Xitoyga O‘zbekiston nimasi bilan qiziq?

Image copyright none
Image caption Xitoyning Markaziy Osiyodagi ta‘siri o‘smoqda

O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirliklari Xitoy Prezidenti Shi Jinpingning Toshkentga davlat safarini tayyorlash bo‘yicha muzokaralarni o‘tkazganlar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni bu tayyorgarliklarni muhokama qilish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Xitoy vakillik guruhini qabul qilgan.

Muzokaralarda Xitoyning Toshkentdagi elchisi Jang Shiao ham ishtirok etgan.

Sovet Ittifoqi qulashidan so‘ng Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik asosidagi aloqalar rivojlana boshlanadi.

Xalqaro Inqiroz Guruhining yil boshida chiqargan hisobotida dastlab bu aloqalar ko‘proq iqtisodiy bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik siyosiy va xavfsizlik sohalariga qadar kengaygani aytiladi.

Xitoyga Markaziy Osiyodan asosan tabiiy boyliklar keladi. Markaziy Osiyoga esa Xitoydan sarmoyalar keladi: Xitoy yordamida gaz quvur yo‘llari va mintaqani Shinjon Muxtor Viloyati bilan bog‘lovchi transport tizimlari qurilmoqda.

Xitoyda ishlab chiqarilgan arzon mollar mintaqa bozorlarini to‘ldirgan.

Hukumatlar Pekindan mo‘maygina ko‘mak mablag‘larini olib turibdilar.

Xalqaro Inqiroz Guruhiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda Xitoy ta‘siri va mavjudligi katta sur‘atlarda o‘smoqda.

Image copyright
Image caption Madaniy jihatdan o‘zbeklarga yaqin uyg‘urlar Xitoy hukumati uchun boshog‘riqdir

Tashkilotning aytishicha, hozirda Xitoy mintaqadagi yetakchi iqtisodiy kuch bo‘lsa, bir necha yildan so‘ng AQSh va Rossiyaning ta‘siridan o‘zib ustuvor tashqi kuchga aylanadi.

Xitoyning o‘ziga kelsak, uning asosiy boshog‘rig‘i Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan 2800 km uzunlikdagi chegaraga ega Shinjondagi xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanaish.

Ko‘rinishicha, Xitoy siyosatining asosiy maqsadi Shinjon va Markaziy Osiyo o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish ortidan u yerdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikka erishishdir.

Bu esa o‘z navbatida AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi ortidan kutilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlardan qalqon sifatida xizmat qilishiga ko‘z tikilmoqda.

Lekin muammo shundaki, deyiladi ICG hisobotida, Markaziy Osiyoning ba‘zi qismlarining o‘zida xavfsizlik va barqarorlik yildan-yilga yomonlashib bormoqda.

Korruptsiya keng tarqalgan, siyosiy doiralar jinoiylashuvi ortib bormoqda, ijtimoiy xizmatlar qulamoqda, xavfsizlik zaiflashmoqda.

Xitoylik tahlilchilar Markaziy Osiyodagi hukumatlar muammolarga yechimdan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirayotganliklarini tan ola boshlaganlar.

Bu munosabatlarning yana bir muammoli tomoni bor - u ham bo‘lsa, Xitoyga nisbatan shubhalar allaqachon mavjud bo‘lgan mintaqada uning biznes sohasida tutayotgan yo‘rig‘i.

Xitoy tomonidan yuritilayotgan konlardagi abgor ahvol, korxonlarda ishchilarga bo‘lgan munosabat, xitoylik ishbilarmonlar tomonidan raqiblarni shafqatsiz ravishda va rasmiylarga pora berish orqali siqib chiqarish usullari ana shu xavotirlarga sabab bo‘layotgan omillardan.