O‘zbek amaldorlari katta maosh olishlari kerakmi?

Image caption "Amaldorlarning aksari hatto maoshlariga qaramaydilar ham"

Yarim yillik tanaffus ortidan qayta ish boshlagan Olam.uz sayti O‘zbekistondagi mahalliy rahbarlarning daromadi borasidagi fikrlarni bilish uchun o‘z sayti o‘quvchilari orasida so‘rov o‘tkazgan.

"O‘zbek mulozimlari katta maoshlar olishi kerakmi?" degan savolga internetdan foydalanuvchilar olam.uzning Facebookdagi sahifasida fikr bildirganlar.

Ba‘zi sharhlarda mulozimlarning maoshlari qanchalik yuqori yo past bo‘lishiga qaramay, ular baribir korruptsiyaga qo‘l urishlari, chunki "bu ularning qonida bor"ligi aytiladi.

So‘rov 4 avgustda boshlangan va bugungi kunda ham javoblarni yig‘ishda davom etayapti. So‘rov o‘quvchiga beshta javobdan birini tanlash imkonini beradi.

"O‘zbek mulozimlari katta maoshlar olishi kerakmi?" degan savolga "Yo‘q, baribir ularning qo‘shimcha daromadi bor" degan javob 44% (221ta klik) bilan yetakchilik qilayapti.

"Ha, bu korruptsiyani yo‘q qilishga yordam beradi" degan javob 32% ovoz (158ta klik) bilan ikkinchi o‘rinda.

"Ha, ular katta mas‘uliyatga egalar va ko‘p ishlaydilar" degan javobni 12% o‘quvchi qo‘llab-quvvatlagan.

To‘rt foiz o‘quvchilar esa "Menga farqi yo‘q" degan javobni tanlaganlar.

Facebookda sharh qoldirgan Davlat Daul Ashurov ismli o‘quvchi: "Ular o‘g‘irlik qilish va pora olishda davom etadilar, bu ularning qonida", - deb aytgan. "Hammasini ildizidan o‘zgartirish kerak va yetarli maosh to‘lash kerak!" - deydi u.

"300 ming so‘m (taxminan 150 dollar) bu katta maosh, shunday emasmi?" - deb so‘raydi Farhod Vahobov ismli o‘quvchi.

"Bu savolga javob bermayman, lekin shuni aytaman, mulozimlarning ikki qavatli uylariga bir boqing va sizga bari ayon bo‘ladi!" - deydi Vera Raupova.

"Nazariy jihatdan bu korruptsiyani yo‘q qilishga yordam berishi kerak, lekin amaliy jihatdan, mentalitetni o‘zgartirish kerak", - deydi Andrey Xon.

"O‘qituvchilarning maoshi oshirilsa, bu ularni pora olish majburiyatidan xalos qiladi. Amaldorlarga kelsak, ularni jazolaydigan samarali tizim tadbiq qilinishi kerak. Ularning aksari hatto maoshlariga qaramaydilar ham", - deydi Abdul Aziz.

"Nafaqat amaldorlar, balki ishlayotgan har bir odam katta maosh olishi kerak", - deydi Donoxon.