Toshkentlik web dizayner oziq-ovqat evaziga xizmat ko‘rsatmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekistonlik websahifalovchi o‘z e‘lonini hazilomuz tarzda bergani, lekin bu dunyoga chiqib ketganidan hayratdaligini aytadi

O‘zbekiston internet saytlarida Internet sahifalarini yaratib beruvchi web dizayner e‘lon berib, oziq-ovqat evaziga xizmat ko‘rsatishini bildirgan.

Aniqrog‘i, tovuq go‘shti bilan haq to‘lashingiz mumkin, deya ilova qilgan u. Bu e‘lonni 24 yoshli toshkentlik Marat Axmedshin bergan.

BBC u bilan telefon orqali bog‘lanib, nima uchun o‘z xizmati uchun oziq-ovqat, xususan aynan tovuq go‘shti so‘rayotganligi bilan qiziqdi.

Marat Axmedshin: Men Tomsk universitetida o‘qiganimda, server web saytlarni yaratish mening kasbim bo‘lib qolgan. Men o‘sha qobiliyatimni Toshkentga qaytib, deyarli har kuni o‘z ishimda davom ettirayapman. Mart oyidan boshlab men sport bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildim. Va bu uchun oqsillarni xaddan tashqari ko‘p tanovul qilish kerak. Eng yaxshi proteinlar, ya‘ni oqsillar jo‘ja gushtida, uning yog‘siz ko‘krak qismida bo‘ladi. Shuning uchun men bunday qarorga keldim. Ya‘ni agar men oddiy "vizitka" deb aytiladigan saytni yaratsam, mijozlar pul emas balki tovuq go‘shti bilan menga to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ya‘ni bir saytning yaratilishi 15 kilo tovuq ko‘kragiga arziydi, deb o‘ylaganman.

BBC: Buni pulga chaqadigan bo‘lsak, 5 kilo tovuq go‘shti qanchaga tushadi?

Marat Axmedshin: Demak, 15 ming so‘mni 15 kiloga ko‘paytirsak, bu deyarli yuz dollar atrofida bo‘ladi...oddiy web sahifa.

BBC: Siz web sahifani demak yuz dollarga baxolagansiz?

Marat Axmedshin: Ha. Men taxminan shunday hisob- kitob qilganman. 15 kilo mening nazarimda bir saytga arziydigan mol. Bundan kelib chiqib, men keyin e‘lon berganman. Lekin uni ko‘proq xazilomuz tarzida berganman.

BBC: Bu 15 kilo jo‘ja go‘shti qanchaga yetadi sizga?

Marat Axmedshin: Men proteinlarni, ya‘ni oqsillarni tanovul qilish rejimim bo‘yicha, har yeganda 460 gramm yeyishim kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, bu kuniga qancha sport mashqlari bajarishimga qarab. Ya‘ni kuniga yarim tovuq go‘shti ketadi va 15 kilo faqat yarim oyga yetishi mumkin

BBC: Tovuq go‘shtlari tugagach, siz yana boshqa e‘lon berib, mijozlaringizga murojaat qilasiz, shundaymi?

Marat Axmedshin: Yo‘q, ovqat uchun websayt yaratish degan g‘oya bo‘lmagan menda. Lekin meni xayratda qoldirgan narsa, qanday qilib, O‘zbekistondagi ichki internet uchun mo‘ljallangan bu xabar tashqi dunyoga chiqib ketgan? Bizda juda primitiv darajada internet rivojlangan deb o‘ylab yurardim.

BBC: Siz O‘zbekistonda tansiq deb sanalgan tovuq go‘shti evaziga web saytlarni yaratishga qaror qilgansiz, buning tagida boshqa sabablar ham bormi?

Marat Axmedshin: Yo‘q. Men bunday o‘ylamayman, tovuq mol go‘shtidan arzonroq turadi. Bundan tashqari uning tarkibiy qismlarida umuman yog‘ yo‘qligi va har yerda sotilgani sabab men uni tanovul qilaman.

BBC: Siz elon berganingizdan keyin odamlar sizga telefon qilishdimi?

Marat Axmedshin: Ha, qilishdi, uch marta. Birinchi marta mijozimga, bu yarim xazil yarim haqiqat deya tushuntirdim. Lekin u rozi bo‘ldi. Men saytni qilib bo‘lganimdan so‘ng, o‘z normamni oldim. Lekin men o‘sha mijozga faqat mana bu tumandan oling, u yerda tovuq go‘shti "svejiy" ya‘ni sifatli bo‘ladi deb aytganman. Men odatda hamisha o‘sha yerdan sotib olaman. Olib kelishganidan keyin men 15 kiloni muzxonaga tashlab qo‘ydim. Bugun esa yana bir qo‘ng‘iroq oldim, murakkabroq websayt yaratishni so‘rashganida, men ko‘proq pul ishlashga qaror qildim. Chunki ularning taklifi menga jiddiyroq tuyuldi. Shuning uchun men tovuqqa emas, pulga ishlashga qaror qildim.