"Anji" endi mahalliy futbolchilarni yetishtirmoqchi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Rossiya futbolida burilish

Mahachqalaning "Anji" futbol jamoasi egasi Sulaymon Kerimov jamoaning byudjetini keskin qisqartirish va mahalliy futbolchilarga ishonch yuklash strategiyasini qabul qilishini aytgan.

"Talaygina qimmatga tushgan futbolchilar jamoani tark etajak, byudjet yiliga 50-70 million dollarga qadar qisqartiriladi" - deb yozgan o‘z Tvitterida "Anji" boshqaruvchilari yig‘inining raisi Konstantin Remchukov.

"Biz ommaviy ravishda futbolchilarni sotish haqida gapirayotganimiz yo‘q, klubimiz barcha kontrakt majburiyatlarini hurmat etidi" - deb muxbirimizga izohlashgan "Anji" ma‘muriyatida.

2012 yili "Anji"ning byudjeti 180 million dollarni tashkil etib faqat Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasidan (280 million) kam bo‘lgan.

Hollandiyalik Guus Xiddinkning 13 iyulda bosh murabbiy vazifasidan ozod etilishi ketidan jamoani boshqa bir hollandiyalik Rene Melensten boshqarib turgan edi. Biroq endi uning o‘rniga Gadji Gadjiyev olingan.

Ma‘lumki, "Anji" tarkibida dunyoning eng dongdor futbolchilaridan Samyuel Eto'O (22 million yevro), Lassina Traore (16 million yevro), Lassana Diarra (14 million yevro), Yuriy Jirkov (11 million yevro), avvalroq esa Roberto Karlos kabi mashhur o‘yinchilar to‘p surishgan.

Konstantin Remchukovning aytishicha, "Anji"dagi o‘zgarishlarni Sulaymon Kerimovning bu yil jamoa mavsumni muvafaqqiyatsiz boshlagani natijasida sog‘lig‘ining keskin yomonlashgani bilan izohlash mumkin.

"Anji" jamoasida o‘zbek futbolining yulduzi Odil Ahmedov ham to‘p suradi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, "Anji" jamoasi 2011 yilda Odil Ahmedov bilan to‘rt yilga shartnoma imzolagan edi.

Avvalroq yangragan xabarlarda Ovro‘poning eng old jamoalaridan bo‘lgan "Arsenal"ning Odil Ahmedov uchun 4 million yevro to‘lashga rozi ekani aytilgandi.

Xabarlarda, "Arsenal" vakillari "Anji" klubi rahbariyati o‘zbekistonlik yarim himoyachining jamoani tark etishiga to‘sqinlik qilmasligiga orqa qilishayotgani" ham qistirib o‘tilgandi.

O‘zbekistonlik nomdor futbolchi BBC O‘zbek Xizmati bilan ilgariroq yuz bergan suhbatida Londonning "Arsenal" jamoasi haqiqatan ham o‘ziga qiziqish bildirganini tasdiqladi.

"Endi, bilasizmi, futbolda shunaqa narsaki, bu masalalarda ko‘proq klub rahbariyatiga chiqiladi. Klub bilan kelishgandan keyin, futbolchining o‘zi bilan gaplashadi. Hozirgi paytda O‘zbekistondaman. Shuning uchun ham, ko‘p narsadan unchalik xabarim yo‘q. 2-3 kun ichida Rossiyaga boraman. O‘shanda hamma narsaga oydinlik kiritamiz", deydi Odil Ahmedov.

"Oldimizda turgan vazifa O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinlari bo‘lgani uchun, boshqa narsalarga e‘tibor qaratmay, bor e‘tiborni shunga qaratgandik".

Odil Ahmedov o‘zi uchun pul muhim emasligi, eng katta orzusi Ovro‘po jamoalarida o‘ynash ekanini alohida ta‘kidlaydi.

"Qaysi jamoada to‘p surishimdan qat‘inazar, baribir, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilardim. Ular sizga qiziqdimi, o‘shanga yarasha o‘ynash kerak, o‘shanga yarasha harakat qilib, buni isbotlash kerak-da".