Muhojir ota-onasidan ajratilgan bolalar qayerdaligi noma‘lum

Image copyright AFP GETTY IMAGES
Image caption Xalqaro tashkilotlar lagerning noinsoniy chora ekanini aytib qoralashmoqda

Moskvada muhojir ota-onalaridan ajratib olingan bolalarning qayerdaligi noma‘lum va ularni ajratib olgan Rossiya rasmiylari bu haqida biron ma‘lumotga ega emaslar.

Moskvada noqonuniy mehnat muhojirlarini qo‘lga olish amaliyotlari chog‘ida ular bilan birga yosh bolalar ham tutilib, 2 avgust kuni tashkil etilgan muhojirlar lageriga keltirilgan.

Vetnamlik bolakay sog‘ligi yomonlashuvi oqibatida shifoxonaga yuborilgan. "Lagerga keltirilgan boshqa yosh bolalar "Kanatchikovo"dagi voyaga yetmaganlarni saqlash markaziga joylashtirildi", deya ma‘lum qildi IIV matbuot xizmati.

Ammo, aniqlanishicha, lagerdan "Kanatchikovo"ga yuborilgan yosh bolalar ayni paytda markazda emaslar va qayerdaliklari ham noma‘lum.

"25 kishilik markazda ayni paytda 18 kishi saqlanmoqda. Ularning 8 nafari onalar va 10 nafari yosh bolalar, - deydi markaz direktori Larisa Nersesyan. - Saqlanuvchilarning aksari o‘zbek. Shuningdek, tojik va moldovanlar ham bor".

5 avgust kuni markazga 3 yoshli bolani onasi bilan birga olib kelishgan, ammo ko‘p o‘tmay u onasi bilan birga sudga olib ketilgan.

Yana 1 yoshga to‘lmagan bolakay sog‘ligi yomonlashgani sababli onasi bilan birga shifoxonaga yuborilgan.

Noqonuniy mehnat muhojirlarini qo‘lga olish chog‘ida yana kamida 3 nafar yosh bola bo‘lgan. Bolakaylarning taqdiri noma‘lum. Ular qayerga olib ketildi, qayerga joylashtirildi, hech kim javob bera olmayapti.

Cherkiz bozoridagi noqonuniy muhojirlarni qo‘lga olish chog‘ida ham ota-onalarning yonida yosh bolalar bo‘lgan. Politsiya bo‘limlarida ota-onalarini olib qolib, yosh bolalarni yolg‘iz o‘zlarini qo‘yib yuborishgan. Bu bolalarning ham holi nima kechdi, ma‘lum emas.

Bu boradagi savollarga Federal migratsiya xizmati, voyaga yetmaganlarni himoya qilish komiteti poytaxt bo‘limi, IIV poytaxt boshqarmasi hech qanday javob bera olmayaptilar.