O‘zbekiston: vazir shifokorlarni paxtadan ozod qilolmaydi

Image caption Urlayeva xonim vazir o‘zini qabul qilganidan hayratga tushgan

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri tizimdagi korruptsiya va shifokorlardan noqonuniy pul yig‘ish hollari yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga va‘da bergan, ammo tibbiyot xodimlarini paxta dalasidagi majburiy mehnatdan ozod qilolmasligini aytgan.

Bu haqda vazir Anvar Alimov seshanba kuni Mustaqil inson huquqlari himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva bilan uchrashuvda gapirgan.

Huquq himoyachilari Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida shifokorlarning noqonuniy ekspluatatsiya qilinayotganidan shikoyat qilib, sog‘liqni saqlash vazirligi oldida piket o‘tkazishni rejalashgandi.

Ammo bu safar militsiya piketchilarni haydamagan va shaxsan vazirning o‘zi Yelena Urlayevani qabul qilgan.

BBC bilan suhbatda Urlayeva xonim yuqori darajadagi uchrashuvdan hayratga tushganini aytdi.

"Men to‘g‘risi hayratlandim. Turmush o‘rtog‘im menga bormagin, seni hibsga olishadi, degan edi. Garchi biz militsiyani piketdan ogoh qilgan bo‘lsak-da, meni borishim bilan hibsga olishadi, deb kutgandim. Ammo hech qanday hibsga olishlar bo‘lgani yo‘q va bizga juda ham yaxshi muomala qilishdi. Havo issiq edi, menga xatto sovuq suv ham taklif qilishdi", - deydi huquq faoli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazir tizimdagi qonunsizliklar bilan bog‘liq ayrim faktlardan xabardor bo‘lgan.

"Men vazirning stolida shifokorlardan biri - Avloqulova Iqbolning arizasini ko‘rdim. U Toshkentdagi birinchi dispanser shifokorlari nomidan shahar sog‘liqni saqlash mulozimlarining noqonuniy pul yig‘ayotganidan shikoyat qilib, ariza bergan. Ammo Yangiyo‘ldagi holatdan bexabar ekan. O‘tgan yili yangiyo‘llik shifokorlardan paxta uchun 800 ming so‘mdan pul yig‘ib olishgan", - deydi Yelena Urlayeva.

Huquq faolining aytishicha, vazir Anvar Alimov hamda uning o‘rinbosari Asilbek Xudoyarov barcha faktlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish va chora ko‘rishga va‘da berganlar.

"Menga bugun Yangiyo‘ldan qo‘ng‘iroq qilishdi, tekshiruvlar boshlangan", - deydi Yelena Urlayeva.

"Davlat dasturi"

Ammo Urlayevaning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlarni paxta yig‘im-terimidan ozod qilishga va‘da bermagan.

"Vazir paxta, bu - davlat dasturi va agar bizga yuqoridan aytishsa, biz shifokorlarni hasharga olib chiqamiz, deb aytdi", - deydi huquq himoyachisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu yil bahorida vazirlikka qo‘ng‘iroq qilgan huquq faollariga vazirning o‘zi paxta dalasida ekanini aytishgan.

"Tasavvur qilasizmi, sog‘liqni saqlash vaziri paxta dalasida. Bu borib turgan sharmandalik!", - deydi norasmiy inson huquqlari himoyachilari alyansi rahbari.

Yelena Urlayevaning ishonishicha, seshanba kungi uchrashuv o‘zbek rasmiylarining majburiy mehnat borasida mustaqil inson huquqlari himoyachilari bilan muloqot qilish istagidan dalolat berishi mumkin.

Ammo u rasmiylarning istagidan qat‘iy nazar, qonunsizliklarga qarshi kurashishda davom etishlarini aytadi.

"Balki mustaqillik oldidan shunday qilishdi, balki hukumat korruptsiyaga qarshi kurashayotganini ko‘rsatmoqchidir. Kim bilsin. Ammo biz bundan foydalanamiz. Biz qonunsizliklarga barham berish yo‘lidagi kurashimizni davom ettiraveramiz", - deydi Urlayeva xonim.