Prezident saylovi arafasida Tojikiston muxolifatiga bosim kuchaygan

Image copyright BBC World Service
Image caption Aksariyat tojikistonliklar prezident Rahmonni barqarorlik garovi deb tan olishadi

BBC Monitoring sharhiga ko‘ra, noyabr oyida kutilayotgan prezident saylovi oldidan qudratdagi Xalq Demokratik va muxolifatdagi Islom Uyg‘onish Partiyalari o‘rtasida keskin siyosiy kurash boshlanib ketgan.

Garchand, hozirga qadar prezidentlik saylovi qaysi kun o‘tishi va yo kimlar nomzod bo‘lishi haqida biror bir rasmiy ma‘lumot bo‘lmasa ham, aksariyat muxolifat vakillari hukumat tomonidan o‘zlariga nisbatan bosim kuchayganidan nolishmoqda.

Markaziy Osiyoda yagona diniy-siyosiy sanalgan Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikiston hukumatini o‘ziga nisbatan yomonotliq qilish kampaniyasini boshlashda ayblab chiqdi.

Davlat Teleradio qo‘mitasi bu kabi ayblovlarni rad etgani bilan Islom Uyg‘onish partiyasiga o‘z nuqtai nazarini bildirish uchun efir vaqti ajratish haqida talablarga salbiy javob berdi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 1992 yildan beri qudratda, shunga qaramay u prezidentlikka yana o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.

Qudratdagi partiyaning muddatidan avval saylovoldi targ‘iboti

Image copyright BBC World Service
Image caption Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy ham o‘z saflari kengayib borayotganini biladi

Xalq Demokratik partiyasi rahbarining hali noyabr kelmasi va saylov kuni rasman belgilanmasidan turib targ‘ibot-tashviqot ishlarini boshlab yuborganidan ko‘pchilik hayratlantirgani yo‘q.

Nomzod aftidan Emomali Rahmon bo‘ladigan...

So‘nggi paytlar uning bir necha uchrashuvlar va yig‘ilishlarda chiqishlarini kuzatuvchilarga ko‘ra, aslida saylovoldi targ‘iboti deb talqin qilsa bo‘ladi.

O‘tgan oy boshlarida u mintaqalarga safar qildi.

Davlat nazorati ostidan bo‘lgan diniy rahbarlar bilan uchrashdi.

Ana shu uchrashuvlarda ayrimlar uni "Shoh" deb atadi.

Kimdir "Xudoning elchisi" deya ta‘riflashgacha bordi.

Boshqalar muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi nomidan "Islom" so‘zini olib tashlash kerak deb taklif qildi.

Emomali Rahmon qatnashmasa ham mahalliy hukumatlar qator "norasmiy saylovoldi" targ‘ibot uchrashuv va yig‘inlarni boshlab yubordi.

Davlat TV va radio qatorida mahalliy matbuot ana shunday yig‘inlarni keng yoritmoqda.

Televizion va radiodasturlarda faqat Prezident Rahmonni olqishlagan tojikistonliklar o‘rin berilmoqda.

Uning tarafdorlari hech qachon "siyosiy hushyorlikni" yo‘qotmaslikka televizion va radiodasturlarda ahdu paymon etishmoqda.

Ayni paytda ana shunday targ‘ibot ko‘rsatuvlardan birida Islom Uyg‘onish partiyasiga keskin qarshi bo‘lgan chiqishlar kuzatilgan.

"Sizning partiyangiz Shayton partiyasidir. Islomiy partiya faqat Alloh partiyasi bo‘la oladi. Buning nomi Qur‘on", deya va‘zxonlik qilgan bir keksa kishi 28 iyul kuni efirga uzatilgan dasturda...

Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi targ‘ibot

Image copyright BBC World Service
Image caption Tojikiston o‘tgan asr oxirlarida besh yillik fuqarolik urushini boshidan kechirgan edi

Hukumatning Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi keng bir tashviqot amallarida bu partiya mamlakatda beqarorlashtiruvchi kuch o‘laroq tasvirlanmoqda.

So‘nggi paytda Islomiy partiyaning xalq orasida obro‘si ortib borayotgani kuzatilgan.

Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi Islom Uyg‘onish partiyasining vakili davlat televizion kanalidan chiqish qilib, o‘z partiyasiga qarshi gapirdi.

Bizga va mamlakatimizga bu partiyaning keragi yo‘q, deb aytgan Asror Bulbulov.

Ana shu suhbatdan keyin muxolif tomon hukumatni Bulbulovning bu "iqrornomaga" majburlashda aybladi.

Bulbulovning chiqishi bir kun o‘tib deyarli barcha matbuot nashrlarida akslandi.

Ijtimoiy tarmoqlar va forumlarda ayni suhbat qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.

Aksariyat Islom Uyg‘onish partiyasini qo‘llab-quvvatlar va Bulbulovning majburlangani haqidagi taxminlarni o‘rtaga otar edi.

Tojikiston sakkiz millionlik aholiga ega.

Shu yil noyabr oyida mamlakatda prezidentlik saylovi kechishi kerak.

Islom Uyg‘onish partiyasi mamlakatdagi ikkinchi qudratli kuch sanaladi.

Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikiston fuqarolar urushida Emomali Rahmon hukumatiga qarshi besh yil jang qilgan va 1997 yilgi Tinchlik shartnomasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda yagona rasmiy diniy-siyosiy partiya o‘laroq ro‘yxatga olinib, qudrat bo‘lishish kelishuvi bilan hukumat tarkibiga kirgan edi.

Ammo yillar o‘tishi bilan Emomali Rahmon hukumati barcha muxoliflari qatorida Islomiy Partiya vakillarini ham hukumat lavozimlaridan chetlashtira boshladi.