yil Samarqand davlat universitetining tarix fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan.

O‘n yildan ortiq Samarqand Davlat universitetida ishlaydi.

1965 yilda tuman gazetasida bosilgan Amerikaning Vetnam urushi haqidagi "Vetnamdan qo‘lingni tort" maqolasi matbuotdagi ilk chiqishi bo‘lgan.

Universitetda, so‘ngra aspiranturada o‘qib yurganida gazeta-jurnallarga tarix va arxiologiyaga bag‘ishlangan maqolalari bilan qatnashib turadi.

Qator nashrlar bilan hamkorlik qilib, o‘z chiqishlarida siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning turli jabhalarini yoritadi.

1991 yilda Samarqandda nodavlat STV televideniyesida "Tariximiz-boyligimiz" ko‘rsatuvini tayyorlagan.

Bu orada sharoit taqozosi bilan tadbirkorlik ham qiladi. Tabdirkorlik faoliyati keyinchalik jurnalistik faoliyatida qo‘l kelganini, iqtisod muammolarini chuqurroq tushunishga yordam berganini aytadi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev "Samarqand" gazetasining muharriri bo‘lgan yillar O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib "Evraziya" jamg‘armasi grantining ikki marta sohibi bo‘lgan.

Gazeta huzurida tashkil qilingan Axborot markazi jurnalistlarni birinchi bor internet tizimi bilan tanishtirishga ko‘maklashgan.

"Samarqand" gazetining "Bankovskiye vesti", "Futbolny klub", "Meditsina dlya vsex", "Karavan", bolalar uchun tojik tilida "Charog‘i donish" kabi ilovalarini chop ettirgan.

Shuningdek, ko‘plab xalqaro anjumanlarda qatnashib, AQSh, Belgiya, Germaniya, Turkiya, Rossiya va qo‘shni davlatlarning ommaviy axborot vositalari bilan tanishishga harakat qilgan.

Uning "O‘zbekiston xalqlari tarixini o‘qitishda arxeologiya materiallaridan foydalanish", "Matbuot va demokratiya", "Fikrning erkin parvozi", "Amerika jurnalist nigohida", hammualliflikda yozilgan "O‘zbekiston xalqlari tarixi"va "Lug‘ati iqtisodiyoti bozorgoni" ("Bozor iqtisodiyoti lug‘ati") kabi kitoblari bor.

Toshpo‘lat Rahmatullayev 1997 yilda O‘zbekistonda "Yilning eng yaxshi jurnalisti", 1999 yilda Samarqand viloyatida "Yilning eng yaxshi jurnalisti", shuningdek BMTning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi professional jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazgan tanlovlari g‘olibi bo‘lgan.

2004 yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining odamlar savdosini matbuotda yoritish tanlovida birinchi o‘rinni egallaydi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev internet ijtimoiy tarmoqlarida ham faol, u o‘zining rtoshpulat.blogspot.com blogini yuritadi.

U 2013 yilgi respublika jurnalistlari orasida "Oltin qalam" mukofotiga munosib topilgan.

Toshpo‘lat Rahmatullayev oilali, farzandlari bor.

Toshpo‘lat Rahmatullayevga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?