Bostondagi portlashga aloqadorlikda ikki qozog‘istonlik ayblanmoqda

Image copyright AP
Image caption Qozog‘istonlik talabalar tergovga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqdalar

Massachusets federal prokurori Karmen Ortisga ko‘ra, hakamlar Qozog‘iston fuqarolari Azamat Tajayakov va Dias Qodirboyevni adolat qaror topishi yo‘liga to‘sqinlik qilish va bunga jinoiy til biriktirishda ayblagan.

20 yoshli Johar Tsarnayevning tengdoshlariga nazariy jihatdan tergov ishiga to‘sqinlik qilish aybi bilan 20 yillik qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Jazo muddati o‘tab bo‘linganidan keyin ular Qog‘ozistonga jo‘natiladi.

Ikkovlon Tsarnayev bilan Massachusets universitetida tanishishgan.

Boston portlashlaridan keyin aka-ukalarning suratlarini Federal Qidiruv Byurosi oshkor etar ekan, Tsarnayev ilk SMS nomalarini qozog‘istonlik do‘stlariga jo‘natadi.

Ana shu noma "Assalomu alaykum" deya tugallanadi va Tsarnayev do‘stlaridan yotoqxonadagi o‘z xonasiga kirib u yerdan "bor narsalarni olib chiqib ketishni" so‘raydi.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Tajayakov va Qodirboyev yotoqxonaga kelib Tsarnayevning xonasidan noutbuk, ryukzak va mushaklar uchun ishlatiladigan nimarsalarni olib ketishadi.

Prokurorlarga ko‘ra, aynan mana shu topilmadan aka-uka Tsarnayevlar o‘z portlovchi uskunalarida foydalanganlar.

15 aprelda ro‘y bergan ikki portlash oqibatida uch kishi qurbon bo‘lgan edi.

Yaralanganlar soni esa 264 nafar ekanligi aytiladi.

Tajayakov va Qodirboyevlarning himoyachilari ularning beayb ekanliklarini urg‘ulashmoqda.

Tajayakovning advokati Arkadiy Bux so‘nggi voqealarni "olabo‘ji" bilan qo‘rqitish deb ta‘riflagan.